NNTga qaysi hollarda chetdan mablag‘ olishni kelishish rad etilishi ma'lum bo‘ldi

O‘zbekiston 12:46 / 10.10.2019 2388

Vazirlar Mahkamasining “Nodavlat notijorat tashkilotlarining chet davlatlardan, xalqaro va chet el tashkilotlaridan, chet davlatlarning fuqarolaridan yoki ularning topshirig‘iga binoan boshqa shaxslardan pul mablag‘lari va mol-mulk olishni ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ bilan kelishish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.

Nizomga ko‘ra, adliya organi nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan chet ellik shaxslardan jami summasi bir kalendar yilda bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravarigacha bo‘lgan pul mablag‘lari va mol-mulk olinishi nazarda tutilgan hujjatlarni ma'lumot uchun, bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan ortiq miqdordagi pul mablag‘lari va mol-mulkni esa kelishish uchun qabul qiladi.

Chet ellik shaxslardan olinishi mo‘ljallangan pul mablag‘lari va mol-mulk bo‘yicha ma'lumotlarning ishonchliligi va to‘g‘riligi uchun nodavlat notijorat tashkilot rahbari yoki u vakolat bergan shaxs javobgar hisoblanadi.

Nodavlat notijorat tashkilotlarining chet davlatlardan, xalqaro va chet el tashkilotlaridan, chet davlatlarning fuqarolaridan yoki ularning topshirig‘iga binoan boshqa shaxslardan pul mablag‘lari va mol-mulk olishni ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ bilan kelishish sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.

Pul mablag‘lari va mol-mulk olishni kelishish uchun ular olinishi mo‘ljallangan sanadan kamida yigirma kun oldin nodavlat notijorat tashkilot tegishliligi bo‘yicha uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan adliya organiga murojaatnoma shakliga muvofiq unda nazarda tutilgan hujjatlar nusxalarini ilova qilgan holda oldindan yozma yoki elektron shaklda murojaat qiladi.

Agar chet ellik shaxslardan nodavlat notijorat tashkilotga ma'lum bo‘lmagan holda uning bankdagi hisobvarag‘iga pul mablag‘i kiritilsa yoki nodavlat notijorat tashkilotga mol-mulk kelib tushsa, bu haqda nodavlat notijorat tashkilot xabar topgan yoki xabar topishi lozim bo‘lgan kundan e'tiboran uch kun ichida murojaatnoma shakliga muvofiq unda nazarda tutilgan hujjatlar nusxalarini ilova qilgan holda kelishish uchun adliya organiga murojaat qiladi.

Quyidagi hollarda nodavlat notijorat tashkilotga chet ellik shaxslardan pul mablag‘lari va mol-mulk ajratilishi:

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida ajratiladigan pul mablag‘larining miqdori va mol-mulk aniq ko‘rsatilganda;

normativ-huquqiy hujjatlarda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining hujjatlarida nazarda tutilganda;

normativ-huquqiy hujjatlar bilan tashkil etilgan respublika komissiyalari va kengashlarining hujjatlarida nazarda tutilganda;

davlat tashkilotlari va nodavlat notijorat tashkilotning o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlarida nazarda tutilganda;

xalqaro va chet el nodavlat notijorat tashkilotlarining vakolatxona va filiallariga bosh tashkilotlari tomonidan pul mablag‘lari va mol-mulk ajratilganda;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 15 noyabrdagi 251-son qarori bilan tasdiqlangan Muruvvat yordami yuklari qabul qilinishi, hisobga olinishi, aniq yo‘naltirilgan tarzda taqsimlanishi va ulardan maqsadli foydalanilishini nazorat qilish tartibi hamda muruvvat loyihalari monitoringi to‘g‘risida nizomga muvofiq muruvvat (insonparvarlik) yordami olinganda ularning olinishi adliya organlari bilan kelishishni talab etmaydi.

Mazkur bandda ko‘rsatilgan asoslarga ko‘ra olingan pul mablag‘lari va mol-mulk haqida ularning olinishidan kamida uch ish kuni oldin nodavlat notijorat tashkilot tomonidan murojaatnoma shakliga muvofiq ma'lumotlar hamda murojaatnomada nazarda tutilgan tegishli hujjatlar nusxalari uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan adliya organiga ma'lumot uchun taqdim qilinadi.

Nodavlat notijorat tashkilot tomonidan chet ellik shaxslardan pul mablag‘lari va mol-mulk olinishini kelishish uchun taqdim etilgan hujjatlar adliya organi tomonidan o‘n besh kun ichida ko‘rib chiqiladi.

Hujjatlarni ko‘rib chiqish jarayonida pul mablag‘lari va mol-mulk olinishi bilan bog‘liq o‘zgarishlar bo‘lgan taqdirda, nodavlat notijorat tashkilot bu haqda adliya organiga bir kun ichida o‘zgarishlar bilan bog‘liq ma'lumotlarni ilova qilgan holda yozma yoki elektron shaklda xabar beradi.

Chet ellik shaxslardan pul mablag‘lari va mol-mulk olinishi bo‘yicha adliya organi tomonidan muddat ko‘rsatilgan holda nodavlat notijorat tashkilotdan asoslantirilgan tarzda qo‘shimcha hujjatlar so‘ralishi mumkin.

Adliya organi nodavlat notijorat tashkilot tomonidan kelishish uchun taqdim etilgan hujjatlarning ishonchliligini, ularning qonun hujjatlariga va nodavlat notijorat tashkilot ustavida (nizomida) belgilangan maqsad va vazifalarga muvofiqligini o‘rganadi.

Adliya organi hujjatlarni ko‘rib chiqish natijalari yuzasidan chet ellik shaxslardan pul mablag‘lari va mol-mulk olinishini kelishish yoki sabablarini ko‘rsatgan holda kelishishni rad etish to‘g‘risida nodavlat notijorat tashkilotni yozma yoki elektron shaklda xabardor qiladi.

Agar mazkur Nizomda belgilangan muddatda adliya organi tomonidan pul-mablag‘lari va mol-mulk olinishini kelishish yoki kelishishni rad etish to‘g‘risida nodavlat notijorat tashkilotga yozma yoki elektron shaklda xabar berilmasa, ularning olinishi adliya organi bilan kelishilgan deb hisoblanadi.

Quyidagi hollarda chet ellik shaxslardan pul mablag‘lari va mol-mulk olinishini kelishish rad etiladi:

pul mablag‘lari va mol-mulkni olish O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini zo‘rlik bilan o‘zgartirish, suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga putur yetkazish, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini kamsitish, urush, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy adovatni targ‘ib qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirish, fuqarolarning sog‘lig‘i va ma'naviyatiga tajovuz qilishga qaratilgan bo‘lsa;

taqdim etilgan hujjatlarda yolg‘on ma'lumotlar ko‘rsatilgan bo‘lsa;

pul mablag‘lari va mol-mulk olinishi qonun hujjatlari va nodavlat notijorat tashkilot ustavi (nizomi) talablariga zid bo‘lsa;

pul mablag‘lari va mol-mulk olinishini kelishish bo‘yicha murojaat mazkur Nizomda belgilangan tartib va muddatga rioya qilinmagan holda taqdim etilgan bo‘lsa;

adliya organi tomonidan nodavlat notijorat tashkilotdan pul mablag‘lari va mol-mulk olinishini kelishish yuzasidan so‘ralgan qo‘shimcha hujjatlar belgilangan muddatda taqdim qilinmasa.

Ko‘proq yangiliklar: