«Real» sharmanda bo‘lishiga bir baxya qoldi, raqib hujumchisi golini Ronaldu uslubida nishonladi

Sport 11:00 / 02.10.2019 25904

«Real»ning o‘yini yana bir bor Chempionlar ligasidagi sensatsiyalardan biri bo‘ldi. Madridliklar turnirda qatorasiga ikkinchi bor mag‘lub bo‘lishiga bir baxya qoldi, ammo jamoa faxriylari «Bryugge»ga qarshi o‘yinda jamoani mag‘lubiyatdan qutqarib qolishdi (2:2).

Chempionlar ligasi. 2-tur. A guruhi
«Real» (Ispaniya) — «Bryugge» (Belgiya) — 2:2 (0:2)

Gollar: Dennis, 9 (0:1). Dennis, 39 (0:2). Serxio Ramos, 55 (1:2). Kazemiro, 85 (2:2).
«Real» (Madrid): Kurtua (Areola, 46), Karvaxal, Varan, Serxio Ramos, Nacho (Marselu, 46), Kroos, Kazemiru, Modrich, Vaskes (Vinisius Junior, 67), Benzema, Azar.
«Bryugge»: Minole, Klinton Mata, Mexele, Deli, Sobol, Vormer, Rits, Vanaken, Diatta, Dennis (Openda, 71. Kuls, 87), Tau (Sxreyvers, 90+2).
Ogohlantirishlar: Minole, 69. Openda, 77. Vormer, 78. Azar, 90+2.
Chetlatish: Vormer, 84 (qo‘pol o‘yin, ikkinchi s.k.).
Hakam: Kabakov (Bolgariya).
1 oktabr. Madrid. «Santyago Bernabeu» stadioni.

Belgiyaliklar rekordi
Chempionlar ligasida birinchi turdan keyin eng noodatiy kartina A guruhida kuzatilayotgandi. «Real»ni so‘nggi o‘rinda ko‘rish — bu hali birgina o‘yindan keyin bo‘lsa ham — nonsens edi. Ayniqsa «Qirollik klubi» Ispaniya chempionatida peshqadamlik qilayotgan mahalda. Madridliklar ichki turnirda qatorasiga uchta turda gol o‘tkazmasdan g‘alabali seriya qayd etishdi, ammo yevrokubokda «PSJ»dan alamli mag‘lubiyat qabul qilib oldi (0:3).

«Biz fanatlardan qarzimizni qaytarishimiz kerak», — degandi o‘yindan oldin Zinedin Zidan. U o‘yinlari o‘ziga hech qachon yoqmagan Beyl va Xames Rodrigesni o‘yinga zayavka qilmadi. Bu juftlik amalda jarohatidan endi tuzalgan Isko va Marseloga joylarini bo‘shatib berishdi. Safga qaytgan ikki futbolchi ham zaxirada qolishdi va birinchi bo‘limni o‘z jamoalari mavsumni mag‘lubiyatsiz o‘tkazayotgan «Bryugge»ga qanday mag‘lub bo‘layotganini kuzatib o‘tirishdi.

Zidan maydonga bir necha kun oldin Madrid derbisida o‘ynagan tarkibda faqat ikki o‘zgarish qildi - Garet Beyl va Federiko Valverde o‘rnida Luka Modrich va Lukas Vaskes o‘yinni ilk daqiqalardanoq maydonda boshladi. Bu jamoa sardori Serxio Ramos uchun YeChLdagi yubiley - 120-o‘yin edi va u bu borada o‘z ampluasida Roberto Karlos tomonidan o‘rnatilgan rekordni takrorladi.

«Real» 11-daqiqadayoq gol o‘tkazib yubordi. «Qaymoqranglilar» «Santyago Bernabeu»da 2007 yildan buyon buncha barvaqt gol o‘tkazishmagandi. Bu vaziyatda dastlab hakam ofsayd holatini qayd etdi, ammo mezbonlar himoyasi ofsayd tuzog‘ini qo‘yishda xatoga yo‘l qo‘yishgandi, VAR gol haqqoniyligini tasdiqladi. Chindan ham mehmonlar yarimhimoyachisi Persi Tau qanotda to‘g‘ri pozitsiyada turib to‘pni qabul qilgan va to‘pni Vanakenga uzatgan, u esa Dennisni golli pas bilan ta'minlagandi. Kulgili tarafi belgiyaliklar hujumchisi to‘pga zarba bermagan, u to‘pni o‘ziga bo‘ysundira olmagan, to‘p uning o‘ng oyog‘iga emas, chap oyog‘iga kelgan va undan uzoqlashgandi, lekin to‘p yiqilishga ulgurgan Tibo Kurtuaning yonginasidan o‘tib ketdi. Belgiyaliklar Chempionlar ligasida hali buncha barvaqt gol urishmagandi.

Tanaffusgacha nokdaun 
«Real» bu vaziyatda soxta akademikka o‘xshab qolgandi. Jamoa to‘pga egalik qilar, ammo xuddi gol osmondan tushishini kutayotgandek edi. Bu o‘yinda Azar yana o‘ziga o‘xshamadi, holbuki u mavsumni muvaffaqiyatsiz o‘tkazayotgan bo‘lsada Zidan uni himoyasiga olgan. U o‘zi ham Madridga kelganida moslashish davrini boshdan kechirganini eslab, belgiyalik futbolchining klubdagi kelajagidan mutlaqo xotirjamligini bildirgan. Ammo Azarda o‘ziga ishonch yetishmayapti. U o‘ziga xos zarbasi bilan darvozasini ishg‘ol etishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarda to‘pdan qutulishga harakat qilmoqda.

To‘g‘ri, u jamoadoshlariga qulay paslar yetkazmoqda. Lekin u pas uzatib hujum tempini tushirib qo‘yayotgan vaziyatlar ham bo‘lmoqda yoki undan to‘pni qabul qilib olgan jamoadoshlari aniq zarba bera olmayapti. Birinchi bo‘limda madridliklar safida gol urishga eng yaqin kelgan futbolchi Varan bo‘ldi, ammo uning bosh bilan yo‘llagan zarbasini Minole bartaraf etdi. Maydon egalarining bu vaziyatda omadi kelmadi, ammo ular hali o‘zlarini oldinda nima kutayotganini bilishmasdi.

Bo‘lim oxirida Modrich Dennisning bosimi ostida to‘pni yo‘qotdi, to‘pni egallab olgan nigeriyalik hujumchi esa oldinga yugurdi va darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib bordi, u bu safar ham tezligini to‘g‘ri chamalay olmasdan qoqilib ketdi, ammo oyoqda turib qolishga erishdi hamda to‘pni Kurtuaning ustidan oshirib tashladi.

Golini Krishtianu Ronaldu uslubida nishonlab esa mezbonlarni tahqirladi. «Qaymoqranglilar» YeChL o‘yinlarida birinchi bor «Santyago Bernabeu»da qatorasiga uchinchi o‘yinda o‘z darvozasidan kamida ikkita gol o‘tkazmoqda. Tribuna o‘z jamoasini tanaffusga hushtakbozliklar bilan kuzatdi.

Ramos va Kazemiro sharmandalikka yo‘l qo‘ymadi
O‘tkazib yuborilgan ikki golda ham Serxio Ramos ideal darajada harakat qila olmadi. Eder Militao zaxirada qoldirilgani Zidanga ko‘p savollar tug‘diradi. Fransuz murabbiy esa o‘zining eski gvardiyasiga ishonch bildirishda davom etmoqda, faqat bir narsa tushunarsiz, «Real» unda nega yozda yangi futbolchilar uchun 300 million yevro sarflagandi. Yovich zaxira o‘rindig‘ida, Rodrigu zayavkada ham yo‘q... Bu qarorlar mantiq ko‘rinmaydi.

Bu oqshomda Zidan ikkinchi bo‘limda o‘yinni kuchaytirishi mumkin bo‘lgan zaxiraga ega emasdi. U oqsoqlanayotgan Nacho o‘rniga Marseloni, oshqozonidagi muammosi tufayli Kurtua o‘rniga Areolani tushirishga majbur bo‘ldi. Balki qorni og‘rib qolmaganida ham Zizu uchta zarbadan ikkitasini o‘tkazib yuborgan va muxlislarning nafratiga yo‘liqqan (to‘p unga kelganida butun stadion uvullay boshladi) darvozabonni zaxiraga olgan bo‘lardi. Nima bo‘lmasin bu qaror foyda berdi, Dennis Ramosning navbatdagi xatosidan foydalanib, Varandan ham o‘tib, darvozabon bilan yakkama-yakka holatda qoldi, ammo Areola «Real»ni o‘yinda qoldirdi.

Keyin esa sardor o‘z xatolarini yuvib, VAR yordamida hisobni qisqartirdi.

Jonli efirdagi kadrlarda u ofsayddan gol urgandek ko‘rindi, hamma videotakror ham madridliklar foydasiga ishlayotgani haqida gapira boshladi, faqat arbitr maydon markazini ko‘rsatganidan keyin internetda hakamning qarori to‘g‘riligini isbotlovchi stop-kadrlar paydo bo‘ldi.

Ramos Pikedan keyingi Chempionlar ligasida 10ta gol urgan ikkinchi futbolchi bo‘ldi, u shuningdek turnirda bosh bilan gol urish bo‘yicha Jon Terriga tenglashib oldi (7tadan).

Belgiyaliklar g‘alabani saqlab qola olishmadi. Hisobni qisqartiruvchi goldan keyin madridliklar Minole darvozasi tomon bosimni kuchaytirishdi, Zidan maydonga Vinisius Juniorni tashladi. Braziliyalik futbolchining fintlari jamoaga yordam berdi. Mehmonlar sardori Former 7 daqiqa ichida Azar va Juniorga ishlatgan qo‘polliklari tufayli ikkita sariq kartochka olib maydonni tark etishga majbur bo‘ldi, uning chetlatilishidan bir daqiqa o‘tib Kazemiru Kroosning uzatmasini boshi bilan darvozaga yo‘llab, hisobni tenglashtirdi.

Ramos o‘yin oxirida Minolening xatosidan keyin g‘alaba golini urishi ham mumkin edi, ammr bu ajoyib o‘yin o‘tkazgan «Bryugge»ga nisbatan adolatsizlik bo‘lardi. Qora-ko‘klarga — olqishlar, «Real» va Zidanga esa ko‘plab savollar.

Guruh peshqadami «PSJ» esa Neymarsiz Turkiyada «Galatasaroy» ustidan xotirjamlik bilan g‘alaba qozondi va guruh peshqadamligini mustahkamladi. «Real»da 2 o‘yindan keyin 1 ochko bor.

Emmanuel Dennis kim?

«Santyago Bernabeu»dagi o‘yin qahramoni ikki yil avval Ukraina chempionatida Luganskning «Zarya» klubida to‘p surardi, u Yevropaga Abujadagi akademiyadan kelgan. Bu hujumchi Ukrainada yaxshi mavsum o‘tkazgach, «Bryugge» uni 1,3 mln yevro evaziga sotib olgan. Ikki mavsumda u «Bryugge» safida 82 o‘yinda 24 gol urishga erishdi.

«Biz Nigeriyada yosh, talantli futbolchi borligini payqadik. Uning istiqbolli futbolchi ekanini hisobga olib, jamoaga olib keldik. Hozir ko‘plab klublar yosh futbolchilarga ishonch bildirishmoqda. Biz tavakkal qilmadik», degandi o‘shanda «Zarya» bosh murabbiyi Yuriy Vernidub.

Emmanuel uni Nigeriyadan Yevropaga olib kelganlarning ishonchni oqladi. «Real» bilan o‘yinda ushbu nigeriyalik hujumchi raqib darvozasiga YeChL o‘yinining bir bo‘limida ikki gol urish orqali Dmitriy Radchenko («Spartak») va Mario Manjukichning («Yuventus») natijalarini takrorladi.

 

Ko‘proq yangiliklar: