Yevropa investitsiya banki vitse-prezidenti: Investorlar O‘zbekistonga kelishdan oldin uch qayta o‘ylanadi

Iqtisodiyot 11:25 / 01.10.2019 40099

23-24 sentabr kunlari Yevropa investitsiya banki vitse-prezidenti Vazil Hudak Orol dengizini tiklash loyihasi bo‘yicha Investitsiya va tashqi savdo vazirligi bilan o‘zaro anglashuv memorandumini imzolash uchun O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

Ushbu hujjat doirasida Yevropa investitsiya banki O‘zbekistonga 100 million yevrodan ortiqroq mablag‘ ajratishni reja qilgan.

Kun.uz muxbiri mazkur loyiha, bank va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati hamda kelgusidagi hamkorlik rejalari haqida to‘liqroq ma'lumot olish uchun YeIB vitse-prezidenti Vazil Hudak bilan suhbatlashdi.

Avvalambor, assalomu alaykum, O‘zbekistonga xush kelibsiz.

– Salom, tashakkur.

Ma'lumki, Yevropa investitsiya banki dunyodagi eng katta, keng tarmoqli moliyaviy institutdir. Bankning Yevropa Ittifoqi hududi hamda undan tashqari mintaqalardagi asosiy maqsadlari nimalardan iborat?

– Chindan ham, aytib o‘tganingizdek, Yevropa investitsiya banki dunyodagi eng katta xalqaro moliyaviy institut hisoblanadi. Biz har yili o‘rtacha 70-75 milliard yevro atrofida moliyaviy ko‘mak ajratamiz. Bu ko‘rsatkich xalqaro maydondagi iqtisodiy holatga qarab o‘zgarib turadi. Biz uchun zaxirada qo‘shimcha mablag‘ bo‘lishi muhim. Chunki u yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan iqtisodiy bo‘shliqlarni to‘ldiradi.

Tijorat banklaridan farqli ravishda, biz ancha faolmiz va moliyaviy ko‘mak berishga doim tayyor turamiz. Ayniqsa, iqtisodiy holat yomonlashgan vaqtlarda. Bunday vaziyatlarda turli muammolar yuzaga keladi va tijorat banklari ahvolni yaxshilashga qodir bo‘lmay qoladi.

Biz Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankidan sakkiz barobar ko‘p, ya'ni aytib o‘tganimdek, yiliga 70-75 milliard yevro atrofida moliyaviy ko‘mak ajratamiz. Bu borada hatto Jahon bankidan ham oldinda turamiz. Ularning yillik qarz ajratmalari miqdori taxminan 60-65 milliard yevro.

Yevropa investitsiya banki Yevropa Ittifoqiga a'zo 28ta davlatga tegishli. Bank 1958 yilda Yevropa mamlakatlari iqtisodiy holatini yaxshilash maqsadida tashkil etilgan va dastlabki yillarda asosan mintaqadagi davlatlar rivoji uchun xizmat qilgan. Ammo biroz vaqt o‘tgach, u faoliyatini asta kengaytirib, Yevroittifoq hududidan tashqarida ham moliyaviy ko‘maklar ajrata boshlagan.

Hozirda taxminan o‘n foiz aktivlarimiz, ya'ni 8 milliard yevroga yaqin mablag‘ ajratmalarimiz Ittifoq tashqarisidagi xorijiy mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Bankning shtab-kvartirasi Lyuksemburgda joylashgan bo‘lib, jami uch mingga yaqin xodim faoliyat yuritadi. Hozirga kelib dunyoning turli mintaqalarida bankning vakolatxonalari mavjud.

Yevropa investitsiya bankining dunyo bo‘ylab 14ta shaharda vakolatxonalari bor. Bankning Markaziy Osiyo davlatlari shaharlaridan birortasida, masalan Toshkentda vakolatxona ochishi ehtimolini qanday baholagan bo‘lardingiz? Umuman, vakolatxona uchun hudud tanlanayotganda qanday omillar inobatga olinadi?

– Biz imkon qadar ortiqcha xarajatlar va qog‘ozbozlik ishlaridan o‘zimizni chetga tortamiz, ochig‘ini aytsam. Biz loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish va moliyalashtirishda ko‘mak berishga asosiy e'tiborimizni qaratamiz.

Aytib o‘tganingizdek, bankning vakolatxonalari sanoqli mamlakatlardagina mavjud. Markaziy Osiyo mintaqasi – biz uchun tom ma'noda yangi bir hudud. Hozir bu yerda mintaqa davlatlari uchun vakolatxona tashkil etish masalasini ko‘rib chiqyapmiz. Shubhasiz, O‘zbekiston va uning poytaxti Toshkent joylashgan o‘rni, bu yerda amalga oshirilayotgan islohotlar va yana ko‘plab boshqa sabablarga ko‘ra, vakolatxona uchun har tomonlama mos nomzod sifatida ko‘rilishi mumkin. Lekin bu to‘g‘rida hozir aniq bir gap ayta olmayman. Bu masalani bank rahbariyati o‘rganib, o‘z xulosasini beradi, deb o‘ylayman.

Yevropa investitsiya banki va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik hozir qay darajada? Bu hamkorlik kelajagini qanday baholaysiz?

– Hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yganimizga hali ko‘p bo‘lmadi. Bank va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik bitimi 2018 yil fevral oyida imzolangan. Bu esa bor yo‘g‘i bir yarim yil degani. Ammo shu qisqa vaqt oralig‘ida ko‘plab loyihalar qo‘shma dasturini ishlab chiqdik. Ikki o‘rtada allaqachon 200 million yevro qiymatga ega moliyalashtirish loyihasi bo‘yicha kelishuvga erishilgan va hozirda yana turli rejalarni amalga oshirish uchun 400 million yevro ajratishni dasturga kiritganmiz.

Aytishim mumkinki, hamkorlik aloqalari tez sur'atda o‘sib boryapti. Biz O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan jadal islohotlardan kelib chiqqan holda hamkorlik rivojiga katta imkoniyatlar mavjud, deb ishonamiz.

O‘zbekistonga kelishdan oldin investorlar ikki qayta o‘ylab ko‘radi.

– Uch qayta deyavering.

Sizningcha, buning sababi nimada? Nega ular O‘zbekistonga investitsiya kiritishdan bunchalik hadiksiraydilar?

– O‘zbekistonda tub islohotlar boshlanganiga ko‘p bo‘lmadi, o‘rta hisobda uch yil deb aytish mumkin. Shunday ekan, fikrimcha, ko‘plab investorlarni bu yerda bo‘layotgan o‘zgarishlarning uzoq yoki qisqa muddatli ekani, rivojlanish yo‘lidagi harakatlar barqaror bo‘lishi yoki bo‘lmasligi, boshlangan islohotlar qay darajada bardavom tus olishi o‘ylantirmoqda. Chunki bozor iqtisodiyotiga jadal sur'atlarda o‘tayotgan har qanday davlatda ham bu kabi holat kuzatiladi.

Bundan tashqari, butun Markaziy Osiyo mintaqasining rivojlanish jarayoni ham e'tiborga olinishi kerak. Bu hudud bevosita yuksalib borayotgan Xitoy, mintaqada o‘z qarashlariga ega Rossiya, Turkiya, Eron kabi davlatlarning diqqat markazida. Ularning har biri o‘z manfaatini ko‘zlab ish yuritadi. Shunday ekan, bu yerga kelmoqchi bo‘lgan investorlar vaziyatni yaxshilab kuzatadi, O‘zbekistonning mazkur mintaqada qanday tashqi siyosat yuritishi, qanday strategiya qo‘llashini batafsilroq bilmoqchi bo‘lishadi.

O‘zbekistonga Orol dengizi hududidagi vaziyatni yaxshilash bo‘yicha ikki tomonlama bitimni imzolash uchun kelgansiz. Ushbu loyihani amalga oshirishni taqozo qiluvchi asosiy sabablar nimalardan iborat?

– Chindan ham O‘zbekistonga mamlakatingiz Tashqi savdo vaziri bilan mazkur hujjatni imzolash uchun kelganman. Bu bitim bank tomonidan O‘zbekistonga Orol dengizi hududidagi vaziyatni yaxshilash uchun 100 million yevrodan ortiqroq mablag‘ ajratilishini nazarda tutadi.

O‘rni kelganda aytib o‘tishim kerakki, Orol muammosi O‘zbekistonning ichki muammosigina emas, balki global miqyosdagi e'tiborni talab qiluvchi talafotdir.

Xabaringiz bo‘lsa kerak, shu kunlarda Nyu-Yorkda BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha xalqaro sammiti bo‘lib o‘tmoqda. Bizning bankimiz ushbu yig‘ilishda o‘zining bir qancha dasturlarini e'lon qilgan, xususan, biz 2025 yilga qadar ajratadigan moliyaviy yordamlarimizning 50 foizini, ya'ni yiliga 40 milliard yevro atrofidagi mablag‘ni, iqlim bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilashga xizmat qiluvchi loyihalarga sarflamoqchimiz. Bu bankimizning asosiy maqsadlaridan biri.

Orol dengizi haqida gap ketganda esa biz sho‘rlanishga qarshi kurashda foyda keltiruvchi, sug‘orish tizimini yaxshilovchi loyihalarni moliyalashtirishni reja qilganmiz. Umid qilamizki, bu hududdagi vaziyatni o‘nglashga va uni aholi istiqomat qilishi uchun qulay bir maskanga aylanishiga ko‘mak beradi.

O‘zbekistonga mamlakat investitsiya muhitini yaxshilashga doir qanday tavsiyalar bergan bo‘lardingiz?

– Fikrimcha, bu yerdagi umumiy vaziyat ancha ijobiy tus olgan allaqachon. Hukumatning investorlarga munosabati ham juda iliq. Investorlar uchun asosiy ahamiyat kasb etuvchi masalalar – bu mamlakatdagi iqtisodiy holatning barqaror bo‘lishi, ularning huquqlari va xususiy mulki muhofaza etilishi hamda byurokratiyaning imkon qadar kamaytirilishi bilan bog‘liq, deb o‘ylayman.

Qaror qabul qilish jarayoni ko‘p vaqt olmasligi, bir idoradan boshqa idoraga qog‘oz ko‘tarib yugurib yurishga zarurat qolmasligi kerak. Umumiy qilib aytganda, investorlarga imkoniyatlar yaratib berilishi va xayrixoh munosabat juda muhim.

– O‘zbekiston va bank o‘rtasidagi rejalashtirilgan loyihalar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tsangiz.

– Biz hamkorlikda ko‘plab loyihalarni rejalashtirganmiz. Ular asosan atrof-muhit bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilashga qaratilgan. Misol uchun, maishiy chiqindilarni bartaraf etish bo‘yicha bir qancha ishlarni amalga oshirmoqchimiz. Bu – har yili 500 ming tonnadan ortiq chiqindi chiqaruvchi Toshkent shahrida ayniqsa katta muammo. Chiqindi shahardan uncha uzoq bo‘lmagan ochiq hududga olib borib tashlanadi va buning atrof-muhitga zarari nihoyatda katta. Biz mazkur muammo yuzasidan shahar hokimiyati bilan kelishgan holda chora-tadbirlar ishlab chiqishni ko‘zlayapmiz.

Bundan tashqari, katta-katta ishlab chiqarish korxonalarida elektr energiyasi iste'molini optimallashtirish, gidroelektrostansiyalarni ta'mirlash va zamon talabiga mos holatga keltirish orqali ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni ham maqsad qilganmiz.

Ko‘proq yangiliklar: