5 oktabr kuni Toshkentda investitsiya va biznes forumi bo‘lib o‘tdi. Forumda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a'zo davlatlarning savdo-sanoat palatalari raislari, yuqori darajadagi hukumat vakillari, 500 nafardan ortiq tadbirkorlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi axborotiga ko‘ra, mazkur forum turkiy dunyoning ishbilarmon doiralari o‘rtasida ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash uchun platformani yaratishga, O‘zbekiston va turkiyzabon davlatlar o‘rtasida tadbirkorlik, savdo, investitsiya va turizm sohalaridagi hamkorlikni yaxshilashga qaratilgan.
Investitsiya va biznes forumida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining mamlakatlar iqtisodiyotini rivojlantirish borasidagi ahamiyati xususida so‘z yuritildi.
Jamshid Qo‘chqorov, O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari, Moliya vaziri:
─ Bugungi O‘zbekiston iqtisodiyoti ochiq va faol rejimda rivojlanish sari bormoqda. Bu borada valutaning erkin konvertatsiyasi, tijorat banklarining tubdan isloh qilinishi, soliq tizimining qulaylashtirilishi, soliqdagi imtiyozlarning bekor qilinganligi, iqtisodiyotga raqamli texnologiyalarning joriy etilayotgani kabi real harakatlarni ko‘rish mumkin.
Shuningdek, O‘zbekistonda bojxona tizimini soddalashtirish, ayniqsa, turkiyzabon qardosh xalqlar bilan savdo aloqalarini yaxshilash uchun bojxona tizimidagi barerlarni yo‘qotishga harakat qilinmoqda.
Joriy yilda O‘zbekistonga kiritilgan xorijiy investitsiyalar 22 foizga ortdi, chet el kapitali asosida ishlayotgan korxonalar 8 mingdan oshdi. 2018 yilda tashqi tovar aylanmasi 34 mlrd dollarni tashkil etdi. Bugungi kun holatiga ko‘ra, mamlakatda 21ta erkin iqtisodiy sanoat zonasi faoliyat yuritmoqda, 2019 yilning o‘zida 70 mingdan ziyod yangi tadbirkorlik sub'yekti ish boshladi.
Rifat Hisarchik o‘g‘li, Turk savdo-sanoat palatasi prezidenti (Turkiya):
─ Turkiyzabon xalqlar taraqqiyot yo‘lida barcha sohalarda, ayniqsa, iqtisodiy masalada hamkorlik qilishi lozim. Birgina misol. Fransiya va Germaniya birinchi jahon urushida ham, ikkinchi jahon urushida ham ashaddiy dushmanlar bo‘lishgan. Hozir esa bir-biri bilan maslahatlashmasdan ish ko‘rmaydi. Biz qardosh xalqlar bo‘la turib nega birlashmasligimiz kerak? Ayniqsa, gap iqtisodiy taraqqiyot haqida ketganda? Har bir mamlakat rivojlanishni istasa, xususiy tadbirkorlikka e'tibor qaratishi lozim. Xususiy tadbirkorlik rivojlanmagan davlat boy bo‘lishni xayoliga ham keltirmasin.
Forum doirasida turkiyzabon davlatlar ishbilarmonlari o‘rtasida B2B shaklidagi uchrashuvlar o‘tkazildi. Tadbirkorlar qurilish materiallari ishlab chiqarish, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik muzokaralari olib borishdi.