Adliya vazirligining Apellyatsiya kengashida ko‘rib chiqiladigan masalalar turlari aniqlashtirildi

O‘zbekiston 12:29 / 10.10.2019 2044

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Apellyatsiya kengashi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019 yil 1 iyuldagi PQ-4380-son qaroriga muvofiq Adliya vazirligi huzurida O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri rais hisoblanadigan intellektual mulk obektlarining huquqiy muhofazasi bilan bog‘liq bo‘lgan apellyatsiyalarni ko‘rib chiquvchi Apellyatsiya kengashi tashkil etilishi belgilangan.

Nizomga ko‘ra, Apellyatsiya kengashi o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalarini, seleksiya yutuqlarini, integral mikrosxemalar topologiyalarini, tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlarini huquqiy muhofaza qilish bilan bog‘liq apellyatsiyalarni sudgacha ko‘rib chiquvchi kollegial organi sifatida amalga oshiradi.

Apellyatsiya kengashi:

a) O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligining talabnomada ko‘rsatilgan:

sanoat mulki obektlari;

seleksiya yutuqlari;

integral mikrosxemalar topologiyalari;

tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlariga nisbatan qabul qilingan qarorlari yuzasidan apellyatsiyalarni ko‘rib chiqadi;

b) manfaatdor yuridik va jismoniy shaxslarning:

sanoat mulki obektlariga patent berilishi;

seleksiya yutuqlariga patent berilishi;

integral mikrosxemalar topologiyalarining ro‘yxatdan o‘tkazilishi;

sanoat mulki obektlariga va seleksiya yutuqlariga berilgan patentlarning haqiqiyligi;

tovar belgisi, xizmat ko‘rsatish belgisi, tovarning kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqi to‘g‘risidagi guvohnomaning haqiqiyligi;

O‘zbekiston Respublikasi hududida belgining xalqaro ro‘yxatdan o‘tkazilishining amal qilishiga yuzasidan apellyatsiyalarini ko‘rib chiqadi;

v) quyidagilarning:

integral mikrosxemalar topologiyalarini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi guvohnomalarning;

tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilariga, tovar kelib chiqqan joy nomlaridan foydalanish huquqiga berilgan guvohnomalarning amal qilishi tugatilishi yuzasidan apellyatsiyalarini ko‘rib chiqadi;

g) tovar kelib chiqqan joy nomi ro‘yxatdan o‘tkazilishi bekor qilinishi yuzasidan apellyatsiyalarini ko‘rib chiqadi;

Apellyatsiya kengashi O‘zbekiston Respublikasida hammaga ma'lum tovar belgilari deb e'tirof etish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqadi.

Apellyatsiya kengashi apellyatsiya yoki arizani ko‘rib chiqishda quyidagi huquqlarga ega:

apellyatsiya yoki ariza bergan shaxslardan, shuningdek, boshqa manfaatdor shaxslardan apellyatsiyani yoki arizani ko‘rib chiqish uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha materiallar va ma'lumotlarni so‘rab olish;

qo‘shimcha ekspertiza tayinlash, uni o‘tkazish uchun mustaqil ekspert va maslahatchilarni jalb etish;

Agentlik ixtiyoridagi patent hujjatlari va ilmiy-texnika adabiyotlari davlat fondlaridan foydalanish.

Apellyatsiya kengashi apellyatsiya yoki arizani ko‘rib chiqishda qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

Apellyatsiya kengashi apellyatsiya yoki arizani ko‘rib chiqish jarayonida quyidagilarga majbur:

apellyatsiya yoki arizani ko‘rib chiqish jarayonida qonunchilikka va mazkur Nizom talablariga qat'iy rioya qilish;

apellyatsiya yoki arizani ko‘rib chiqish yuzasidan qabul qilingan qarorlar haqqoniyligini va asoslanganligini ta'minlash.

Apellyatsiya kengashiga apellyatsiya yoki arizani ko‘rib chiqish jarayonida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: