Turkiya Suriyada harbiy amaliyot boshladi

Jahon 18:27 / 09.10.2019 32127

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Suriyada harbiy amaliyot boshlangani to‘g‘risida ma'lum qildi.

NTV telekanali xabariga ko‘ra, Turkiya Suriyadagi Firot daryosidan sharqda harbiy operatsiya boshlagan.

O‘z navbatida, Suriya davlat televideniyesi ma'lumotiga ko‘ra, Turkiya armiyasi mamlakat shimolidagi Ras-al-Ayn shahriga aviazarbalar bergan.

Operatsiyadan maqsad - kurd harbiy bo‘linmalarini Suriya shimolidagi hududlardan siqib chiqarish va «xavfsiz hudud» tashkil etish. Bu hududga 3,6 million nafarga yaqin suriyalik qochqinlarni joylashtirish rejalashtirilgan.

Suriya davlat televideniyesi ma'lumotiga ko‘ra, turklarning aviatsiyasi Ras-el-Ayn shahriga zarbalar berishga ulgurgan. Shahar atrofidagi hududda joylashgan Al-Majrafa qishlog‘i, shuningdek, al-Mashrafa va Xarbat al-Banat qishloqlaridagi «Suriya demokratik ittifoqi» (SDF) pozitsiyalari ham hujumga uchragan.

Turkiya hukumati bu harbiy amaliyotga «Tinchlik manbai» deb nom berdi.

Bundan oldin, Turkiya o‘z harbiylarini Suriya hududiga kiritishni boshlagani xabar qilingandi.

Vashington «ruxsat berdi»

Avvallari bu hududlarda amerikaliklarning kichik harbiy bo‘linmalari joylashgandi. Kurdlar IShIDga qarshi urush vaqtida koalitsiya kuchlari va Suriya muxolifatiga yordam ko‘rsatgandi.

Ammo turklar hujumi arafasida AQSh prezidenti Donald Tramp amerikalik harbiylarni bu hududdan olib chiqishga ko‘rsatma berdi - bu esa turklarning kurdlarga qarshi harbiy amaliyot boshlashi uchun «yashil chiroq» vazifasini o‘tadi.

«Suriya demokratik ittifoqi» koalitsiyasiga birlashgan kurdlar bu qarorni tanqidiy qabul qilishdi va buni «orqadan zarba berish» deya baholashdi.

Donald Tramp bu noroziliklar ortidan agar Anqara kurdlarga qarshi yurish boshlasa, Turkiya iqtisodiyotini yakson etish bilan tahdid qildi.

Ma'lumot uchun, Turkiya Suriya shimolidagi kurdlarni o‘z milliy xavfsizligiga tahdid sifatida ko‘radi.

Turkiya hukumati Suriyadagi kurdlarni o‘n yillardan buyon Turkiya hududida hukumatga qarshi kurash olib borayotgan Kurdiston ishchilar partiyasiga bo‘ysunuvchi terrorchilar sifatida biladi. Suriya kurdlari esa bu ayblovni rad etishgan.

Suriya shimolidagi kurdlar IShID bilan janglarda asirga olingan minglab sobiq jangarilar va ularning oilalari saqlanadigan lagerlarni nazorat qiladi. Turkiyaning hujumi esa bu asirlarning qochib ketishiga va yana bir jiddiy xavf paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: