Vazirlar Mahkamasining “Sanoat yarmarkalari va elektron kooperatsiya birjasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish va talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019 yil 1 maydagi PQ-4302-son qaroriga muvofiq davlat xaridlari maxsus axborot portali bilan integratsiyalashgan elektron kooperatsiya birjasi portali ishlab chiqilishi belgilangan.
Sanoat yarmarkalari va elektron kooperatsiya birjasi portali faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.
Belgilanishicha:
portal faoliyatini tashkil qilish va muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga yuklanadi;
portalni ishlab chiqish va doimiy texnik qo‘llab-quvvatlash xalqaro moliya institutlari va donor tashkilotlar grantlari, homiylik xayriyalari hamda portal orqali tuziladigan shartnomalardan undiriladigan vositachilik haqi, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga portal faoliyatiga oid quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklandi:
respublikada sanoat mahsulotlari, shu jumladan mahalliylashtirilgan tayyor mahsulotlar. butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallarni sotish yoki sotib olish bo‘yicha shartnomalarni tuzish uchun portalda sharoitlar yaratish;
portalda xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar o‘rtasida munosabatlarning erkinligini va shartnomalarni tuzish shaffofligini ta'minlovchi mexanizmlarni tatbiq qilish;
respublikada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarining turlari, texnik tavsiflari va sifat ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni onlayn tarzda portalga joylashtirish.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi budjet va korporativ buyurtmachilar, shuningdek, strategik xarid qiluvchilar bilan birgalikda ularning kelgusi davr uchun davlat xaridlari reja-jadvallarining portalga muntazam ravishda kiritib borilishini ta'minlaydi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda har uch oyda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish orqali xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarni xarid faoliyatiga jalb qilish maqsadida respublikada ishlab chiqarilayotgan tayyor mahsulotlarning sanoat yarmarkalari o‘tkazib borilishini ta'minlaydi.
Bunda rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqib, mahsulotlarni zamonaviy dizayn asosida joylashtirishni hamda buyurtmachi va ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi shartnomalarning onlayn tarzda portal orqali tuzilishini nazarda tutadi.
Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:
muntazam o‘tkaziladigan sanoat yarmarkalarida respublikada ishlab chiqarilgan tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallarni xarid qilish bo‘yicha buyurtmachi sifatida ishtirok etadiganlar vazirlik, idora va xo‘jalik birlashmalari tomonidan ta'minlanadi;
mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallar respublikaning barcha iste'molchilari uchun tenderlarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron kooperatsiya birjasi portali orqali xarid qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalaridagi korxonalar ishlab chiqarilishi o‘zlashtirilgan import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar bilan sanoat yarmarkalarida ko‘rgazmali ishtirok etishini ta'minlaydilar.