«Aeroflot» bosh direktori o‘rinbosari hibsga olindi 

Jahon 23:21 / 02.10.2019 32942

Moskvaning Basman sudi Rossiyaning eng yirik aviakompaniyasi  «Aeroflot» bosh direktori o‘rinbosari Vladimir Aleksandrovni 250 mln rublni o‘g‘irlash ishi bo‘yicha hibsga oldi. 

Davlat ayblovi Aleksandrovni uy qamog‘iga o‘tqazishni so‘ragan. Gumonlanuvchining o‘zi esa o‘ziga nisbatan tergov izolyatorida saqlash bilan bog‘liq bo‘lmagan ehtiyot chorasini ko‘rishni iltimos qilgan. Tergov esa huquq-tartibot idoralarining sobiq xodimi va keng aloqalarga hamda katta moliyaviy imkoniyatlarga ega bo‘lgan Aleksandrov ozodlikda qolsa, tergovga xalaqit qilishi, jumladan yashirinishi, guvohlarga bosim o‘tkazishi va dalillarni yo‘q qilib yuborishi mumkinligini ta'kidlagan.

Himoya bu xavotirlar hech nima bilan asoslanmaganini, Aleksandrovning aybdorligi isboti yo‘qligini aytgan. Advokatlar Aleksandrov aybini tan olmasa-da, tergov bilan hamkorlik qilishga tayyorligini aytishgan. 

Aleksandrovdan tashqari, ushbu ish bo‘yicha advokatlar Dina Kibets va Aleksandr Slivkoga, “Aeroflot” huquqshunoslik departamenti sobiq boshlig‘i Tatyana Davidovaga o‘ta katta miqdorda firibgarlik qilish ayblovi qo‘yilgan.  

Tergov versiyasiga ko‘ra, Aleksandrov 2015-2016 yillarda aviakompaniya pullarini o‘g‘irlash maqsadida uyushgan guruh tarkibida harakatlangan holda advokatlar Slivko va Kibets bilan yuridik xizmat ko‘rsatish to‘g‘risida 4 ta shartnoma imzolagan. Aslida ushbu shartnomalar bo‘yicha ishlarni «Aeroflot» huquqshunoslik bo‘limi xodimlari bajarayotgan bo‘lishgan. Aleksandrov va Davidov bu shartnomalar bo‘yicha 2016-2018 yillarda advokatlar kollegiyasiga Slivko va Kibets tuzgan soxta akt bo‘yicha kamida 250 mln rubl o‘tkazib berishgan.

Aviakompaniyada ta'kidlanishicha,  ushbu ish bo‘yicha tergov bilan hamkorlik qilinmoqda va hech qanday izoh berilmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: