Gnabri «Tottenhem»ni Londonda «ko‘mdi». YeChLda birinchi kun o‘yinlari

Sport 15:30 / 02.10.2019 14789

1 oktyabrdan 2 oktyabrga o‘tar kechasi Chempionlar ligasining guruh bosqichi 2-turi doirasida 4ta guruhda 8ta o‘yin bo‘lib o‘tdi.

A guruhi
O‘tda yonmas parijliklar

«Galatasaroy» — «PSJ» — 0:1 (Ikardi, 52).

«Real» — «Bryugge» — 2:2 (Serxio Ramos, 55. Kazemiru, 85 — Dennis, 9, 39). Chetlatish: Former («Bryugge»), 84.

«Real»ning «Bryugge» bilan qiyin durangi haqida avvalroq yozilgandi. Yevropaning yana bir grandi «PSJ» ham seshanba kuni qiyin o‘yin o‘tkazdi — parijliklar «Galatasaroy» mehmoni bo‘lishdi. Neymar hamon bahordagi qilig‘i uchun diskvalifikatsiya o‘tamoqda va jamoa braziliyalik yetakchisisiz qiynalmoqda. Bu o‘yinda «PSJ»ning hujum uchligi Di Mariya, Sarabiya va Ikardidan tarkib topdi — o‘yinning 52-daqiqasida Sarabiyaning pasini Ikardi golga aylantirdi. Bu yozning asosiy transferlaridan biri sifatida Parijga kelgan argentinalik hujumchining yangi klubi safidagi birinchi goli bo‘ldi.

Bu goldan keyin mehmonlar hisobni saqlab qolish uchun o‘ynashdi va bunga erishishdi. Ikki o‘yinda ikki g‘alaba va A guruhida kim birinchi o‘rinni egallashiga hech kimda shubha yo‘q.

V guruhi
«Shporlar»: «Arsenal»dan ham yomonroq

«Tottenhem» — «Bavariya» — 2:7 (Son Xin Min, 12. Keyn, 61, penalti — Kimmix, 15. Levandovski, 45, 87. Gnabri, 53, 55, 83, 88).

Yevropa vitse-chempionlari qiyin damlarni boshdan kechirishmoqda. «Tottenhem» ichki chempionatda ham yaxshi ishtirok eta olmayapti, jamoa tez-tez ochko yo‘qotmoqda, Angliya Ligasi Kubogini to‘rtinchi divizion vakiliga yutqazgan holda tark etdi, endi esa o‘z uyida «Bavariya» tomonidan yakson etildi. Garchi o‘yin Son Xin Min mehmonlar himoyasidagi xatodan unumli foydalanishi bilan boshlangan bo‘lsada.

Nemislar grandi tanaffusga qadar nafaqat hisobni tenglashtirdi, balki hisobda oldinga ham chiqib oldi. Dastlab Kimmix uzoq masofadan darvozani ishg‘ol qilgan bo‘lsa, bo‘lim oxirida Levandovski o‘zi boshlagan hujumni ajoyib yakunlab, navbatdagi golini urdi. Gol mashinasi to‘xtovsiz ishlamoqda: u bu mavsumda faqat bitta o‘yinda gol urmagan («Borussiya»ga qarshi avgust oyi boshidagi Germaniya Superkubogi o‘yinida), u o‘tgan vaqt mobaynida 14 marta raqib jamoa darvozabonlarini xafa qilgan.

Ikkinchi bo‘limda esa «Arsenal»ning sobiq yarimhimoyachisi Serj Gnabri o‘yin taqdirini hal qildi. «Tottenhem» stadionidagi to‘rtta gol — nafaqat myunxenliklar uchun, balki «kanonirlar» uchun ham ekstaz.

«Shporlar» ikkinchi bo‘limda, to‘rtinchi goldan keyin bitta javob goli qaytarishgandi, Keyn penaltini aniq ijro etdi, ammo bu gol jamoani tahqirlanishdan qutqara olmadi. Gnabri poker, Levandovski — dubl rasmiylashtirdi, «Bavariya» — safardan yirik g‘alaba bilan qaytdi. London shimoli myunxenliklar klubi uchun hamisha mehmondo‘st bo‘lgan. 2017 yil boshida «Arsenal» nemislar klubiga ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 2:10 hisobida mag‘lub bo‘lgandi. Ammo «Tottenhem» qo‘shnilarining natijasidan o‘tib ketadigan ko‘rinadi. Bunday bir o‘yindagi halokatli natijani hatto «Arsenal» ham qayd etmagan.

«Tsrvena Zvezda» — «Olimpiakos» P — 3:1 (Vulich, 62. Milunovich, 87. Boake, 90 — Semedu, 37). Chetlatish: Benzya («Olimpiakos»), 57.

«Tsrvena Zvezda» va «Olimpiakos» tez-tez to‘qnashib turadi. Bu safargi uchrashuv esa do‘stona tugamadi. Birinchi bo‘limda serblar jamoasi darvozaboni Boryanning qo‘pol xatosi mehmonlarga gol taqdim etdi.

Ammo ikkinchi bo‘limda «Olimpiakos» yarimhimoyachisi Benziyaning chetlatilishidan keyin greklarning o‘yini buzilib ketdi. Avvaliga Vulich hisobni tenglashtirdi, o‘yinning so‘nggi daqiqalarida «Tsrvena Zvezda» raqibni taslim qildi — 3:1.

S guruhi
Xorvatlarning mustahkam qo‘rg‘oni

«Manchester Siti» — «Dinamo» Z — 2:0 (Sterling, 66. Fouden, 90+5).
«Atalanta» — «Shaxtyor» — 1:2 (Sapata, 28 — Moraes, 41. Solomon, 90+5). Aniq ijro etilmagan penalti: Ilichich («Atalanta»), 16.

Pep Gvardiola o‘yindan avvalgi matbuot anjumanida raqib bilan hisoblashish kerakligini aytib, birinchi turda xorvatlar «Atalanta»ga hech qanday imkoniyat qoldirmagani (4:0) haqida eslatib o‘tgandi. Bu murabbiylarning matbuot anjumanlarida aytadigan odatiy gapiga o‘xshab ko‘ringan, «Manchester Siti» maydonda «Dinamo»ni osonlik bilan yengishi kutilgandi. Ammo mezbonlar maydonga raqibni mensimay tushgani ko‘rinib qoldi.

Angliya chempionlarida birinchi bo‘limda bir necha xavfli vaziyatlar bo‘ldi. Hujumlardan birida mezbonlar raqib darvozasi tomon ketma-ket uch bor zarba berdi, ammo gol bo‘lmadi. Boshqa epizodda Gundo‘g‘an darvoza to‘sinini nishonga oldi, uchinchi bir vaziyatda esa David Silva besh metr masofadan to‘pni darvozaga joylab qo‘ya olmadi — darvozabon to‘pni to‘sib qolishga ulgurdi.

Aftidan bu oqshomning golsiz yagona uchrashuvi Manchesterda bo‘ladigandek edi. Lekin 66-daqiqaga kelib zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Sterling xorvatlar qo‘rg‘onini ochishga erishdi. O‘yin oxirida esa zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan yana bir futbolchi Fouden ikkinchi golni urdi.

Guruhning ikkinchi uchrashuvida esa «Atalanta» qatorasiga ikkinchi o‘yinda mag‘lub bo‘ldi — o‘z uyida «Shaxtyor»ga.

D guruhi
Syomin hammasini hisobga olgandi. Joau Felishdan tashqari

«Lokomotiv» — «Atletiko» — 0:2 (0:0)
Gollar: Joau Felish, 48 (0:1). Partey, 58 (0:2).

«Yuventus» (Italiya) — «Bayyer» (Germaniya) — 3:0 (1:0)
Gollar: Iguain, 17 (1:0). Bernardeski, 62 (2:0). Krishtianu Ronaldu, 89 (3:0).

«Yuventus»ning oson g‘alabasi va Ronalduning navbatdagi rekordlari haqida avvalroq yozildi. «Loko» esa «Bayyer» va «Zenit» ustidan qozonilgan g‘alabalardan keyin Moskvada «Atletiko»ga mag‘lub bo‘ldi. O‘yin taqdirini madridliklarning yangi futbolchisi, portugaliyalik vunderkin Joau Felishning individual harakatlari hal qildi. Qolaversa, mehmonlar darvozaboni Yan Oblak ham jamoasi g‘alabasiga hissa qo‘shdi. U o‘yin oxirida Krixovyakning 100 foizlik golli vaziyatda turib yo‘llagan zarbasini aqlbovar qilmas seyv amalga oshirib bartaraf etdi. 

Moskvaliklar bu 2 yil oldin Yevropa Ligasi nimchorak finalidagi sharmandali natijalar (0:3, 1:5) uchun qasos ololmagan bo‘lsada, bu safar hisob yiriklashib ham ketmadi. O‘yindan keyin mezbonlar ustozi Yuriy Syomin raqib murabbiyi Diyego Simeoneni maqtadi va u jamoasi bilan YeChL g‘olibi bo‘lishini aytib o‘tdi. Endi moskvaliklar «Bayyer» bilan uchinchi o‘rin va Yevropa Ligasi yo‘llanmasi uchun kurashish haqida o‘ylasa ham bo‘laveradi.

Ko‘proq yangiliklar: