Alisher Qodirov YeOII haqida: «Bu nomigagina iqtisodiy, ortida esa siyosiy maqsadlar yashiringan ittifoq»

O‘zbekiston 21:59 / 10.10.2019 93940

Bugun, 10 oktabr kuni Olimpiya shon-shuhrati muzeyida O‘zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi tomonidan Rossiya Federatsiyasining Yekaterinburg shahrida bo‘lib o‘tgan boks bo‘yicha jahon chempionati g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash hamda ularga partiyaning a'zolik guvohnomalarini topshirish tadbiri o‘tkazildi.

Tadbirda ishtirok etgan Kun.uz muxbiri partiya rahbari Alisher Qodirovdan so‘nggi vaqtlarda ko‘pgina muhokamalarga sabab bo‘layotgan – O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilish yoki qo‘shilmaslik masalasi, bu tashkilotning biz uchun o‘ziga xos «minus» va «plyus»lari, shuningdek, partiyaning bu boradagi tutgan pozitsiyasi haqida kichik intervyu oldi.

— Alisher aka, dastlab Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi haqida gaplashsak, bu tashkilot o‘z a'zolariga nima beradi?

— Bu tashkilot o‘z nomi bilan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi va tashkilotda iqtisodiy masalalar birlamchi bo‘lishi kerak. Tashkilot o‘zining bosh tashabbuskori – Rossiya Federatsiyasi va uning atrofidagi mamlakatlarning (sobiq ittifoq mamlakatlari) iqtisodiy manfaatlarini muvozanatlashtirish maqsadida tashkil qilingan. Lekin negadir, iqtisodiy tahlilchilar va siyosatchilar mazkur ittifoqni iqtisodiydan ko‘ra, ko‘proq uzoq muddatli siyosiy maqsadlarni ko‘zlagan ittifoqqa o‘xshatishadi.

Keling, ochiqcha gaplashaylik, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi – nomi bilan iqtisodiy bo‘lgan, ammo ortida yashirin siyosiy maqsadlarni ham ko‘zda tutgan tashkilot. Buni bugun hech kimdan yashirib bo‘lmaydi. Bunday holatlarni tarixda o‘zbek xalqi ko‘p bora boshidan o‘tkazgan va yetarlicha xulosalar qilib olgan, deb o‘ylayman. 

— To‘g‘ri aytasiz. Ayrim iqtisodchilarimiz «Bu tashkilot faqat iqtisodiy ittifoq va unga qo‘shilishdan xavotirga tushish kerak emas», deyishmoqda. Lekin har qanday iqtisodiy aloqa aslida siyosiy-ku.

— Albatta, siyosatga borib taqaladi. O‘zbekiston shu paytgacha ikki tomonlama aloqalar orqali o‘z manfaatlarini himoya qilgan. Bu yerda yana bir narsani tan olish kerak, shu paytga qadar bizda iqtisodiy manfaatlarni himoya qilishda parlamentning roli juda zaif bo‘lib kelgan. Juda ko‘p davlatlarda iqtisodiy manfaatlar kuchli parlamentlar va parlamentlararo munosabatlar orqali himoya qilinadi. Bizdagi parlament ushbu masalalarda juda zaif harakat qilgan.

Hozir bunga o‘xshash tuzilmani faqat Yevropa Ittifoqi misolida ko‘ryapmiz. Yevropa Ittifoqining esa bugungi kunda davlatlararo masalalardagi holatini shaxsan men ijobiy baholamayman. Masalan, Vengriya va Polsha bilan bog‘liq masalalar. Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlar umummanfaatlar bilan shaxsiy manfaatlarni bir nuqtada kesishtira olishmayapti. Demakki, nomiga iqtisodiy va tub mohiyatida siyosiy maqsadlar ko‘zlangan ittifoqlar o‘tayotgan asrimizda o‘zini oqlamadi desak, menimcha, xato bo‘lmaydi.

— O‘zbekistonning YeOIIga kirishi mumkinligi va bu borada muzokaralar bo‘lib o‘tayotgani borasidagi fikrlar haqida dastlab rossiyalik siyosatchi Valentina Matviyenko orqali xabardor bo‘ldik. Nega siyosatchilarimiz, parlament vakillari bu masala haqida avvalroq gapirishmadi yoki munosabat bildirishmadi?

— Fikrimcha, bu masala o‘z tasdig‘ini topmadi. Valentina Matviyenkoning fikrlarini shaxsan tahlil qilib ko‘rdim. Hatto stenogrammalarni bir necha marta qarab chiqdim. U yerda Matviyenkoning aynan aytgan gaplari tasdiqlanmadi. Shu sababli, biz bu sharhni jiddiy qabul qilmadik.

O‘zbekiston o‘ziga yarasha ham iqtisodiy, ham siyosiy manfaatlarini himoya qila oladigan, o‘z nomidan boshqa davlat siyosatchilari gapiraverishiga ruxsat beradigan davlat emas. U o‘ziga yarasha siyosiy yetuk rahbariyatiga ega. 

Bu davlat har qanday ittifoqqa kirish yoki kirmaslik masalasini mustaqil hal qila olish qobiliyatiga ega va buni kerakli joyda e'lon ham qiladi.

— Bu tashkilotga kirishni nomus masalasi deb qaraydiganlar ham bor. Sizningcha, O‘zbekiston YeOIIga kirmagan taqdirda nimalarni yo‘qotadi?

— Bugungi kunda Rossiya Federatsiyasida ko‘p sonli vatandoshlarimiz ishlashi bilan bog‘liq, investitsiya almashish bilan bog‘liq, iqtisodiy munosabatlar shakllanishi va qolaversa, bizning atrofimizdagi juda katta iste'mol bozoridan foydalanish borasida ayrim muammolar kuzatilishi mumkin.

Lekin biz Milliy tiklanish demokratik partiyasi a'zolari har qanday iqtisodiy manfaatlardan mamlakat ozodligi, uning manfaatlari ustuvorligi, ozod jamiyati bilan erkin rivojlanishini ko‘proq ustuvor deb hisoblaymiz.

— Odatda kuchli tashkilotlar o‘z tarkibiga yangi a'zoni qo‘shib olishga «o‘lib-tirilmaydi»...

— Bilasizmi, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi – qisqa davr uchun iqtisodiy manfaatlarga tayangan va uzoq davr uchun esa siyosiy manfaatlarga tayangan ittifoq. 

Yaqin oylarda ma'lum bo‘lgan va jarayonlari ancha vaqtdan buyon davom etayotgan bu urinishlar O‘zbekistonni Markaziy Osiyoning yuragi, ko‘pgina davlatlar bilan chegaradosh va geopolitik murakkab o‘rnini hisobga olgan holatda bo‘lmoqda.

O‘zbekistonning ittifoqqa kirishiga undalishi, uni a'zolikka tortishga nisbatan bo‘layotgan harakatlarda birinchi navbatda o‘sha a'zolarning manfaatlari turibdi. Buni keskinroq tarzda ikkinchi SSSR desa ham bo‘ladi. 

Shu narsa aniqki, O‘zbekiston kimlarningdir manfaati uchun xizmat qiladigan davlat emas. Bu davlat o‘z xalqi va davlat manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yadi. Biz partiyamiz deputatlari bilan bu masalani ko‘p gaplashdik va qaytarib aytamanki, masala juda chuqur o‘ylanishi kerak. 

Albatta, biz uchun davlatimizning iqtisodiy yuksalishi, uning boshqa davlatlar bilan teng rivojlanishi birinchi o‘rinda, lekin shu bilan birga, mamlakatimiz manfaatlariga zid bo‘lgan, siyosiy erkinligi va suverenitetiga ta'sir qiladigan, davlat usti idoralariga qaysidir ma'noda tobe bo‘lish ehtimoli mavjud bo‘ladigan har qanday ittifoqqa kirishni yoqlamaymiz.

Ya'ni biz iqtisodiy ko‘rinishdagi siyosiy maqsadlarni ko‘zlagan ittifoqqa kirishga mutlaqo qarshimiz.

Ko‘proq yangiliklar: