Eron AQShni Afg‘onistonda giyohvand moddalar ishlab chiqarilishi hajmi 50 marta oshishida aybladi

Jahon 20:40 / 02.10.2019 8346

Eron bosh prokurori Muhammad Jafar Muntazariy Afg‘onistonda turli taqiqlangan giyohvand moddalar ishlab chiqarilishi hajmining jadal oshishida AQSh boshchiligidagi koalitsiyadan norozilik bildirdi va Afg‘oniston sanoat narkotiklari qutbiga aylanayotganidan ogohlantirdi. Bu haqda Fars News axborot agentligi xabar berdi.

“BMTning giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi taqdim qilgan ma'lumotlarga ko‘ra, koalitsiya kuchlari Afg‘onistonda paydo bo‘lguncha u yerda 200 tonna, hozirda esa 10 ming tonnagacha giyohvand modda ishlab chiqarilmoqda. Bu esa giyohvand modda ishlab chiqarilishi 50 marta oshganini anglatadi”, deb aytgan Muntazariy ShHTga a'zo davlatlar bosh prokurorlarining Qirg‘izistonda o‘tayotgan 17-sammitida.      

U, shuningdek, Afg‘oniston hozirda dunyoda giyohvand moddalar sanoati qutbiga aylanayotganidan ogohlantirgan. 

Eron bosh prokurorining ta'kidlashicha, Afg‘onistondagi siyosiy va ijtimoiy vaziyat hamda xorijliklarning borligi markaziy hokimiyatning giyohvand moddalar ishlab chiqarilishiga qarshi sa'y-harakatlariga asosiy to‘siq hisoblanadi. Muntazariy bu xavf Eronga Afg‘onistonning qo‘shnisi sifatida yetkazadigan zarardan tashvish bildirgan. 

Eron politsiyasining ta'kidlashicha, Afg‘onistonda giyohvand moddalar ishlab chiqarilishi AQSh 2001 yilda mamlakatga bostirib kirganidan keyin ancha oshgan. 

Ko‘proq yangiliklar: