Turkiya «olov bilan o‘ynashmoqda». AQSh Suriyada yana urush boshlashga rozilik berdimi?

Jahon 12:58 / 10.10.2019 68241

Turkiya 9 oktabr kuni Suriya shimolidagi kurdlarga qarshi quruqlikdagi harbiy kampaniya boshladi. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, «Tinchlik bulog‘i» deb nomlangan bu harbiy amaliyotdan maqsad - Turkiya chegaralari yaqinida terrorchilar uchun yo‘lak qoldirmaslik va mintaqaga tinchlik olib kelish hisoblanadi.

Turk harbiylari Suriyaning Turkiya bilan chegaradosh shimoliy qismida IShID terrorchilari va kurdlarning O‘z-o‘zini mudofaa qilish bo‘linmalari (YPG) jangchilaridan xoli, davomiyligi salkam 500 kilometr va Suriya ichkarisiga taxminan 30 kilometr kirib borgan xavfsizlik hududini barpo etib, bu hududga ayni vaqtda Turkiyada yashayotgan 2 milliondan ortiq suriyalik qochqinlarni joylashtirishni rejalashtirgan.

Turkiya Suriya shimolidagi kurdlarni o‘z milliy xavfsizligiga tahdid sifatida ko‘radi. Turkiya hukumati Suriyadagi kurdlarni o‘n yillardan buyon Turkiya hududida hukumatga qarshi kurash olib borayotgan Kurdiston ishchilar partiyasiga bo‘ysunuvchi terrorchilar sifatida biladi. Suriya kurdlari esa bu ayblovni rad etishgan.

Suriya shimolidagi kurdlar IShID bilan janglarda asirga olingan minglab sobiq jangarilar va ularning oilalari saqlanadigan lagerlarni nazorat qiladi. Turkiyaning hujumi esa bu asirlarning qochib ketishiga va yana bir jiddiy xavf paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

Odamlar chegara hududlaridan qochmoqda

Chegaradagi aholi o‘z uylarini tark etmoqda
GETTY IMAGES

8 oktabr kuni kechqurun quruqlikdagi qo‘shinlar Turkiyadan Suriya tomon yo‘lga chiqdi — ular bosqinni uch yo‘nalish bo‘ylab boshlagan; chegara hududlarda turk harbiylari va kurdlar o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz bergan.

Kurdlar turk harbiylariga jiddiy qarshilik ko‘rsatishlarini ma'lum qilgan

Mazkur amaliyotga aviatsiya, artilleriya va quruqlikdagi bo‘linmalar jalb qilingan. Yurish kurdlar nazorati ostidagi to‘rtta shahar — Ras-al-Ayn, Tell-al-Abyad, Al-Qamishli va Ayn-Issaning bombardimon qilinishi bilan boshlandi; ushbu shaharlarda istiqomat qiluvchi minglab aholi uy-joyini tashlab, qochishga majbur bo‘ldi. Huquqni himoya qilish tashkilotlari ma'lumotlariga ko‘ra, turk aviatsiyasi zarbalari oqibatida kurd ko‘ngilli jangchilaridan tashqari tinch aholi vakillari ham halok bo‘lishdi.

Turkiya aviatsiyasi Ras-al-Ayn bo‘ylab aviazarbalar berdi
GETTY IMAGES

Xalqaro qizil xoch qo‘mitasi va Xalqaro qutqaruv qo‘mitasi bu amaliyot qochqinlar uchun lagerlarda yashayotgan o‘n minglab odamlarning taqdiriga ta'sir qilishidan xavotir bildirgan. Raqqa, Dayr-az-Zor va al-Hasaki hududlaridagi lagerlarda yuz mingdan ortiq qochqin joylashtirilgan. 

Reuters xabariga ko‘ra, ayni vaqtda Ras-al-Ayn shahrini minglab kishilar tark etishni boshlagan. Suriya muxolifatiga tegishli Rojava Network manbasi ma'lum qilishicha, to‘qnashuvlar 200 ming kishi yashaydigan Al-Qamishli shahri atrofida ham bo‘lib o‘tmoqda.

Tramp: bu operatsiya - yomon g‘oya

Avvallari bu hududlarda amerikaliklarning kichik harbiy bo‘linmalari joylashgandi. Kurdlar IShIDga qarshi urush vaqtida koalitsiya kuchlari va Suriya muxolifatiga yordam ko‘rsatgandi.

Ammo turklar hujumi arafasida AQSh prezidenti Donald Tramp amerikalik harbiylarni bu hududdan olib chiqishga ko‘rsatma berdi - bu esa turklarning kurdlarga qarshi harbiy amaliyot boshlashi uchun «yashil chiroq» vazifasini o‘tadi.

«Suriya demokratik ittifoqi» (SDF) koalitsiyasiga birlashgan kurdlar bu qarorni tanqidiy qabul qilishdi va buni «orqadan zarba berish» deya baholashdi.

9 oktabr kuni esa AQSh prezidenti Donald Tramp Vashington «ushbu hujumni oqlamasligini va Turkiyaga ushbu operatsiya — yomon operatsiya ekanini tushuntirgani»ni ma'lum qildi, shuningdek, agar kurdlarning ommaviy o‘ldirilishi holatlari qayd etilsa, Anqaraga nisbatan jiddiy sanksiyalar joriy etilishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Bu vaqtda AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo ma'lum qildiki, rasmiy Vashington Anqaraga Suriya shimolida harbiy amaliyot boshlash uchun rozilik bermagan.

Shu bilan birgalikda, Pompeo AQSh prezidentining Suriya shimolidagi amerikalik harbiylarni olib chiqish bo‘yicha qarorini ma'qullagan. Amerikaliklar prezidentining bu qarori mamlakat ichkarisida ham, boshqa davlatlarda ham tanqidga uchradi.

Harbiy harakatlar teatridagi vaziyat

Suriya bilan chegara tomon harakatlanayotgan turkiya harbiylari
GETTY IMAGES

Kurd ayirmachilari AQShning IShIDga qarshi urush vaqtidagi muhim ittifoqchisi edi. Hozirda kurdlar IShID bilan janglarda asir olingan sobiq jangarilar va ularning oila a'zolari saqlanayotgan lagerlarni nazorat qilmoqda. So‘nggi xabarlarga ko‘ra, kurdlar Turkiya hujum boshlagani munosabati bilan bundan keyin IShIDga qarshi kurashmasligini ma'lum qildi. Ayni vaqtda kurdlar bundan buyon sobiq jangarilar saqlanayotgan qamoqxonalarni qo‘riqlashda davom etadimi yoki yo‘qmi, bunisi noma'lum.

Kurdlar rahbariyati umummilliy safarbarlik e'lon qilgan, qurol ko‘tarishga qodir barcha qarshilik ko‘rsatish uchun Turkiya bilan chegaralar tomon yo‘llanmoqda. Ular AQSh boshchiligidagi koalitsiyadan ularning hududini parvozlardan xoli hudud deb e'lon qilishni so‘rashmoqda.

Ayrim kuzatuvchilar kurdlarning chekinishi oqibatida mintaqada IShID yana kuch to‘plab uyg‘onishi mumkinligidan tashvish bildirishmoqda.

AQSh Qurolli kuchlari vakillari ma'lumotiga ko‘ra, hozirda ularning qo‘lida IShIDning ikki taniqli jangarisi bor. Britaniya fuqarolari bo‘lgan Al Shafi Alshayx va Aleksanda Koti «Bitlz» nomli britan yacheykasi a'zolari bo‘lib, ular 30 nafarga yaqin g‘arblik asirlarni qiynashgan va o‘ldirishgan. Yaqin vaqtlargacha ular kurdlarning qamoqxonalarida saqlangan edi.

Endilikda kurdlar bor e'tiborlarini Turkiya qo‘shinlariga qarshi kurashishga qaratsa, bunday asirlar qamoqxonadan qochib ketish imkoniyatiga ega bo‘lishlari mumkin. Bu jangarilar Suriyada qurolli harakatlarni tiklashi yoki Yevropaga yo‘l olib, terrorchilik harakatlarni sodir etish xavfi yuzaga kelgan.

Daily Mail nashri mintaqaga yana global mojaro qaytishi mumkinligidan ogohlantirib, Turkiyaning bu harakatini «olov bilan o‘ynashish»ga qiyosladi. 

«Turli mamlakatlar o‘z manfaatlarini himoya qilishga kirishishi, bularning barchasi butun mintaqani beqarorlashtirishi va olov nazoratdan chiqib ketishi mumkin. AQSh prezidenti Suriya, Turkiya va kurdlar masalasida o‘z nuqtai nazarini yana o‘zgartirdi, lekin endi urushni to‘xtatib qolish imkonsiz bo‘lib qolmoqda», deya qayd etadi nashr.

Xalqaro reaksiya

Yevropa komissiyasidagilar Turkiyani tiyilishga va amaliyotni to‘xtatishga chaqirdi.

«Men Turkiya Suriya bilan chegara hududi xavfsizligidan qayg‘urishini tushunaman. Ammo men Turkiyani va amaliyotning boshqa ishtirokchilarini tiyilishga va boshlanib ketgan amaliyotni to‘xtatishga chaqiraman. Bu harbiy harakatlar yaxshi oqibat keltirmaydi, biz turk do‘stlarimizning e'tiborini shunga qaratishimiz kerak», dedi Yevropa parlamentida chiqish qilgan Yevrokomissiya rahbari Jan-Klod-Yunker.

«Turkiya xavfsizlik hududini tashkil etib, buning uchun Yevropa Ittifoqi pul to‘lashidan umid qilmasin. Suriya inqirozini faqat siyosiy yo‘l bilan hal etish mumkin», deya qo‘shimcha qilgan Yunker.

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg esa, Turkiya o‘z chegaralari xavfsizligidan xavotirlanish uchun asoslarga ega ekanini qayd etgani holda, Anqarani mintaqadagi vaziyatni yanada beqarorlashtirmaslikka chaqirgan.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish yuzaga kelgan vaziyatdan «favqulodda xavotirda» ekanini bildirgan, Yevropa Ittifoqining diplomatik bloki rahbari Federika Mogerini esa Turkiyadan «bir tomonlama harbiy harakatlarni to‘xtatish»ni talab qilgan. Misr BMT Xavfsizlik kengashining shoshilinch yig‘ilishini o‘tkazishga chaqirgan; Reuters ma'lumotlariga ko‘ra, shunday yig‘ilish 10 oktabr kuni o‘tkazilishi mumkin. Suriya hukumati esa (Turkiya operatsiya boshlayotgani haqida Suriya rasmiylarini rasman ogohlantirgani aytilmoqda) Turkiyaning ushbu harakatlarini «agressiya» deb baholadi.

Rossiya esa hozircha operatsiya yuzasidan betaraflik saqlamoqda. 9 oktabr kuni tongda Vladimir Putin va Rajab Toyyib Erdo‘g‘an telefon orqali muloqot qilgan va unda Erdo‘g‘an rossiyalik hamkasbini operatsiya boshlanayotganidan boxabar qilgan. Kreml matbuot xizmati «Vladimir Putin turkiyalik hamkorlarni Suriya inqirozini tartibga solish bo‘yicha umumiy sa'y-harakatlarga zarar yetkazmaslik uchun vaziyatni izchil hisob-kitob qilishga chaqirgani»ni ma'lum qilgan. 

Yevropa Ittifoqidagilar Turkiya Suriya shimolida qochqinlarni qaytarib joylashtirish uchun tuzmoqchi bo‘layotgan xavfsiz hudud xalqaro standartlarga to‘g‘ri kelishiga ishonch bildirmayapti.

Belgiya, Fransiya, Germaniya, Polsha va Buyuk Britaniya Suriya shimolidagi voqealar munosabati bilan BMT Xavfsizlik kengashining navbatdan tashqari majlisini chaqirishni so‘radi.

Bu masala 12 oktabr kuni Qohirada Arab ligasi yig‘ilishida ham muhokama qilinishi kutilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: