Islom moliyasi so‘nggi bir necha yil davomida jadallik bilan rivojlanayotgan soha bo‘lib, dunyoda 300 dan ziyod islom banklari va moliya muassasalari faoliyat olib bormoqda. Agar 2007 yilda jahon islom bank-moliya tizimi hajmi 750 mlrd. AQSh dollariga teng bo‘lgan bo‘lsa, 2018 yilga kelib 2 trillion AQSh dollaridan oshib ketdi. Ushbu tizim an'anaviy bank-moliya tizimiga muqobil tizim sifatida dunyoning ko‘p mamlakatlari, jumladan musulmon bo‘lmagan (ya'ni Islom hamkorlik tashkiloti a'zolari bo‘lmagan) davlatlarda ham ommalashib bormoqda. O‘tkazilgan so‘rovnomalar, tijorat banklari, tadbirkorlar, hamda ilmiy doiralar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar davomida bizning mamlaktimizda ham ushbu sohaga katta qiziqish va ehtiyoj borligi ma'lum bo‘ldi.
Islom bank-moliya tizimini tatbiq qilish masalasi yurtimiz tadbirkorlari tomonidan uzoq yillar davomida kutilayotgan masala, ammo shu bilan birga bu sohani yaxshi biladigan mutaxassislar ham, bu sohada boshlang‘ich bilimlarga ega bo‘lgan tadbirkorlar ham juda kam.
Trening joriy yilning 6-7 oktabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Biznes va boshqaruv respublika oliy maktabi va IsBF kompaniyasi hamkorligida islom moliyasi bo‘yicha trening tashkil etiladi. Tadbirda islom moliyasi sohasida jahonda yetakchilardan sanalgan Malayziyaning Markaziy banki qoshida tuzilgan INCEIF universitetining Prezidenti va Bosh ijrochi direktori professor Azmi Umar va boshqa mutaxassislar ishtirok etadilar.
Trening dasturi
1 kun – 6 oktabr
· Islom moliyasi va uning o‘ziga xos jihatlari: ribo, g‘arar va maysir.
· Savdo shartnomalari: umumiy shartlari, savdo haqiqiy bo‘lish shartlari, yaroqsiz va nuqsonli qiluvchi shartlar, asosiy taqiqlangan savdo shartlari.
· Islom sarmoya bozori: sukukning asosiy jihatlari va uning obligatsiyalardan farqlari.
· Islom moliyalashtirish mahsulotlari: Mushoraka, Mudoraba, Salam, Istisna va hokazo
· Foyda va zararni taqsimlashga aloqador shartlar.
· Takaful (Islomiy sug‘urta): asosiy ma'lumotlar va o‘ziga xos jihatlari.
· Savol-javoblar
2 kun – 7 oktabr
· Islom banki balansi va daromadlari to‘g‘risidagi hisobotlarning ko‘rinishi;
· An'anaviy banklarda islom moliyasi darchalarini ochish masalasi:
- G‘aznachilik, hisob-kitob (buxgalteriya) va boshqa bitim va jarayonlarning an'anaviy va islom bankchiligi o‘rtasidagi farq va o‘xshashliklari;
- Islom moliyasi darchalarining an'anaviy bank doirasida ishlash tamoyillari. Asosiy talab va muammolar;
- Islom moliya darchalarining shariat talablari doirasida boshqaruvi;
- Shariat kengashi va shariat auditlarining ishlash tamoyillari.
· Murobaha shartnomasi va uning an'anaviy banklar doirasida qo‘llanishi (tuzilishi). Asosiy muammolar.
· Ijara va uning an'anaviy banklar doirasida qo‘llanishi. Asosiy muammolar.
· Islom banklaridagi uy-joylarni moliyalashtirish mexanizmlari;
- tugallanmagan ko‘chmas mulkni sotib olish;
- qurib bitkazilgan ko‘chmas mulkni sotib olish;
- asosiy usul va muammolar.
· Banklar uchun mablag‘ manbalari: Cheklanmagan sarmoya hisob-varaqlari (mudoraba va vakala) va sukuk.
· Zamonaviy islom banklarining asosiy muammolari: tavarruq va unga bog‘liq muammolar.
· Savol-javoblar
Ma'lumot uchun:
INCEIF sifatli ta'lim, tadqiqotlar va ilg‘or g‘oyalar orqali islom moliyasi sohasida amaliyot va nazariyani bog‘lovchi jahondagi eng yetakchi markaz bo‘lishni maqsad qilgan va bu ishni samarali amalga oshirib kelmoqda. Dunyoning 72 davlatidan INCEIFning minglab bitiruvchilari islom moliyasi va bankchiligi sohasida mahsulotlarni rivojlantirish, qonunchilik yaratish va joriy qilish, innovatsiya yo‘nalishlarida faoliyat olib bormoqdalar.
IsBF – islom moliyasi sohasida O‘zbekistondagi ilk moliya-konsalting kompaniyalaridan biri. Kompaniyaning asosiy maqsadi birinchi navbatda O‘zbekistonda va boshqa MDH davlatlarida islom bankchiligi va moliyasini tatbiq etish va rivojlantirishga hissa qo‘shishdir. Kompaniya banklar, korxonalar, tadbirkorlar, sarmoyadorlar va boshqa mijozlarga islom moliyasi sohasida loyihalashtirish, aktivlarni boshqarish, savdo masalalari bo‘yicha maslahatlar berish, sarmoya jalb qilish va boshqa turdagi konsalting xizmatlari taklif etish orqali islom moliyasi sohasida yetakchi bo‘lishga intiladi.
Biznes va boshqaruv respublika oliy maktabi – korporativ boshqaruv, loyiha boshqaruvi va umuman menejment sohasida mutaxassislarni tayyorlash, malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish, xalqaro standartlarga muvofiq zamonaviy korporativ boshqaruv amaliyotini joriy etishni ilmiy va uslubiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan. Bugungi kunda Oliy maktab mamlakatdagi etakchi ta'lim muassasalaridan biri bo‘lib, davlat boshqaruv idoralari, aksiyadorlik jamiyatlari va boshqa xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar uchun boshqaruv kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, shuningdek «Biznes boshqaruv» (MBA) yo‘nalishi bo‘yicha magistrlarni tayyorlovchi yagona davlat ta'lim muassasasi hisoblanadi.
Ma'ruza qiluvchi mutaxassislar:
Professor Azmi Umar - Islom moliyasi bo‘yicha xalqaro ta'lim markazi (INCEIF) ning Prezidenti va Bosh ijrochi direktori. Doktor Azmi hozirgi lavozimiga qadar Islom taraqqiyot bankining (ITB), Islom Tadqiqoti va O‘quv Instituti (IRTI) Bosh direktor lavozimida ishlab kelgan. Bu lavozimda Pr. Azmi ko‘plab innovatsiya tadqiqotlarini joriy qilgan va natijada, IRTI Islomiy Ijtimoiy Moliya Hisoboti va ITB va Jahon Banki bilan birgalikda Glabal Islom Moliyasi hisobotlarini tuzgan. Shuningdek, Pr. Azmi ish jarayonida, ko‘plab ITB a'zo mamlakatlarida Islom moliyasi sohasini rivojlantirish bo‘yicha maslahatchi bo‘lgan va shu doirada texnik yordam ko‘rsatgan. U “KLIFF Islamic Finance Awards 2015” mukofoti bilan taqdirlangan, shariat qo‘mitasi a'zosi sifatida Bank Rakyat (Malayziya)da xizmat qiladi va Etiqa Takaful Malayziya, hamda Bruney Darusalam Markaziy bankida islom moliyasi bo‘yicha ekspert sifatida faoliyat ko‘rsatadi.
Doktor Ziyad Muhammad - Islom moliyasi masalalari bo‘yicha mutaxassis, shariat bo‘yicha maslahatchi va 1998 yildan buyon ushbu sohaning turli yo‘nalishlarida islom sarmoya bozori va bank sohasida konsultant bo‘lib faoliyat ko‘rsatib keladi. 2003 yildan 2006 yilgacha, Janubiy Afrikaning Albaraka bankida islom moliyasiga aloqador mahsulotlarini ishlab chiqish bilan shug‘ullangan. Ayni paytda u INCEIF dotsenti va Malayziyadagi HSBC bankining Shariat kengashi raisi va Taj Bank (Nigeriya) shariati kengashi raisi sifatida xizmat qilmoqda. U Maldiv oroli va Malayziya mamlakatlarining Markaziy Banklarida Shariat Maslahatchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Islom moliyasiga aloqador shar'iy masalalar, Islom sarmoya bozorlari va xatarlarni boshqarish bo‘yicha magistr va doktorantlarga ma'ruzalar qiladi.
Doktor Aida Usmon - Zaid Ibrahim & Co kompaniyasining ta'sischisi va konsalting xizmatlari yo‘nalishining boshqaruvchi direktori. U islom bank ishi va moliyasi, islom sarmoya bozori vositalari, hamda Takaful mahsulotlari bo‘yicha mutaxassis hisoblanadi. Doktor Aidaning islom moliyasi korporativ va chakana moliyalashtirishning tuzilishi va hujjatlari, islom moliyasi xizmatlarning qonuniy va me'yoriy asoslari, sukuk, xususiy sarmoyalar va investitsion fondlar tuzish va shariatga muvofiqlik masalalari, islom moliya institutlarining shariatga muvofiqligini tekshirish va shar'iy audit qilish, takaful mahsulotlari va operatsiyalari, boyliklarni islom asosida rejalashtirish va boshqarish masalalarida ko‘p yillik tajribaga ega. Doktor Aida Malayziya Oliy sudining advokati, shuningdek Kuala-Lumpur mintaqaviy arbitraj markazida Islom moliyasi yoki boshqa shariat bilan bog‘liq nizolar bo‘yicha hakamlik sudi sudyasi hisoblanadi.
Trening birinchi kuni tadbirkorlar, mutaxassislar, sohaga qiziqqan insonlar va keng omma uchun mo‘ljallangan bo‘lsa, ikkinchi kuni asosan banklar, lizing kompaniyalari xodimlari va mutaxassislar uchun mo‘ljallangan. Trening ingliz tilida olib boriladi va o‘zbek tiliga sinxron tarjima qilinadi. Ishtirokchilarga mavzu yuzasidan tarqatma materiallar beriladi.
Treningda qatnashish uchun quyidagi sahifada ro‘yxatdan o‘tiladi: http://docs.rgsbm.uz/?lang=ru
Treningda qatnashish narxi:
Bir kun uchun 500 000 so‘m
Ikki kun uchun 800 000 so‘m
To‘lovni Payme ilovasi orqali amalga oshirish mumkin. Buning uchun “Xizmatlar uchun to‘lov”, “Ta'lim” bo‘limiga o‘tib “Islamic Business and Finance” korxonasiga to‘lov amalga oshiriladi. Yuridik shaxslarga to‘lovni amalga oshirish uchun shartnoma taqdim etiladi.
Manzil: Toshkent shahri, Mirobod ko‘chasi, 25 uy. Biznes va boshqaruv respublika oliy maktabi (Mo‘ljal: “Grand Mir” mehmonxonasi)
Qo‘shimcha ma'lumot uchun telefon raqamlari:
+998 71 239-03-05, +998 99 810-58-44