Zidan va Simeone derbiga qanday tayyorlangandi? Madrid derbisi nega zerikarli bo‘lgani haqida

Sport 15:20 / 29.09.2019 9774

Ikki murabbiy bir-birining rejasini buzish bilan band bo‘ldi - bundan boshqa reja yo‘q edi.

Ispaniya chempionati. Liga 1. 7-tur
«Atletiko» — «Real» — 0:0

«Atletiko» (Madrid): Oblak, Tripper, Savich, Ximenes, Lodi (Lemar, 61), Vitolo (Korrea, 46), Saul, Koke, Partey, Diyegu Kosta, Joau Feliks (Lorente, 70).
«Real» (Madrid): Kurtua, Karvaxal, Serxio Ramos, Varan, Nacho, Kazemiru, Kroos, Valverde (Modrich, 68), Beyl, Benzema (Yovich, 88), Azar (Xames Rodriges, 77).
Ogohlantirishlar: Nacho, 22. Varan, 69. Partey, 90+3.
Hakam: Gonsales Gonsales.
28 sentabr. Madrid. «Vanda Metropolitano» stadioni.

7:3 hisobidan 2 oy o‘tib

Bu o‘yinda g‘olib chiqish - ikki jamoa uchun ham birinchi o‘rinni egallash va to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqibni bir necha ochkolik farq bilan ortda qoldirish imkonini berardi. «Atletiko» g‘alaba qozonsa «Real»dan 2 ochko oldinda bo‘lar, «Real» g‘alaba qozonsa birinchi va ikkinchi o‘rin orasidagi farq 3 ochkoni tashkil etardi. Shu bilan birgalikda, durang o‘ynashning ham u qadar zarari yo‘q edi: birinchi va ikkinchi o‘rinni egallab turgan bu jamoalar orasidagi minimal farq saqlanib qolardi.

Qiziq, bu murabbiylardan qaysi biri — Diyego Simeone yoki Zinedin Zidan — mavsumdagi birinchi derbi oldidan o‘z futbolchilari xotirasidan shu yil 27 iyulida Amerikaning Ist-Ruterford shahrida Xalqaro chempionlar kubogi doirasida bo‘lib o‘tgan o‘yinni o‘chirib yuborishni istagan ekan? O‘shanda «Atletiko» 7:3 hisobida g‘alaba qozongani, tanaffusga qadar 5:0 hisobi qayd etilgani, o‘yinda poker qayd etgan Diyego Kostaning yakunda maydondan chetlatilishi — bu barcha uchun aqlbovar motivatsiya manbai edi. «Matraschilar» uchun — o‘z kuchlari va imkoniyatlariga ishonch, «Real» uchun — qasos olishga intilish ishtiyoqi. Ikki oy oldingi o‘yin shunchaki o‘rtoqlik uchrashuvi maqomida bo‘lgani muhim emas.

«Real» mavsum boshida eng ko‘p tanqidga uchrayotgan top-klubdir, ammo aynan shu jamoa 6 turdan keyin turnir jadvalini boshqarib turayotgandi. To‘g‘ri, o‘z vaqtida bu klubni chempion qilgan Fabio Kapello tomoshabop o‘yin ko‘rsatmagani uchun iste'foga chiqarib yuborilgandi. Ammo Joze Mourino qaytishi haqidagi va yetakchi futbolchilarning bosh murabbiyga ishonchi so‘ngani haqidagi mish-mishlarga qaramay, Zidanga jiddiy e'tiroz bildirishga asos yo‘q.

U «Atletiko»ga qarshi o‘yindan avval bergan intervyusida murabbiy ham kinoya qildi. «Faqat bir narsani aytishim mumkin, «Real»dagilar ham boshqalar kabi ko‘p ishlashyapti», — dedi Zizu derbi arafasida.

Yuqori pressing – Zidanga xos bo‘lgan uslub emas. Ammo bu safar u shogirdlariga raqib hujumlarini maydonning ikkinchi qismidayoq bo‘g‘ib tashlashni ko‘rsatma qilgandi. Dastlabki 15 daqiqada «Real» futbolchilari 8 marta mezbonlar hujumini to‘xtatishdi, shundan beshtasi – raqib hududida. Maqsad ayon edi: Felishga uzatma berilishiga yo‘l qo‘ymaslik. Shu orqali «Atletiko» sekinlik bilan pozitsion hujum uyushtirayotganida mehmonlar himoyadagi pozitsiyalariga qaytishga ulgurishardi.

«Real» ko‘proq chap qanotda faol o‘yin ko‘rsatdi. Bu murabbiy ko‘rsatmasi ekani ko‘rinib turardi: dastlabki yarim soat ichida Kroos-Nacho-Azar uchburchagi jami 81ta pas uzatdi, bu vaqtda o‘ng qanotdagi Karvaxal-Valverde-Beyl birgalikda – 48 pas amalga oshirishdi. Bunday ko‘rsatmaning bir necha sabablari bor edi, bu sabablar ham hujum bilan, ham himoya bilan bog‘liq. 

Hujumdan boshlaymiz. Valverde yarim himoyachilar uchligida o‘ng qanotda o‘ynadi, u Kroosga simmetrik joylashdi, ammo butunlay boshqa funksiyani bajardi. U to‘pga egalik qilishdan ko‘ra, raqibga bosim uyushtirish bilan shug‘ullandi. Xuddi shu qanotda Beyl – qarshi hujumlar uchun mos futbolchi harakat qildi. To‘pni chap qanotda aylantirib yurishdan maqsad shu tomonga «Atletiko» himoyachilarining e'tiborini jalb qilib, keyin tezkorlik bilan to‘pni narigi qanotga o‘tkazish va Beyl bo‘sh hududlardan foydalanishiga erishish edi. 

To‘pni chap qanotda ushlab turishning himoyaviy tomondan ham sabablari bor edi. Mendi va Marselo jarohatdaligi tufayli chap qanotda Nacho tushirildi. U universal, ammo baribir ko‘proq o‘ng oyog‘ida o‘ynovchi futbolchi. «Atletiko»da esa o‘ng qanot tezkor Felishga tegishdi, u tezkor bo‘lish bilan birgalikda jamoaning eng kreativ futbolchisi, qolaversa jamoaning o‘ng qanotidagi Tripper ham faol ravishda hujumga qo‘shila oladi. Tripper istalgan vaqtda hujumga chiqishi mumkinligi «Real»ning chap qanotini doimiy ravishda tahdidda ushlab turardi.

Reja mantiqiy edi, ammo birinchi bo‘limda bu rejani ish berdi deyish qiyin. Azar Tripperni aldab o‘tib, raqib jarima maydoniga yorib kirgan vaqtdagina mehmonlar xavfli vaziyatga ega bo‘lishdi. Ko‘p hollarda Zidan shogirdlari oldinga o‘ta olishmadi: uch vaziyatda belgiyalik futbolchi shunchaki to‘pni yo‘qotdi, boshqa holatlarda esa tavakkal qilishni istamagan holda to‘pni orqaga uzatdi. Himoyada ham hammasi ko‘ngildagidek emasdi: «Atletiko» baribir o‘ng qanotdan kam bo‘lsada xavfli hujumlar uyushtirib turdi. O‘yinning 8-daqiqasida Felish oldinga tashlandi va raqib darvozaboni bilan yakkama-yakka chiqib bordi, ammo uning zarbasi darvoza ustuni yonidan o‘tib ketdi. Bu vaziyatda Nacho ortga qaytishga ulgurmagandi. Boshqa vaziyatda esa mezbonlar yuqori pressingni yorib o‘tib, oldinga chiqishdi, Nacho Tripperni yiqitishga majbur bo‘ldi va 23 daqiqadayoq sariq kartochka oldi. Birinchi bo‘lim oxirida Tripper yana Nachodan o‘tib ketib, raqib jarima maydoniga xavfli uzatma berdi, bu vaziyatda Kurtua to‘pni egallab oldi. Bitta hududdan uchta xavfli hujum uyushtirilishi shundan darak berardiki, Simeone «Real»ning zaif nuqtasini payqab qolgan va shogirdlariga aynan shu yerdan yorib o‘tishni ko‘rsatma qilgandi.

Ammo Simeonening rejasi ham o‘xshamadi: «Atletiko» hujumga zo‘r berdi, ammo raqib darvozasiga deyarli aniq zarba bera olmadi. Avvaliga Diyego qanot chizig‘i yonida turib Vitologa baqirib turdi, 25-daqiqadan keyin uni o‘ng qanotga o‘tkazib, Koke bilan joyini almashtirdi va Koke chap qanotni jonlantirishga keldi.  Vitoloning o‘ng qanotdagi harakatlari ham murabbiyni qanoatlantirmadi va tanaffusda uni Anxel Korrea almashtirdi, u chap qanotdan joy oldi, Koke o‘ng qanotga qaytdi. 

Ikki jamoada ham hujumlar yaxshi uyushtirilmadi, tanaffusdan keyin Simeone futbolchilarining pozitsiyalarini almashtira boshladi. Avvaliga Lodi o‘rniga Lemar maydonga tushirildi: Lodining maydondagi o‘rnini - chap qanotni Saul egalladi, ko‘p o‘tmay Felishning o‘rniga Lorente tushirildi, natijada hujum markazida Kostaga Korrea sheriklik qildi. Lemar esa markazda joylashdi, Saul butun chap qanotni yopishga mas'ul bo‘ldi. To‘psiz 4-4-2 sxemasi, to‘p bilan 3-4-1-2 sxemasi harakatlandi. Ammo Simeone hujum chizig‘iga tushirilgan yangi futbolchilarga ko‘rsatma berish bilan mashg‘ul bo‘lganida, «Real» o‘yindagi eng xavfli vaziyatni yaratdi.

Negadir Nachoga hech kim xalal bermadi va u xotirjamlik bilan to‘pni o‘ng oyog‘iga moslab olib, uni raqib jarima maydoniga uzatdi. Uning pasi Benzemaning boshini topdi, fransiyalik hujumchi burchak tomon zarba yo‘lladi, ammo Oblak turning eng yaxshi seyvlaridan birini amalga oshirdi – «Real» esa bitta epizod bilan g‘alabaga erishishiga bir baxya qoldi. 

«Real»da Modrich Valverdening, Xames esa Azarning o‘rnini egallashi bilan jamoa to‘psiz yaxshiroq harakatlana boshladi (xorvatiyalik futblchi kuchli pressing uchun tushirilgandi), ammo to‘p bilan harakatlanishda jamoa oqsay boshladi. Ikkinchi bo‘limning ikkinchi qismida mehmonlar to‘pni topshirib qo‘yishdi. Simeone esa, hujumni kuchaytirish uchun yangi futbolchilarni maydonga tashlagan bo‘lsada yarimhimoya chizig‘i hujum vakillarini zarba berish pozitsiyasiga chiqara olishmadi. Kurtua supermen roliga kirishishiga hojat bo‘lmadi. Bunda asosiy ishni himoyachilar, ayniqsa bu oqshomni ideal darajada o‘tkazgan Varanning xizmati katta bo‘ldi. Kurtua darvozasiga yo‘llangan ilk aniq zarba 89-daqiqada qayd etildi - Kokening uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi darvozabonga u qadar katta qiyinchilik tug‘dirmadi.

«Real» qatorasiga uchinchi o‘yinda darvozasini daxlsiz saqladi. Zidan davrida bunday holat ilk marta kuzatilmoqda. Jamoa La Liga doirasidagi o‘yinlarda o‘z darvozasiga zarba berishga 269 daqiqa davomida yo‘l qo‘ymagani chempionat uchun so‘nggi o‘n yillikdagi rekorddir.

Shu tariqa, ikki murabbiy ham bir-birining rejalarini chippakka chiqardi va bittadan ochkoga ega bo‘lishdi. Bunday o‘yinlarda gollar bo‘lishi uchun darvozabonlarning xatolari yoki rikoshetlar ro‘y berishi, yoki ko‘plab standart vaziyatlar ijro etilishi kerak bo‘ladi. Madrid derbisida esa bunday holatlar kuzatilmadi, o‘yindan esa bitta xavfli vaziyat yaratildi: Benzemaning bosh bilan yo‘llagan zarbasi. Teng o‘yin, buning uchun nafaqat Zidanni, balki o‘yin davomida mehmonlar himoyasini qanday qilib buzib o‘tish haqida o‘ylagan Simeoneni ham e'tirof etish kerak.

«Real», «Atletiko» va «Barselona» bir-biridan minimal farqlarni saqlagan holda davom etadi. Hali hech bir jamoa o‘z o‘yinini bir tizimga qo‘yib ololgani yo‘q. Bosh sovrin uchun kurash ushbu uch jamoa o‘rtasidagina kechadi, deyishga hali erta, bu jamoalarning ochko yo‘qotishlari boshqa jamoalarga ham imkoniyat taqdim etmoqda.

Turnir jadvalidagi holat

Ko‘proq yangiliklar: