«Toshkent yo‘lbarsi» Rufat Risqiyev 70 yoshni qarshiladi

Sport 00:48 / 03.10.2019 22546

2 oktyabrda o‘zbek boks maktabi asoschilaridan biri, boks bo‘yicha jahon chempioni Rufat Risqiyev 70 yoshni qarshiladi. Shu munosabat bilan uning uyi bu kun mehmonlarga, jumladan Milliy Olimpiya qo‘mitasi va O‘zbekiston boks federatsiyasi rahbariyati, boks bo‘yicha yaqinda Rossiyada o‘tgan jahon chempionati sovrindorlari va bir qator jurnalistlar bilan to‘ldi. 

Buyuk o‘zbek bokschisi 1949 yil Oqqo‘rg‘onda shifokor oilasida dunyoga kelgan. 12 yoshidan Toshkentda mashhur murabbiy Sidney Jyekson qo‘l ostida boks bilan shug‘ullanishni boshlagan.

1974 yilda jahon chempioni, 1976 yilda Monrealdagi Olimpiadaning kumush sovrindori bo‘lgan. «Toshkent yo‘lbarsi» laqabi bilan ma'lum bo‘lgan bokschi umumiy hisobda 189 ta jang o‘tkazib, undan 174 tasida zafar quchgan.

Risqiyev sport faoliyatini yakunlagach, kinoda suratga tusha boshlagan, u ishtirokidagi eng mashhur film «Ringga chaqiriladi...» filmi (1979 yil) hisoblanadi. 1997 yilda Risqiyev WBA hakamlar seksiyasiga kirib, Markaziy Osiyoda professional boks bo‘yicha xalqaro toifadagi birinchi hakam bo‘lgan. 

2016 yilda Rufat Asadovichning vena trombozi sababli o‘ng oyog‘i amputatsiya qilingan. 

Rufat Risqiyev uchrashuv vaqtida ko‘rsatilgan ehtirom uchun minnatdorlik bildirgan.

«Yoshligimda qachon katta bo‘laman, deb o‘ylardim. Bugun 70 yoshga to‘ldim. Biroq qalbimda hamon yoshman. Barcha vaqtimni oilam va nabiralarimga bag‘ishlayman. Tashrifingiz va ko‘rsatgan e'tiboringiz uchun juda minnatdorman. Jahon chempionati oldidan bokschilarimizga chin qalbdan omad tilagandim. Tokio Olimpiadasida ham yigitlarimiz uchun qayg‘uraman, ular umidlarimizni oqlashlariga ishonaman», deb aytgan mashhur bokschi.

Mashhur vatandoshimizni ko‘rgani kelgan, Yekaterinburgda o‘tgan jahon chempionati oltin medalini qo‘lga kiritgan yosh bokschi Bahodir Jalolov uchrashuvdan o‘z taassurotlari bilan bo‘lishdi.

«Albatta, barcha g‘alabalarimizda murabbiylarimiz va ustozlarimiz xizmati bebaho. Ularning maslahatisiz biz oldinga harakatlana olmaymiz. Onam menga 3 yosh bo‘lganimda, Rufat aka Surxondaryoga kelganda qo‘limni ko‘tarib, menga katta bo‘lganimda bokschi bo‘lishni va Vatanimiz sha'nini munosib himoya qilishni tilaganini aytib bergandi. Bugun uchrashuv vaqtida men ustozga o‘sha uchrashuv, u kabi yoshligimdan kuchli bokschi bo‘lishni istaganim haqida eslatib o‘tdim. Unga uzoq umr va baxtli hayot kechirishni tilayman», deb aytgan bokschi.

Rufat Risqiyev uchrashuv vaqtida yosh bokschilarimizga o‘zining qimmatli maslahatlarini bergan.

Ko‘proq yangiliklar: