«Nimanidir qo‘lga kiritish nimanidir yo‘qotish bilan bo‘ladi». Xayrulla Hamidov «UzReport TV»ga o‘tdi

Sport 11:47 / 30.09.2019 40262

Mashhur sport sharhlovchisi Xayrulla Hamidov bugundan «UzReport TV» telekanalida ish boshlaydi. Bu haqida mazkur telekanal  ham, sharhlovchining o‘zi ham, ijtimoiy tarmoqlarda rasman e'lon qilishdi.

Sharhlovchi «UzReport TV» va «Futbol TV» kanallarida Yevropa Chempionlar Ligasi, Yevropa Ligasi, Angliya Premer Ligasi, Italiya A Seriyasi, hamda Ispaniya La Ligasi o‘yinlarini sharhlab boradi. 

Xayrulla Hamidov 2006 yillargacha «Sport TV» kanalida faoliyat yuritgan, keyin 10 yillik tanaffusdan so‘ng, yana ushbu telekanalga qaytib, sharhlovchilik faoliyatini davom ettirayotgandi. Xayrulla Hamidov bilan bog‘lanib, ba'zi savollarni berdik. 

— Sizning ayniqsa, mualliflik ko‘rsatuvlaringizga o‘rganib qolganmiz. Eski ish joyingizdagi «Futbol plyus», «FIFA», «Shedevr» loyihalari muxlislar orasida ancha e'tibor qozongan. «Futbol TV»da jonli sharhlardan tashqari, sizdan mana shunday ko‘rsatuvlar kutishimiz ham mumkinmi?

— Albatta, bu ishlar ham bo‘ladi. Faqat avval sharhlar orqali biroz ko‘nikma hosil qilgach, mualliflik ko‘rsatuvlari haqida ham o‘ylab ko‘rish rejalarimda bor.

— Internetda va radioda nom qozongan «Futbol plyus» loyihasi nima bo‘ladi? Unga vaqt topa olasizmi?

— Bu loyihalar radioda ham, «yutub»da ham davom etadi. Yangi ish joyimdagi kelishuvimda ham men bu shartlarimni aytdim va ular rozi bo‘lishdi. 

— Terma jamoa o‘yinlarini sizning sharhingizda ko‘rishga o‘rganib qolgandik. Endi bosh jamoamiz o‘yinlarida ovozingizni eshitmaymizmi?

— Yo‘q. Nimanidir qo‘lga kiritish, doim nimanidir yo‘qotish bilan bo‘ladi. Terma jamoa yigitlariga omad tilashdan boshqa ilojim yo‘q endi. 

Xayrulla Hamidovning «UzReport TV»dagi debyuti bugun bo‘lib o‘tadi. Sharhlovchi soat 23:55da Angliya chempionati doirasidagi «Manchester Yunayted» – «Arsenal» o‘yinini ushbu kanalda jonli sharhlab boradi.

Ko‘proq yangiliklar: