«Barselona»da futbolchilar va rahbariyat o‘rtasida «urush holati». Tafsilotlar

Sport 22:24 / 01.10.2019 38657

Ispaniya nashrlarida «Barselona» klubi futbolchilari, jurnalistlar va klub bosslari aloqador bo‘lgan mojaroli ziddiyat haqida yozilmoqda.

«Barsa»ga Ispaniyada oddiy klub sifatida emas, katalonlarning mustaqillik uchun kurashi ramzi sifatida qarashadi. Ko‘pchilik bunday klublarning futbolchilari oddiy futbolchilardan yuqoriroq bo‘lishi kerak deb hisoblaydi. Mundo Deportivo nashrining ispan jurnalistlari katalonlar grandi futbolchilari «futbolchi darajasi»dan o‘tib, klub ishlariga faol ravishda aralasha boshlagani haqida yozishmoqda. «Barselona»da jiddiy mojaro yetildi, klubda so‘nggi yillarda bunaqasi kuzatilmagandi.

Pike OAVdan norozi

Shu kunlarda Mundo Deportivo nashrida «Barselona» futbolchilari klub ishlariga me'yoridan ortiq darajada aralashishi haqidagi maqola e'lon qilindi. Unda aytilishicha, klubning bir guruh futbolchilari klubning transfer siyosatiga va boshqaruviga ta'sir ko‘rsatishga harakat qilishadi. Xususan, gap Messi Neymarning qaytishini istashi, Matteys de Ligt Pike bilan suhbatdan keyin (bu suhbat do‘stona kechmagan, Pike klubga o‘ziga raqobatchi futbolchi kelishini istamagan) «Yuventus»ni tanlagani haqida ketadi. Jyerarga bu maqola shu qadar yoqmaganki, u «Xetafe»ga qarshi kechgan g‘alabali o‘yindan keyin mikst-hududda bergan intervyusida o‘z noroziligini bildirdi.

Mundo Deportivo nashri jurnalistlari «Barselona» klubi rahbariyati bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqador ekani, ularga ma'lumotlar sizdirib turilishi haqidagi gaplar esa «olovga moy sepadi». Buni bilgan Pike «Barselona» rahbariyatini futbolchilarni ranjituvchi maqolalarni buyurtma qilishda ayblamoqda. Jamoaga bu holat yoqmadi va yetakchi futbolchilar «Vilyarreal»ga qarshi o‘yindan keyin kechki ovqatga yig‘ilishdi. Albatta, bu yig‘ilishni Pike uyushtirdi.

Rahbariyat Pikedan norozi

Darhol reaksiya bildirildi: Xosep Bartomeu Jyerar bilan shaxsan uchrashib, u bildirgan ayblovlar bo‘ychicha gaplashib olishga hozirlandi. Klub prezidenti ichkaridagi gap tashqariga chiqishini istamasdi, ammo Pike o‘z bayonotlari bilan jarayonni allaqachon boshlab yubordi. Uning hisoblashicha, rahbariyatda futbolchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri gaplashib olish uchun jasurlik yetishmayapti va klub futbolchilarga matbuot orqali ta'sir qilishga urinyapti. Agar u haq bo‘lsa, klubdagi vaziyat yanada chigallashadi. Futbolchilar klub boshqaruviga aralashmoqda - prezident fosh etuvchi maqolalarni buyurtma qilmoqda - futbolchilar klub rahbariyati boshqaruvidan norozi. Xuddiki, sog‘lom aql-idrokka joy bo‘lmagan absurd teatri.

Aslida ham «Barsa» futbolchilari klubni boshqarishadimi?

Pike yaqin kelajakda klub prezidenti bo‘lish niyatini hech qachon yashirmagan. Kataloniyalik muxlislar Jyerarni juda ardoqlashadi va hozirning o‘zida unga ovoz berishga tayyorlar. Reallik shundaki, Pike «Barselona» tarixidagi ikkinchi o‘ynovchi prezident bo‘lishi mumkin (birinchisi klub asoschisi Joan Gamper bo‘lgan). Katalonlar klubining uchinchi raqamli futbolkada to‘p suruvchi bu futbolchisi «Barselona» klubi homiylari vakillari bilan tushliklar tashkil etadi, boshqa klublar futbolchilari bilan muloqot o‘rnatadi va ularni ko‘k-anorranglilar klubiga o‘tishga undaydi. Endi Jyerar jamoadoshlarini tushlikka yig‘ib, ularni jurnalistlardan himoya qilib, klub rahbariyati bilan ochiq to‘qnashuviga kirishishidan hayron qolmasa ham bo‘ladi. 

«Kim boshqa nomlar ostida maqolalarni yozayotganini biz bilamiz» — Pike bu so‘zlari orqali Bartomeuga urush ochdi. U shuningdek, klubning AQShda o‘tkazgan mavsumoldi yig‘ini grafigi bo‘yicha e'tirozlarini bildirdi, uning so‘zlariga ko‘ra, yig‘in noto‘g‘ri tashkil etilgani tufayli futbolchilar yangi mavsumdagi rasmiy o‘yinlarga toliqqan holda kirib kelishdi.

Jurnalistlarning boshqa ayblovlari Messiga qaratilgan. Leodan yaqindagina «Barselona» Neymarni qo‘lga kiritish uchun bor imkoniyatlari darajasida kurashdimi, deya so‘rashgandi. «Ishonchim komil emas» — deya javob bergandi o‘shanda ko‘k-anorranglilar sardori. Klub rahbariyati bunday javobni yashirin da'vo sifatida qabul qildi. Bungacha ham «Barselona» Neymarni qaytarishni istamagani, shunchaki Leo va boshqa yetakchilar uning qaytishini istashgani uchun yolg‘ondakam shovqin ko‘tarilgani haqida mish-mishlar yurardi. Messi braziliyalik futbolchisi qaytishini istaganini tan olgan, ammo klubga bosim qilmaganini qo‘shimcha qilgandi.

Messi ungacha matbuot orqali faqat bir marta chiqish qilgandi: o‘shanda u Argentinaning Amerika Kubogidagi muvaffaqiyatsiz ishtirokidan keyin Janubiy Amerika futbol konfederatsiyasini korrupsiyada ayblagandi. Natijada futbolchini jarimaga tortishgan, diskvalifikatsiya qilishgan, uzr so‘ratishgandi, shundan so‘ng Messi «shamol tegirmoni»ga qarshi kurashishni bas qilgandi.

«Barselona»da inqilob: bo‘ladimi yoki bo‘lmaydimi

Agar klubning hozirgi va kelajakdagi prezidenti shaxsiy uchrashuvda kelishuvga erisha olmasa, urush gazetalar sahifalarida davom etaveradi. Ispaniyada matbuot istasa futbolchini yakson etishi mumkin. Ammo «Barsa» futbolchilari «futbolchidan yuqoriroq» turadi. Ular rahbariyatga qarshi ham, jurnalistlarga qarshi ham urushaverishadi, Leo Messi esa birato‘la barchaga urush ochishi mumkin — barcha biladiki bunday urushda u g‘olib bo‘ladi. Ammo Messi futbol maydonidan tashqarida jang qilishni istamaydi. Garchi hozirda argentinalik futbolchining tushunarsiz jarohati uning klub rahbariyatiga yashirin isyoni ekani, u o‘z harakatsizligi bilan klub rahbariyatini obro‘sizlantirishga urinayotgani haqida mish-mishlar yuribdi. U yana qachon maydonga qaytishi haqida aniq muddat yo‘qligi esa bu nazariyani dalillaydi.

Futbolchilar va rahbariyat o‘rtasidagi bu tushunmovchiliklar, unga jurnalistlar ham aralashishi «Barsa»ning o‘yinlari va natijalariga ta'sir qilmay qolmaydi. Jamoa Chempionlar ligasi doirasidagi «Inter»ga qarshi o‘yinga asabiy holatda tayyorlanmoqda. Agar yaqin kunlar ichida ziddiyat tinchimasa, ko‘k-anorranglilar lagerida ikki frontda uzoq vaqt davom etadigan urush tarzidagi qiyin davrlar boshlanadi.

Ko‘proq yangiliklar: