Turkiya 6 oktabr tongida Suriyada operatsiya boshlashi mumkin. Bu IShID tiklanishiga olib keladimi?

Jahon 01:52 / 06.10.2019 48971

Turkiya prezidenti Rajab Erdo‘g‘an Suriyaning mamlakat bilan chegaradosh qismlarida harbiy operatsiya boshlashdan boshqa yo‘li qolmaganini aytdi. Erdo‘g‘anning aytishicha, Turkiya quruqlik askarlari yaqin soatlar ichida Suriyada operatsiya boshlashi mumkin. Yaqin sharq hayotini yoritadigan nashrlar bugun, 6 oktabr kuni tongda turk quruqlik askarlari Suriyaning shimoliy-sharqida operatsiya boshlash uchun shay bo‘lishi haqida yozmoqda.

Erdo‘g‘anning aytishicha, AQSh ikki mamlakat o‘rtasida kelishuv shartlarini bajarmagan holda Suriyaning Turkiya bilan chegaradosh qismida «xavfsiz hudud» yaratish uchun hech narsa qilmayapti. Turkiya yetakchisi bunday holatda mamlakat «odamlari tinch uxlashi uchun» o‘zi kurashishga majbur bo‘layotganini ma'lum qildi. Turkiya Rossiyaning havo hujumidan mudofaa uchun ishlab chiqarilgan S-400 zenit raketa kompleksini sotib olayotganda milliardlab dollarga baholangan bu savdo ajoyib kunlarning birida Turkiya va AQSh o‘rtasidagi munosabatlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta'sir ko‘rsatishi aniq edi. Mana, o‘sha kun keldi.

AQSh Turkiyadan «arazladi» va hech qachon munosabatlari yaxshi bo‘lmagan bu mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalar yanada sovuqlashdi. AQSh va Turkiya NATOning ikki eng qudratli quruqlik qo‘shinlariga ega a'zosi ekani esa vaziyatni yanada chigallashtiradi. Turkiya uchun Suriya bilan chegaradosh hududlarda harbiy operatsiya o‘tkazish yangilik emas. 2016 yildan buyon Turkiya Erdo‘g‘anning shaxsan o‘zi nomlaydigan bir-biridan jarangli «Zaytun novdasi» va «Furot qalqoni» nomli operatsiyalar o‘tkazgan. Bu galgi operatsiyaning hozircha nomi yo‘q, lekin uning talofati katta bo‘lishi mumkin. Shunchalik kattaki, oqibatda IShID tiklanishi ham hech gap emas...

2019 yil 7 avgust kuni AQSh va Turkiya birgalikda Suriyaning Turkiya bilan chegaradosh qismlarida «xavfsiz hudud» yaratish bo‘yicha kelishuv imzolagan. Ikki mamlakat hamkorlikda bu kelishuv asosida reydlar ham o‘tkazgan, ammo Turkiya tomoni bu reydlarni «xo‘jako‘rsin»ga o‘tkazilgan deb atamoqda. Turkiya agar hamkorlikda amaliyotlar amalga oshirilmasa, Suriya hududida yolg‘iz operatsiya boshlashidan AQShni ogohlantirgan. Erdo‘g‘an sentyabrda o‘tkazilgan BMT assambleyasida chiqish qilganida Suriya bilan chegaradagi «xavfsiz hudud»ni 480 km.ga yetkazmoqchi ekanini aytgandi.

Turkiyaning asosiy maqsadi Suriyaning o‘zi bilan chegaradagi hududlaridan kurd otryadlarini siqib chiqarish. Turkiya mamlakatda sodir etilgan ko‘plab teraktlarda aynan kurd otryadlarini ayblab keladi va Suriyadagi harbiy amaliyotlar kurdlarga qarshi ochilgan jang deb aytadiganlar ham talaygina. Suriyadagilar ham Turkiyaning hujumiga tayyor bo‘lib turishibdi. Kurd qo‘shinlarining siyosiy qanoti bo‘lgan «Suriya demokratik kuchlari» Turkiyaga agar Suriyaga yana qo‘shin olib kiradigan bo‘lsa, chegarada aql bovar qilmas jang uyushtirishlarini «va'da qilgan». Ekspertlarning fikricha, Turkiyaning Suriya kurdlariga qarshi bu qadar namoyishkorona jang ochishi Suriya va Iroqdagi boshqa kurdlarni ham oyoqqa turg‘azishi, bu esa IShID tiklanishi uchun asos bo‘lishi mumkin. AQSh razvedkachilari IShID allaqachon tiklanish jarayonini boshlaganini aytmoqda. Turkiyaning harakatlari esa bu terroristik tashkilot jonlanishi uchun adrenalin vazifasini o‘tashi mumkin.

Erdo‘g‘an Suriya bilan chegarada «xavfsiz hudud»ni tashkil qilishning maqsadlaridan biri u yerda ayni damda Turkiyada bo‘lib turgan 3,6 million nafar qochoqlarni joylashtirish ekanini Yevropa hamjamiyatiga eslatish bilan birga agar bunday hudud paydo bo‘lmasa, Turkiya qochoqlarni Yevropaga «haydashi» bilan qaysidir ma'noda tahdid ham qildi. Yevropa esa shundog‘am sillasini quritayozgan qochoqlarning yangi oqimidan xursand bo‘lmasligi aniq.

6 oktabr tongi boshlanishiga bir necha soat qoldi. Ko‘ramiz, Yaqin sharq bu tongni qanday kutib olarkin...

Ko‘proq yangiliklar: