«Kechirip koyunuzdar»: Rossiyalik teleboshlovchi Andrey Malaxov qirg‘izlardan uzr so‘radi

Jahon 09:25 / 02.10.2019 45170

Rossiyalik taniqli teleboshlovchi Andrey Malaxov o‘zining “Pryamoy efir” ko‘rsatuvida rossiyalik milliarder Vladimir Marugovning o‘g‘li Aleksandrning o‘limi yuzasidan aytgan so‘zlari uchun qirg‘izlardan qirg‘izchada uzr so‘radi.  

25 yoshli Aleksandr Marugov iyulda Moskvada avtohalokat oqibatida hayotdan ko‘z yumgandi. U o‘zining mototsiklida Qirg‘iziston fuqarosi Islombek Akbarov boshqargan taksiga urilgan. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, yo‘l-transport hodisasiga Akbarov sababchi bo‘lgan. 

Avvalroq Malaxov 24 sentyabrdagi ko‘rsatuvida Akbarov ma'lum pul evaziga yo‘l-transport hodisasini ataylab uyushtirgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminni bildirgandi. Bu esa qirg‘iz ijtimoiy tarmoqlarida norozilik keltirib chiqargan, foydalanuvchilar jurnalistdan uzr so‘rashni talab qila boshlashgan. Jumladan, Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirligi ham teleboshlovchining so‘zlaridan tashvish bildirgan.    

Keyinroq Malaxov uning so‘zlari noto‘g‘ri talqin qilinganidan afsus bildirgan.

“Qirg‘iz xalqining qadimgi hikmatida “Tinglashni bil va shunda seni ham tinglashadi” deyilgan. Bugun mening noto‘g‘ri tushunilgan so‘zlarim nafsoniyatiga tekkan yoki ranjitgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan Rossiya va Qirg‘izistondagi tomoshabinlar meni tinglashlarini istayman. “Pryamoy efir” dasturining butun tahririyati va shaxsan o‘zim nomimdan samimiy afsuslarni bildirmoqchiman. Bizning ko‘rsatuvni butun dunyoda tomosha qilishadi va biz barcha tomoshabinlarimizni davlati va millatidan qat'i nazar birdek hurmat qilamiz va yaxshi ko‘ramiz. Kechirip koyunuzdar! Kechirim so‘rayman!”, deb kechirim so‘ragan Malaxov jonli efirda.

 

Ko‘proq yangiliklar: