Ichimlik suvdan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasiga qo‘shimcha vazifalar yuklatiladi

O‘zbekiston 13:47 / 10.10.2019 4578

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ichimlik suvdan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda ichimlik suvi ta'minoti va oqova suv xizmatlari ko‘rsatishda boshqaruv va nazoratni samarali uslublaridan foydalanish yo‘lga qo‘yilmaganligi, menejment hamda ish tizimini zamon talabiga javob bermasligi sohani rivojlanishiga to‘siq bo‘lmoqda. Jumladan:

birinchidan, ichimlik suvni ishlab chiqarish va yetkazishda hisob yuritilmasligi, uni texnologik yo‘qotishni tartibga soluvchi mexanizmning qoniqarsizligi, suvdan noqonuniy foydalanish suv ta'minoti korxonalari rentabelligiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda;

ikkinchidan, iste'molchilarga suv ta'minoti va suv chiqarish xizmatlari ko‘rsatishning amaldagi qoidalarida iste'molchilarning huquq va manfaatlari tenglik prinsipi asosida belgilanmaganligi aholi va tadbirkorlik sub'yektlarining e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda;

uchinchidan, respublikaning markazlashgan ichimlik suv bilan ta'minlanmagan hududlariga transportda suv yetkazib sotish yuzasidan aniq me'yorlar belgilanmaganligi aholiga sifati kafolatlanmagan va narxi tartibga solinmagan suvni taqdim etilishiga sabab bo‘lmoqda;

to‘rtinchidan, ichimlik suv va kanalizatsiya tizimi obektlari qurish-rekonstruksiya ishlarini belgilangan me'yorlarga amal qilmagan holda sifatsiz bajarilishi bu borada ko‘zlangan maqsadga erishilmasligiga sabab bo‘lmoqda;
 
beshinchidan, ichimlikka  yaroqli yer osti suvlaridan va quduqlaridan foydalanishda hamda ichimlik suvi uchun yer osti quduqlarini qazishda tegishli normativ hujjatlarga amal qilinmayotgani oqibatida, yer osti chuchuk suv zaxiralarining kamayishiga va sho‘rlanib ketishiga sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ichimlik suvdan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi va uning hududiy inspeksiyalariga quyidagi qo‘shimcha vazifa va funksiyalar yuklatiladi:

ichimlik suvi ta'minoti va kanalizatsiya tizimi obektlarni, shu jumladan yer osti suv quduqlarini qurish va rekonstruksiya qilish obektlarda loyiha-smeta hujjatlarni tahlil qilish, qurilish-rekonstruksiya ishlarida nazorat o‘rnatish;

o‘tkazilgan texnologik auditda aniqlangan egasiz va muhofazasiz inshootlardan samarali foydalanishni tashkil etish, shuningdek sifatsiz ichimlik suv ishlab chiqarishni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

suv ta'minoti korxonalari tomonidan ishlab chiqilgan texnologik yo‘qotilgan ichimlik suvning me'yorlarini kelishish va yo‘qotilgan ichimlik suv haqidagi hisoblarni asosliligini tahlil qilish;

suv ta'minoti korxonalari ichimlik suv sifatini tahlil qilish uchun oladigan namuna nuqtalarni kelishish hamda ularni laboratoriya tahlilidan o‘tkazilishida nazorat o‘rnatish;

yuridik shaxslar tomonidan ichimlik suvning belgilangan limitidan ortiqcha suv olgan iste'molchilarga jarima sanksiyalarni qo‘llash;

suv ta'minoti va oqova suv chiqazish xizmatlari uchun tariflarni deklaratsiya qilish bo‘yicha barcha hujjatlarni tahlil qilish, zaruriy hollarda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish va Moliya vazirligiga tariflarga o‘zgartirish kiritish yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish;

suv ta'minoti hamda kanalizatsiya tizimlarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida boshqaruvga berishni teng huquqlilik va oshkoralik asosida o‘tkazilishini nazorat qilish.

Belgilanishicha, 2020 yil 1 yanvardan boshlab, Davsuvinspeksiya tomonidan tadbirkorlik sub'yektlarida o‘tkaziladigan nazorat tadbirlarini, tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish orqali vakolatli organni xabardor etish tartibida o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda, yuklatilgan qo‘shimcha vazifalardan kelib chiqqan holda Davsuvinspeksiya boshqaruv xodimlariga qo‘shimcha 79 ta shtat birligi ajratib, ularning cheklangan soni 152 nafarga yetkaziladi.

Ko‘proq yangiliklar: