2019 yilning sentyabrida iste'mol bozoridagi o‘rtacha narxlar darajasining oy davomidagi o‘sish sur'ati 1,3 %ni tashkil etdi.
Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, umumiy hisobda 2019 yilning to‘qqiz oyi davomida iste'mol bozoridagi tovarlar va xizmatlar narxi 9,7 %ga qimmatlashdi.
2018 yilning sentabr oyiga nisbatan respublika iste'mol sektoridagi o‘rtacha narxlar darajasi 16,0 %ga oshgan. Taqqoslash uchun: 2018 yilning sentyabrida tovarlar va xizmatlar narxlari oy davomida o‘rtacha 1,8 %ga, 2017 yilning dekabr oyiga nisbatan 8,1 %ga, 2017 yilning sentyabriga nisbatan esa 16,2 %ga qimmatlashgan.
2019 va 2018 yillarning to‘qqiz oyi davomidagi qisqa muddatli oylik umumiy iste'mol narxlari indekslarini taqqoslash natijalariga ko‘ra, ko‘rsatkichlar orasidagi maksimal uzilish darajasi ham avgust oyi natijalariga to‘g‘ri keladi (2019 yilda 102,9 %, 2018 yilda 100,3 %).
O‘tgan oyga nisbatan 2018 yilning barcha oylari hamda 2019 yilning to‘qqiz oyidagi qisqa muddatli iste'mol narxlari indeksi dinamikasini tahlillari natijalariga ko‘ra, 2019 yilning avgust oyidagi iste'mol narxlari va tariflari indeksi nafaqat joriy yilning o‘tgan davri davomida, balki so‘nggi 21 oy mobaynidagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib qolmoqda.
Yirik guruhlar bo‘yicha narxlar o‘zgarishi tahlillariga ko‘ra, 2019 yilning sentabr oyi natijalariga asosan, oy davomida tovarlar narxlari o‘rtacha 1,2 %, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari 1,4 %, nooziq-ovqat mahsulotlari 0,9 %ga ko‘tarilgan. Xizmatlar narxlari esa oy davomida 2,0 %ga qimmatlashdi.
Taqqoslash uchun: 2018 yilning sentyabrida tovarlar narxlari oy davomida o‘rtacha 1,9 %, xizmatlar esa 1,2 %ga qimmatlashgan. Jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘sish sur'ati 3,3 %ni tashkil etgan vaqtda nooziq-ovqat mahsulotlar narxlari faqatgina 0,3 %ga ko‘tarilgan.
Umumiy hisobda, 2019 yilning uch choragi davomida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 8,4 %, nooziq-ovqat mahsulotlari 8,8 %, xizmatlar 13,7 %ga qimmatlashgan.
Yillik ko‘rinishda (2019 yil sentabr oyi 2018 yilning sentabr oyiga nisbatan) oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 17,5 %, nooziq-ovqat mahsulotlari 12,1 %, xizmatlar 19,5 %ga ko‘tarildi.