Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bo‘zatov tumani kompleks rivojlantiriladi
Vazirlar Mahkamasining “2019-2021 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Bo‘zatov tumanini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi hamda boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari va tijorat banklari tomonidan ishlab chiqilgan 2019-2021 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Bo‘zatov tumanini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi ma'qullanishi mumkin.
Dasturning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanadi:
Bo‘zatov tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini ish bilan ta'minlanish darajasi va farovonligini oshirish;
qishloq xo‘jaligi sohasida ilg‘or texnologiyalarni keng joriy qilgan holda, ishlab chiqarish hajmi, hosildorlik va mahsulot turlarini oshirish;
hududning tabiiy va iqlim sharoitiga hos bo‘lgan chorvachilik, sholichilik, baliqchilik hamda qizilmiya ildizini yetishtirish va chuqur qayta ishlashni rivojlantirish;
ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, aholini ichimlik suvi, elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan ta'minlash hamda boshqa ijtimoiy-maishiy xizmatlar ko‘rsatish darajasini yaxshilash.
Quyidagilar:
2019-2021 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Bo‘zatov tumanini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturining moliyalashtirish manbalari;
sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish bo‘yicha investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxati;
xizmat ko‘rsatish va servis sohasi infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshiriladigan loyihalarning manzilli ro‘yxati;
qishloq xo‘jaligi sohasida ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish bo‘yicha amalga oshiriladigan loyihalarning manzilli ro‘yxati;
muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari;
irrigatsiya va melioratsiya tizimini yaxshilash chora-tadbirlari;
ijtimoiy infratuzilmani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari tasdiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Bo‘zatov tumani hokimligi, vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari va tijorat banklari loyihalar tashabbuskorlari bilan birgalikda Dasturdagi ko‘rsatkichlardan kelib chiqqan holda tarmoq jadvallarini ishlab chiqadilar va tasdiqlaydilar.
Bunda, Dasturdagi loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, qurilish-montaj ishlarini bajarish muddatlari, texnologik asbob-uskunalarni keltirish va ularni o‘rnatish hamda quvvatlarni foydalanishga topshirishda muddatlarni belgilanishi nazarda tutiladi.
“O‘ztransgaz” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan birgalikda Dastur doirasida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarini elektr va tabiiy gaz tarmoqlariga o‘rnatilgan tartibda ulanishini hamda uzluksiz yetkazib berilishini ta'minlaydilar.
O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Bo‘zatov tumani hokimligi bilan birgalikda 2020 yilda qayta tashkil qilinayotgan Bo‘zatov tumanining markazini obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilma obektlarini nazarda tutgan holda Bosh rejasini qayta ko‘rib chiqib, tuzatish kiritish va batafsil rejalashtirish loyihasini ishlab chiqadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi:
O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Bo‘zatov tumani hokimligi bilan birgalikda bir oy muddatda tuman hududida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazib, fermer va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalarini Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 31 yanvardagi 22-sonli qarori asosida yangidan tashkil etilishini ta'minlaydi;
“O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2020-2021 yillarda “Bo‘zatov Dao‘itko‘l baliq klaster” mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan baliq yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha klasterini tashkil etish;
Suv xo‘jaligi vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Investitsiya va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda 2020-2021 yillarda hududni suv resurslari bilan ta'minlanganlik darajasidan kelib chiqib:
“Bo‘zatov sholi” fermer xo‘jaligi tomonidan sholichilik klasterini tashkil etish;
“Bo‘zatov chorva sholi klaster” mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan chorvachilik va sholichilik klasterini tashkil etish choralarini ko‘radi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda tuman hududida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlarida suv tejovchi texnologiyalarni bosqichma-bosqich joriy qilinishini ta'minlaydi.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda 2020-2022 yillarda Bo‘zatov tumanida qizilmiya o‘simligini plantatsiya usulida yetishtirish va uni chuqur qayta ishlashni yanada rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqib, tasdiqlaydi.
Suv xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda Amudaryo va Yerkin kanallaridan KS-1 orqali “Kusxanatao‘” OFY, “Yerkindarya” OFY hamda “Aspantay” OFY hududlaridagi yaylov va ko‘llar uchun suv ta'minotini yaxshilash bo‘yicha asoslangan taklif ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini ta'minlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Davlat mulkini boshqarish agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan birgalikda Bo‘zatov tumanidagi avval xususiylashtirilgan davlat obektlari, shuningdek boshqa bo‘sh turgan yer maydonlari va bino-inshootlar holati to‘liq xatlovdan o‘tkazadi.
Xatlov natijalariga ko‘ra, obektlardan samarali foydalanish yoki foydalanmay turgan obektlarni qonunchilikka muvofiq mahalliy hokimlik balansiga o‘tkazish yoki qaytarib olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqib tasdiqlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi har yili asosiy ko‘rsatkichlarni aniqlashtirib va yangilab borgan holda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturi parametrlarini shakllantirishda ushbu qarorda nazarda tutilgan budjet mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladigan loyihalarni inobatga oladi.
Tuman hokimiga, istisno tariqasida 2022 yil 1 yanvarga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan kelishgan holda amalga oshiriladigan quyidagi huquqlar beriladi:
a) auksion savdolarisiz, investor bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish orqali sug‘oriladigan ekin yerlar toifasiga kirmaydigan, lekin qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi yerlari toifasiga kiradigan yer uchastkalaridan tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyati uchun investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni belgilagan holda doimiy foydalanish huquqi bilan ajratish;
b) xorijiy investor tomonidan qonun hujjatlarida belgilanganidan qo‘shimcha soliq va bojxona imtiyozlari va preferensiyalarini berish talabi qo‘yilmagan taqdirda chet el investitsiyasi ulushi bo‘lgan investitsiya loyihalarini amalga oshirishda chet el investorlari bilan investitsiya shartnomalari tuzish;
v) respublika va mahalliy budjetdan moliyalashtiriladigan, tumanda qurilish, rekonstruksiya va kapital ta'mirlash ishlarini amalga oshirish uchun pudrat tashkilotlarini tanlashda eng maqbul takliflarni tanlab olish yo‘li bilan, tanlov savdolarini o‘tkazmasdan pudrat va loyiha tashkilotlarini belgilash.
Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:
a) 2022 yil 1 yanvarga qadar Bo‘zatov tumanida ro‘yxatdan o‘tgan, aynan ushbu tumanda faoliyat olib boruvchi tadbirkorlik sub'yektlariga sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida loyihalarni amalga oshirish uchun tijorat banklari kreditlari bo‘yicha foizli xarajatlarning bir qismini qoplash uchun O‘zbekiston Respublikasi Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish Agentligi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan belgilangan tartibda kompensatsiya beriladi;
b) 2022 yil 1 yanvarga qadar Bo‘zatov tumanida yangi ish o‘rinlarini tashkil etishni nazarda tutuvchi kichik loyihalar O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari, subsidiya va grantlar ajratish hisobidan amalga oshiriladi;
v) dasturda nazarda tutilgan obektlar qurilish-montaj ishlarini loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan bir vaqtda amalga oshiriladi.
g) O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Bo‘zatov tumani hokimligi bilan birgalikda investorlarni jalb etish uchun:
Qoraqalpog‘iston Respublikasida, shu jumladan tumanda mavjud foydali qazilmalar zaxiralari haqidagi ma'lumotlarni yuboradi;
tumanda geologiya-qidiruv ishlari natijasida aniqlangan foydali qazilmalar zaxiralari haqidagi ma'lumotlarning taqdim etib borilishini ta'minlaydi;
d) O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tomonidan tumanda aniqlangan foydali qazilmalar haqidagi ma'lumotlar asosida:
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi investitsiya loyiha pasportlarini tayyorlaydi va muntazam ravishda tumanga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish maqsadida Tashqi ishlar vazirligiga taqdim etadi hamda Investitsiya portaliga joylashtirib boradi;
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi investitsiya loyiha pasportlari asosida xorijiy investitsiyalarni jalb etish choralarini ko‘radi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish agentligi, Moliya vazirligi, tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, tijorat banklari Bo‘zatov tumanidagi bo‘linmalari va filiallarini tashkil etish, ularni zarur bino va inshootlar hamda moddiy-texnika vositalari bilan ta'minlash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Oliy va o‘rta ta'lim vazirligi tegishli idora va tashkilotlar bilan birgalikda:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengashining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning 2019 yil 6 sentyabrdagi PF-5812-sonli Farmoniga asosan Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Nukus filialiga berilgan Qozonketken qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kolleji negizida Bo‘zatov tumani kasb-hunar maktabini tashkil etish;
Qozonketken qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kolleji yotoqxona binosi va ikkinchi o‘quv binosi va egallagan yer maydonlari operativ boshqaruv huquqi asosida Bo‘zatov tumani hokimligi tasarrufiga o‘tkazish bo‘yicha taklifi ma'qullanishi mumkin.
Shuningdek, Bo‘zatov tumani tibbiyot birlashmasining bo‘sh turgan qismida Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Nukus filialining ko‘p tarmoqli o‘quv markazi va amaliyot poligonini tashkil etish yuzasidan taklif ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini ta'minlaydi.
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Investitsiya va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda Bo‘zatov tumanida tuyachilikni rivojlantirish uchun keyingi yillarda xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining kreditlari va grant mablag‘lari, xorijiy kredit liniyalarini jalb etish choralarini ko‘radi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Nukus filiali, Samarqand veterinariya meditsinasi instituti Nukus filiali, Nukus davlat pedagogika instituti bakalavriatining 2020/2021 o‘quv yili uchun kunduzgi ta'lim shakli bo‘yicha davlat buyurtmasi asosida o‘qishga qabul qilish parametrlariga takliflarni shakllantirishda Bo‘zatov tumanida kamida 5 yil ishlab berish sharti bilan tegishli ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha Bo‘zatov tumani bo‘yicha davlat granti asosida alohida maqsadli qabul ko‘rsatkichlarini ko‘zda tutadi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan birgalikda Bo‘zatov tumani budjetining prognoz parametrlarini belgilaydi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, TIF “O‘zmilliybank” bilan birgalikda Bo‘zatov tumani aholisi ehtiyojlarini qondirish quvvatiga ega bo‘lgan ixcham zamonaviy savdo majmuasini barpo etish uchun zarur miqdorda kredit mablag‘lari ajratilishini hamda 2020 yil 1-choragi yakuni bilan ishga tushirilishini ta'minlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, “O‘zsanoatqurilishbank”, Bo‘zatov tumani hokimligi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 apreldagi PQ-3651-sonli qarori asosida tumanda davlat xususiy sherikchilik asosida 75 o‘rinlik maktabgacha ta'lim tashkilotini 2020 yilning 2-choragida ishga tushirilishini ta'minlaydi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Bo‘zatov tumani hokimligi 2019 yil yakuniga qadar:
tuman hududida yangi zamonaviy avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyasini joylashtirish yuzasidan taklif ishlab chiqib, Energetika vazirligiga o‘rnatilgan tartibda taklif kiritilishini ta'minlaydi;
O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 oktyabrdagi 815-sonli qarori bilan tasdiqlangan 2017-2019 yillarda hududlarda avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalarini qurish maqsadli ko‘rsatkichlariga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha taklif ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini ta'minlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan birgalikda, tuman markaziy shifoxonasini ta'mirlash, zarur moddiy-texnika shu jumladan, jonlantirish (reanimatsiya) va tug‘uruq bo‘limlarini zarur zamonaviy anjom va yuqori malakali mutaxassislar bilan ta'minlash yuzasidan taklif ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
“O‘ztransgaz” AJ, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan birgalikda:
tumanda aholini tabiiy gaz bilan barqaror ta'minlash maqsadida tuman hududidan alohida gaz taqsimlash stansiyasini qurish ishlarini va “Nukus-Chimboy” yuqori bosimdagi magistral gaz tarmog‘idan ushbu obektgacha 34 km yuqori bosimdagi gaz tarmog‘ini tortish;
tumandagi mavjud gaz tarmoqlarini xatlovdan o‘tkazib, xatlov natijasiga ko‘ra o‘rnatilgan tartibda ta'mirlash ishlari amalga oshiriladi.
“O‘rgenchtransgaz” sho‘'ba korxonasining tumanda bitta chorva kompleksini tashkil etishda kafil tashkilot sifatida qatnashish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanishi mumkin.
Tavsiya etamiz
Soch to‘kilishi, ko‘z osti qorayishi, lab yorilishi: tana tili bizni nimalardan ogohlantiradi?
Jamiyat | 17:08 / 10.07.2025
Roman Starovoyt – urushning kursidagi qurboni
Jahon | 22:00 / 08.07.2025
Qozog‘istonda kuydirgi tarqaldi, ikki qishloq karantinga olindi
Jahon | 17:57 / 08.07.2025
11 iyuldan IELTS imtihonini qog‘ozda topshirish bekor qilinadi
O‘zbekiston | 15:45 / 08.07.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Har yakshanba kunlari Toshkentdan Maldivga to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar
O‘zbekiston | 09:00
-
Xitoyda robot it 100 metr masofani 13 soniyada yugurib o‘tdi
Fan-texnika | 21:44
-
NYT: Kiyevda otib ketilgan polkovnik UXX maxfiy bo‘linmasini boshqargan
Jahon | 21:39
-
Kuydirgi bo‘yicha qo‘shni mamlakatda vaziyat jiddiy - Sanepidqo‘mita
Jamiyat | 21:22
Mavzuga oid

17:03 / 16.11.2024
Qoraqalpog‘istonning Bo‘zatov tumaniga yangi hokim tayinlandi

16:02 / 17.05.2024
“Yoshlar ovozi – Bo‘zatov FEST” tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi - foto

08:44 / 06.06.2022
Parrandachilikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimi o‘zgaradi

09:01 / 08.04.2022