Jurnalistlarga ID karta ko‘rinishidagi milliy guvohnoma bepul taqdim etiladi

O‘zbekiston 16:51 / 10.10.2019 2404

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi matbuot kotibi Hikmatilla Ubaydullayev telegramdagi kanalida ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinayotgan jurnalistning umummilliy guvohnomasini joriy etish masalasi yuzasidan ma'lumot berdi.

Uning ma'lum qilishicha, jurnalistning milliy guvohnomasi -  Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining gologramma muhri bilan tasdiqlangan ID karta  jurnalistlarga bepul taqdim etiladi.

«Haqiqatan ham, Prezidentning 2 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan 2019-2020 yillarda O‘zbekistonda axborot sohasini rivojlantirish bo‘yicha Dasturda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) tomonidan jurnalistning umume'tirof etilgan milliy guvohnomasi joriy etilishi belgilangan edi.

Shuni ma'lum qilamanki, Agentlik mazkur masala yuzasidan tegishli hujjat loyihasini allaqachon ishlab chiqqan va loyiha ayni paytda Adliya vazirligi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. 

Mazkur hujjat qabul qilingandan so‘ng Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining gologramma muhri bilan tasdiqlangan ID karta  jurnalistlarga bepul taqdim etiladi», deyiladi xabarda.

Shu yil boshida O‘zbekistonda jurnalistlar uchun milliy guvohnoma joriy etilishi, u qanday ko‘rinishda bo‘lishi haqida ma'lumot berilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: