Dilshod Sultonov: «QQS stavkasining pasayishi davlat budjeti daromadlarini 10 trillion so‘mga kamaytiradi»

Iqtisodiyot 11:46 / 05.10.2019 10971

25 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev soliq siyosatini takomillashtirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Unga ko‘ra, tadbirkorlik sub'yektlarini yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) stavkasi 20 foizdan 15 foizga tushirildi.

3 oktabr kuni Xalqaro press-klubda shu mavzuga bag‘ishlangan muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov ham ishtirok etib, o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

«QQS stavkasining pasayishi haqida gapirish oson. Lekin buning orqasida juda katta mehnat yotibdi. QQS stavkasining 20 foizdan 15 foizga tushirilishi – soliq tushumining 25 foizga kamayishini anglatadi. Shu bilan birga, shunday mexanizm joriy qildik-ki, QQS to‘lovchilarning soni oshdi. Endi QQS to‘lovchilar zanjirining uzluksizligini ta'minlash uchun soliq to‘lovchilarning o‘zlari shu tizimga o‘tmoqda. 4 mingdan ortiq tadbirkor o‘z ixtiyori bilan shu soliqni to‘layman deb yuribdi. Bundan tashqari 1 oktyabrdan QQS bo‘yicha ko‘plab imtiyozlar bekor qilindi. 

QQS stavkasining pasayishi birinchi navbatda davlat budjeti daromadlarining kamayishiga olib keladi, taxminan 10 trillion so‘mga. Ikkinchi tomondan, bu mablag‘lar soliq to‘lovchilarning ixtiyorida qoladi. 

Albatta QQSni oxir-oqibatda iste'molchi, xalq to‘laydi. Ammo QQS stavkasining pasayishi natijasida bu mablag‘lar tadbirkorlik sub'yektlari hisobida qoladi, ularning aylanma mablag‘lari ko‘payadi. 

QQS stavkasi 15 foizga pasayganini 2020 yilgi budjet loyihasida inobatga olganmiz», - dedi Dilshod Sultonov.

Ko‘proq yangiliklar: