JCh-2022 saralashi. O‘zbekiston Yamanga javobsiz 5ta gol urdi

Sport 18:55 / 10.10.2019 41572

JCh—2022 saralashining ikkinchi bosqichi 3-turi doirasida O‘zbekiston va Yaman terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yin yakunlandi. Vadim Abramov qaytgan o‘yinda O‘zbekiston milliy jamoasi 5:0 hisobida g‘alaba qozondi.

O‘yinning 3-daqiqasidayoq mezbonlar hisobni ochdi. Jamshid Iskanderov ajoyib uzatma bilan Doston Hamdamovni qanotdan oldinga boshladi. Doston to‘pni darvoza yaqiniga tashlab berdi va markaziy hujumchi rolida paydo bo‘lgan Sanjar Qodirqulov bir harakat bilan aniq zarba berib darvoza to‘rini aniq nishonga oldi.

33-daqiqada Eldor Shomurodov hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi. Chap qanotdan Farrux Sayfiyev havolatib uzatgan to‘pni terma jamoaning asosiy hujumchisi boshi bilan darvoza to‘riga joyladi. 53-daqiqada Jamshid Iskanderov O‘zbekistonning uchinchi golini urdi. Uning uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi uzoq burchakka borib tushdi.

Ikkinchi bo‘limda O‘zbekiston terma jamoasi sardori Odil Ahmedov zaxiradan maydonga tushib bosh bilan gol urdi, ammo hakam hujum davomida qoida buzilganini qayd etib bu golni inobatga olmadi. Ko‘p o‘tmay himoyachi Islom To‘xtaxo‘jayev burchakdan uzatilgan to‘pni darvozaga joylab qo‘ydi.

O‘zbekistonliklarning o‘yinga ikkinchi bo‘limda qo‘shilgan yana bir futbolchisi Igor Sergeyev 90-daqiqada Doston Hamdamovning uzatmasidan keyin raqib darvozaboni bo‘sh qoldirgan darvozaga joylab qo‘ydi va yakuniy hisobni o‘rnatdi - 5:0.

Bu O‘zbekiston milliy terma jamoasining saralash o‘yinlaridagi ilk g‘alabasi bo‘ldi. Bu g‘alaba evaziga O‘zbekiston terma jamoasi 3 turdan so‘ng (2 o‘yin) 3 ochko bilan guruh turnir jadvalida ikkinchi o‘rinda joylashgan.

Guruhdagi ikkinchi bellashuv bugun Saudiya Arabiston hamda Singapur terma jamoalari o‘rtasida kechadi. O‘yin Toshkent vaqti bilan soat 22:00da boshlanadi.

Vadim Abramov shogirdlari guruhdagi to‘rtinchi tur uchrashuvini 15 oktabr kuni safarda Singapur terma jamoasiga qarshi o‘tazkadi.

JCh—2022 saralashi
3-tur
O‘zbekiston—Yaman 5:0

Gollar: 1:0 — 3 Sanjar Qodirqulov, 2:0 — 33 Eldor Shomurodov, 3:0 — 53 Jamshid Iskanderov, 4:0 — 72 Islom To‘xtaxo‘jayev, 5:0 — 90 Igor Sergeyev
O‘zbekiston: Eldor Suyunov, Hojiakbar Alijonov, Islom To‘xtaxo‘jayev, Rustam Ashurmatov, Farrux Sayfiyev (Ikrom Aliboyev, 75), Otabek Shukurov, Jamshid Iskanderov (Odil Ahmedov, 57), Doston Hamdamov, Jaloliddin Masharipov, Sanjar Qodirqulov, Eldor Shomurodov (Igor Sergeyev, 79).
Yaman: Salim Avad, Al Hamri, Al Radayei (Muhammad Salim, 85), Alayeddin Mahdi, Ahmad Al Sarori, Omar Al Dahi, Abdulvasea Al Matari, Ahmad Maher (Al Vorafi, 48), Nosir Al Gaxvashi, Mufed Jamol, Emad Mansur (Fuad Omar, 71).
Ogohlantirishlar: Al Vorafi 56, Otabek Shukurov 76.

Ko‘proq yangiliklar: