Madrimov shu haftada Nyu-Yorkdagi boks oqshomining asosiy ringida jang qiladi

Sport 16:30 / 01.10.2019 11562

Professional boksning super yarim o‘rta (-69,85 kg) vazn toifasi vakili Isroil Madrimov 5 oktabr kuni o‘zining navbatdagi jangini meksikalik tajribali bokschi Alexandro Barreraga (29-5, 18 KO) qarshi o‘tkazadi.

U o‘z faoliyatidagi to‘rtinchi jangidayoq AQShning eng mashhur Madison Square Garden asosiy arenasida katta boks oqshomining asosiy ikki jangidan birida ringga ko‘tariladi. Kechaning markaziy jangida qozog‘istonlik boks yulduzi Gennadiy Golovkin (39-1-1, 35 KO) ukrainalik Sergey Derevyanchenkoga (13-1, 10 KO) o‘rta (72,58 kg) vaznda vakant bo‘lgan IBF chempionlik kamari uchun jang qiladi. 

E'tiborli jihati, Isroil Madrimov hech bir bokschi erishmagan tarixiy natijani qayd etmoqda. Shu paytga qadar hali biror bir bokschi 3ta jangidan so‘ng bunday nufuzli jang oqshomining asosiy jangida ishtirok etmagan.

Gennadiy Golovkin va Isroil Madrimov ishtirokidagi jang boks oshqomining asosiy ikki jangi bo‘ladi hamda AQShda DAZN, Buyuk Britaniyada Sky Spors telekanallari orqali asosiy kard sifatida namoyish etiladi.

Ma'lumot uchun, 33 yoshli Barrera 34 marta ringga chiqib ularning ikkitasi turli darajadagi mintaqaviy chempionlik kamarlarini qo‘lga kiritgan. 4 yil muqaddam jahon chempionligi uchun da'vogar nomini beruvchi jangda yarim o‘rta (-66,68 kg) vazn toifasining bugungi kundagi yetakchi bokschisi, chempion Errol Spensga (25-0, 21 kO) qarshi ringga chiqib, imkoniyatni boy berib qo‘ygan.

Eslatib o‘tamiz, Isroil Madrimov professional boksda so‘nggi marta 8 iyun kuni aynan Golovkin bilan bitta boks oqshomida ishtirok etib, meksikalik Norberto Gonsalesga (24-13, 13 KO) qarshi ringga chiqqan va raqibini texnik nokaut evaziga mag‘lub etgandi.

Ko‘proq yangiliklar: