Saudiyada hakam VAR’dan foydalana olmadi - stadion xodimi telefonini quvvatlash uchun tizimni tarmoqdan o‘chirgan edi

Sport 20:42 / 09.10.2019 8432

Saudiya Arabistonida «An-Nasr» — «Al-Fath» uchrashuvi vaqtida hakamlar brigadasi g‘alati sabab tufayli VAR tizimidan foydalana olmadi. Jurnalist Mutaz Chexadening yozishicha, vaziyatlardan birida o‘yin bosh hakami to‘p darvoza chizig‘ini kesib o‘tgani yoki o‘tmaganini aniqlash uchun tizimdan foydalanmoqchi bo‘lgan, ammo tizim ishlamagan.

Keyinroq ma'lum bo‘lishicha, tizim shunchaki tarmoqdan uzilgan bo‘lgan. Stadion xodimlaridan biri o‘z telefonini zaryadlash uchun apparaturani o‘chirgan.

O‘yinda «An-Nasr» 49-daqiqada hujumchi Firas al-Buraykan tomonidan urilgan gol evaziga g‘alaba qozondi. Bu g‘alaba evaziga «An-Nasr» ochkolari sonini 8taga yetkazib, turnir jadvalida 8-o‘ringa ko‘tarildi. «Al-Fath» esa (5 ochko) eng oxirgi o‘rinda - 16-o‘rinda joylashib turibdi.

VAR tizimi futbolda 2016 yildan foydalana boshlandi. 2017 yilda ushbu tizim Konfederatsiyalar Kubogida qo‘llandi, 2018 yilda esa Rossiyadagi jahon chempionatida ham videotakrorlardan foydalanildi. Ayni vaqtda VAR tizimidan Yevropadagi yetakchi ligalar, shuningdek Chempionlar ligasi o‘yinlarida ham foydalaniladi.

Ko‘proq yangiliklar: