O‘zbekistonda Inson kapitali indeksini aniqlash uchun maktab o‘quvchilarining bilimi sinovdan o‘tkaziladi

O‘zbekiston 09:33 / 05.10.2019 3759

Jahon Banki O‘zbekistonda Inson kapitali indeksini aniqlashda Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan hamkorlik qilishi haqida xabar berilgandi.  

Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ilk marotaba o‘tkazilayotgan ushbu jarayonni tashkil etishga oid dolzarb vazifalar joriy yilning 3 oktabr kuni Ta'lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi rahbari Ulug‘bek Toshkenboyev, Jahon banki vakillari Yanssen Teysheyra va Arub Iqbol, O‘zbekistonga xalqaro tadqiqotlarga tayyorlanishda yordam ko‘rsatib kelayotgan xalqaro miqyosida tan olingan testolog, ekspert Mark Zelman hamda inspeksiyaning tegishli mutaxassislari ishtirokida muhokama qilindi. 

Videokonferensiya shaklida o‘tkazilgan muhokamada inson kapitali indeksini aniqlash uchun maktab o‘quvchilaridan olinadigan testlarni tanlash, ishtirokchilarni saralash va natijalarni umumlashtirish yuzasidan o‘zaro hamkorlikdagi vazifalar muhokama qilindi.

Xususan, mazkur sinovlarni PIRLS (boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining matnni o‘qish darajasi va sifatini baholash) xalqaro tadqiqotlari savollari asosida tashkil etishga, bunda baholash 4-sinf o‘quvchilari uchun o‘quv yili hali endi boshlanganligini inobatga olib, 5-sinf o‘quvchilar o‘rtasida tadqiqot o‘tkazishga kelishib olindi. Sinovlar uchun topshiriqlar xalqaro miqyosida tan olingan testolog Mark Zelman bilan hamkorlikda inspeksiya huzuridagi Ta'lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi mutaxassislari tomonidan PIRLS’dan saralab tanlab olinadi va ko‘rib chiqish uchun Jahon banki vakillariga taqdim etiladi.

Sinovlarni respublika bo‘ylab oktabr va noyabr oylarida tashkil etish, bunda mavjud maktablarning 2 foizidan 10 foizgacha bo‘lgan qismini tanlab olish rejalashtirilgan.

Ta'kidlanishicha, ushbu sinov natijalari sabab O‘zbekiston tarixda ilk marotaba Inson kapitali indeksi reytingiga kiritilishi kutilmoqda. Inson kapitali indeksi reytingini shakllantirishda asosan 3 xil yo‘nalishda ma'lumotlar tahlil qilinadi: sog‘liqni saqlash, ta'lim sifati hamda boshqa iqtisodiy ko‘rsatkichlarga oid statistik ma'lumotlar. Ushbu ma'lumotlar Jahon banki va ishtirokchi mamlakat hamkorligida shakllantiriladi. 

2018 yilda e'lon qilingan «Inson kapitali indeksi-2018» reytingida O‘zbekiston Respublikasining ma'lumotlari e'lon qilinmagan. O‘zbekiston tomonidan faqat sog‘liqni saqlash va iqtisodiy ko‘rsatkichlar taqdim etilgan va bu Jahon banki tomonidan qabul qilingan. Biroq, 2017 yilga qadar O‘zbekiston maktab o‘quvchilarini bilimini aniqlash uchun o‘tkazilgan monitoring ishlari xalqaro standartlarga mos ravishda emasligi sababli ta'lim sifati (o‘quvchilarning bilimini baholash) bo‘yicha taqdim etilgan ma'lumotlar qabul qilinmagan.

Ma'lumot uchun, Inson kapitali loyihasining eng asosiy maqsadi – jadal texnologik rivojlanish davri uchun sog‘lom, zamonaviy bilimga ega hamda muammoli vaziyatlarga moslashuvchan yangi avlodni tayyorlashga ko‘maklashishdan iborat. So‘ngi natijalarda Inson kapitaliga boshqalardan ko‘proq sarmoya kiritayotgan eng faol mamlakatlar beshligidan Singapur, Janubiy Koreya, Yaponiya, Honkong va Finlyandiya o‘rin olgan. Reytingda shuningdek Markaziy Osiyoning uch davlati natijalari keltirilgan - Qozog‘iston (31-o‘rin), Qirg‘iziston (76) va Tojikiston (89).

Ko‘proq yangiliklar: