Shu kunlarda joylarda senatorlar, mahalliy hokimiyat vakillari, nodavlat notijorat tashkilotlari ekspertlari va keng jamoatchilik ishtirokida o‘tkazilayotgan tadbirlarda yangi qonunlar muhokama etilmoqda, deb yozadi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati.
Navoiy shahrida bo‘lib o‘tgan tadbirda “Valutani tartibga solish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy Banki to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi, “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi va “Kreditorlarni huquqiy jihatdan himoya qilish kuchaytirilishi hamda tadbirkorlik faoliyatini moliyalashtirish mexanizmlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari muhokama qilindi.
Tadbirda “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun haqida so‘z yuritilar ekan, hujjat 12 bob va 83 ta moddadan iborat ekanligi qayd etildi. Yangi Qonunga ko‘ra bank faoliyati bilan shug‘ullanish uchun banklarning ustav kapitali eng kam miqdori 100 mlrd. so‘m miqdorida belgilangan. Hujjatga muvofiq bank tuzish uchun dastlabki ruxsatnoma berish, investorlar tomonidan Markaziy bank roziligisiz banklar aksiyalarini sotib olish tartibi takomillashtirilmoqda. Shuningdek, korrupsiyaning oldini olish va manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, bank xodimlarining odob qoidalariga rioya qilishini ta'minlash bo‘yicha choralar ham ko‘zda tutilgan.
“O‘zbekiston Respublikasining Markaziy Banki to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun 11 ta bob va 72 ta moddadan iborat bo‘lib, unda Markaziy bank vakolatlari tartibga solinmoqda. Ushbu moliya muassasasi ustav kapitalini amaldagi 2 mlrd. so‘mdan 1 trillion so‘mgacha oshirish nazarda tutilgan.
Qonun bilan audit o‘tkazish tartibi takomiliga yetkazilmoqda. Xususan, Markaziy bank faoliyatining ichki va tashqi auditini o‘tkazish belgilanyapti. Unga ko‘ra ichki audit tegishli xizmat tomonidan yiliga kamida bir marotaba, tashqi audit esa har yili mustaqil auditorlik tashkilotlari tomonidan xalqaro standartlarga muvofiq amalga oshiriladi.