O‘zbekistonda uch yuzga yaqin bemorda buyrak transplantatsiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi

Jamiyat 14:52 / 10.10.2019 4810

Toshkent shahrida Turkiyzabon mamlakatlar transplantologlari hamjamiyati va Turkiya transplantologlari hamjamiyatining hamkorlikdagi III kongressi ish boshladi.

Foto: SSV

Mazkur tadbirda O‘zbekiston olimlari va shifokorlar bilan bir qatorda AQSh, Kanada, Shveytsariya, Avstraliya, Buyuk Britaniya, Turkiya, Ispaniya, Iordaniya, Misr, Bangladesh, Eron, Pokiston, Kuvayt, Qatar, Ummon sultonligi, Suriya, Pokiston, Livan, Ozarboyjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va boshqa mamlakatlardan 120 nafardan ziyod sohaning yetakchi mutaxassislari ishtirok etmoqda.

Foto: SSV

Kongressda Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov, Jahon transplantologlari jamiyati prezidenti Mexmet Xaberal hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining transplantologiya bo‘yicha koordinatori Xose Nunes-Penya so‘zga chiqishdi. 

Foto: SSV

Tadbirda zamonaviy tibbiyotda transplantologiya, ya'ni inson a'zolarini ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti joriy etilishi inson salomatligiga og‘ir asorat yetkazuvchi bir qator xastaliklarni davolashda katta imkoniyatlar yaratayotgani, har yili dunyoda 136 mingdan ziyod bemorda ana shunday transplantologiya amaliyoti bajarilishi, O‘zbekistonda ham tibbiyotning bunday zamonaviy yutuqlarini joriy etishga alohida e'tibor qaratilayotgani ta'kidlandi.

Foto: SSV

«Hozirda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida yaqin qarindoshlardan bemorlarga jigar va buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti samarali amalga oshirilmoqda. Yurtimizda tibbiyot muassasalarida so‘nggi ikki yilda birgina buyrak transplantologiyasi amaliyoti uch yuzga yaqin bemorda muvaffaqiyatli o‘tkazildi. 

Foto: SSV

Prezidentimiz tashabbusi bilan transplantologiya sohasini yanada rivojlantirishga oid chora-tadbirlar tobora takomillashmoqda. Xususan, Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining tashkil etilgani bu borada muhim qadam bo‘ldi. Ayni paytda ushbu yangi tibbiy-ilmiy markazda ham bunday yangi texnologiyalarni joriy etishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Ushbu yangiliklarni hududlardagi shifo maskanlariga tatbiq etish ham e'tiborda. Joriy yil Namangan viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida buyrak transplantatsiyasi amaliyoti yo‘lga qo‘yilgani bu borada yana bir muhim qadam bo‘ldi. 

Zamonaviy tibbiyotning bunday muhim yutuqlarini tibbiyot amaliyotiga chuqur tatbiq etishda xalqaro aloqalarning o‘rni beqiyos. Bu borada olimlarimizning Turkiyaning Anqara shahridagi Bashkent universiteti bilan hamkorligi muhim o‘rin tutmoqda. Turkiyalik olimlar va mamlakatimizning yetakchi mutaxassislari hamkorlikda ushbu yo‘nalishda doimiy mahorat darslari tashkil etmoqda. Bir guruh mutaxassislarimiz xorijda malaka oshirib qaytdi. Mamlakatimiz olimlari jahon va Turkiyzabon mamlakatlar transplantologlari hamjamiyatiga a'zo bo‘lgan.

Foto: SSV

Transplantologiya sohasida yechimini kutayotgan vazifalar ham talaygina. Dunyoda, jumladan, mamlakatimizda ham bunday zamonaviy tibbiy yordamga muhtojlar soni yil sayin ko‘paymoqda. Ushbu bemorlarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish uchun ilm-fan va innovatsiya yutuqlarini tibbiyot amaliyotiga izchil tatbiq etish dolzarb ahamiyatga ega. Mazkur kongress bu borada muhim tadbirlardan biridir. Unda transplantologiya sohasida jahon ilm-fani va tibbiyotda erishilayotgan muhim ixtirolar, ilmiy-amaliy yangiliklar yuzasidan tajriba almashiladi. Shu bilan birga, soha oldida turgan ustuvor vazifalar muhokama etiladi.

Ushbu xalqaro kongressning O‘zbekistonda tashkil etilishi tibbiyotimizning o‘ziga xos yutuqlaridan darak berishi barobarida ilm-fan va innovatsiyalarning jadal rivojlanishi, tibbiyot taraqqiyoti uchun ham keng ufqlarni ochadi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: