1-2 oktabr kunlari Namanganda Namangan viloyati va Saudiya Arabistoni ishbilarmon doiralari ishtirokidagi yirik biznes-forum bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Namangan viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Forumda ishtirok etish Saudiya Arabistoni bosh investitsion boshqarmasi boshlig‘i Badir Muhammad Almufgay boshchiligidagi 30 ga yaqin yirik ishbilarmonlardan iborat arab delegatsiyasi Namanganga kelmoqda.
O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan forumning birinchi kuni mehmonlar Namangan viloyatidagi qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat va xizmat ko‘rsatish sohasi obektlari bilan tanishishadi. Saudiya Arabistoni delegatsiyasi viloyat hokimi tomonidan qabul qilinadi.
2 oktabr kuni To‘raqo‘rg‘on tumanida Forumning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Forum doirasida Namangan viloyati va Saudiya Arabistoni ishbilarmonlari o‘rtasida B2B va B2G formatida uchrashuvlar ham o‘tkaziladi.
Shuningdek, forum kunlarida Namanganda ishlab chiqarilgan sanoat va qishloq xo‘jalik mahsulotlari yarmarkasi ham tashkil etiladi.
Forum yakunida arab ishbilarmonlar bilan qator investitsion shartnomalar va kelishuvlar imzolanishi kutilmoqda.