Loyihalari bo‘yicha moliyaviy yordam ko‘rsatiladigan fuqarolar ro‘yxati tasdiqlanadi

O‘zbekiston 12:47 / 01.10.2019 4267

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan loyihalari bo‘yicha moliyaviy yordam ko‘rsatiladigan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami toifalarining ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi hujjat loyihasi e'lon qilindi.

Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan loyihalari bo‘yicha moliyaviy yordam ko‘rsatiladigan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami toifalarining ro‘yxati tasdiqlanadi.

Ro‘yxat quyidagicha:

Mehnat organlarida ishsiz deb e'tirof etilgan shaxslar - mehnat organi tomonidan ishsizlik maqomi berilganligi to‘g‘risidagi ma'lumotnoma;

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Ishsizlarni kasb-hunarga o‘qitish markazlarini bitirgan ishsiz fuqarolar - kasb hunarga o‘qitish markazini bitirganligi to‘g‘risidagi sertifikat (diplom);

Nogironlar va pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar - Tibbiy mehnat ekspert komissiyasi (TMEK) tomonidan nogironlik to‘g‘risida berilgan ma'lumotnoma va fuqarolik pasporti;

O‘n to‘rt yoshgacha va nogiron bolalari bo‘lgan yolg‘iz va ko‘p bolali ota-onalar - bolalarning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalari, Bolalikdan nogiron bolani tan olish to‘g‘risidagi tibbiy maslahat komissiyasi (TMK) yoki nogironligi to‘g‘risida (TMEK) tomonidan berilgan ma'lumotnoma;

O‘rta maxsus ta'lim muassasalarini tamomlagan yoshlar, shuningdek doimiy ishga joylashmagan kasb-hunar ta'limi muassasalarining va oliy ta'lim muassasalarining davlat grantlari bo‘yicha ta'lim olgan bitiruvchilari (bitirgandan so‘ng 3 yil ichida) - ta'lim muassasasining diplomi;

Kam ta'minlangan oilaning mehnatga layoqatli oila a'zolari - fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari tomonidan berilgan ma'lumotnoma;

Odam savdosidan jabrlangan fuqarolar - odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish va ularni himoya qilish bo‘yicha Respublika reabilitatsiya markazi ma'lumotnomasi;

Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan yoki sudning qaroriga ko‘ra tibbiy tusdagi majburlov choralari qo‘llanilishidan ozod qilingan shaxslar - probatsiya xizmati bo‘limlarining ma'lumotnomasi;

Mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolar - mehnat organi tomonidan berilgan ma'lumotnoma;

Doimiy ishga joylashmagan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlaridan muddatli harbiy xizmatdan bo‘shatilgan shaxslar (bir yil ichida) - harbiy guvohnoma.

Qayd etilishicha, mazkur ro‘yxat O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi va Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi bilan kelishilgan.

Ko‘proq yangiliklar: