Madrid derbisi, Gvardiola jamoasi Liverpulda va boshqalar. Eng muhim o‘yinlar anonsi

Sport 16:19 / 28.09.2019 16581

Hafta davomida ham kuchli beshlik chempionatlarida navbatdagi tur o‘yinlari va kubok musobaqalari bo‘lib o‘tdi. Kechadan esa, yana bir futbol haftasiga start berildi. Kelasi haftada yevrokubok o‘yinlari ham borligi bois, asosan Chempionlar Ligasida qatnashadigan klublar o‘z o‘yinlarini bugun o‘tkazadilar. Ular ichida eng qiziqlari haqida qisqacha ma'lumotlarni taqdim etamiz. 

EVeRTON – MANCheSTeR SITI (28 sentabr, 21:30)

Bir qiziq holat bor. Aslida «Everton» manchesterliklar uchun juda noqulay raqib. Masalan Gvardiola ilk mavsumidagi ushbu stadionga safar hisobidagi mag‘lubiyat bilan tugaganini ham eslasangiz kerak. Pep Angliya Premer Ligasidagi dastlabki to‘rt o‘yinda «Everton» ustidan g‘alaba qozona olmagandi. Boshqa tarafdan, qizig‘i, «Manchester Siti» aynan «Liverpul» bilan chempionlik poygasiga kirishgan paytlarda «Everton» unchalik qarshilik ko‘rsatmaydi. Hatto jamoa muxlislari ham «Liverpul» chempionligini shu qadar istashmaydiki, uy o‘yinlarida mehmonlarga muxlislik qilgan paytlari ham bo‘lgan. Masalan, o‘tgan mavsumda «Everton» «Liverpul» bilan o‘yinda ochko olishga muvaffaq bo‘lgan, «shaharlik»larga esa, har ikki o‘yinni boy bergandi.  

Ammo bu safar holat biroz boshqacha. Birinchidan, hali mavsum boshi, unday hisob kitoblarga o‘rin yo‘q, ikkinchidan esa, «Everton» APL da oxirgi ikki o‘yinni, so‘nggi to‘rt o‘yindan uchtasini boy berdi. Raqiblar ham top klublar emas, «Bornmut», «Sheffild» va «Aston Villa» ekanini e'tiborga olsak, jamoa muxlislar qarshisida o‘zini oqlanib olish uchun yaxshi imkoniyat. Zero, yozdagi aktiv transfer oynasidan so‘ng, «Everton»dan hatto kuchli oltilik bilan raqobatlasha olishni kutishgandi. Jamoa tarkibida Kin, Mina, Din, Shnayderlin, Kalvert-Levin, Gomesh kabi o‘z vaqtida top klublarda to‘p surgan tajribali futbolchilar bor. Shuningdek, so‘nggi mavsumlarni «Manchester Siti» safida o‘tkazgan Fabian Delf ham sobiq jamoasiga qarshi o‘zini ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Xullas, har ikki tomonda ham faqat g‘alaba uchun maydonga tushishga maqsad ham, mahorat ham yetarli.

Jarohatlarga kelsak, mezbonlar safida Andre Gomesh maydonga tusha olmaydi. Pep Gvardiola uchun esa, haqiqiy bosh og‘rig‘i markaziy himoya bo‘lib turibdi. Ushbu pozitsiyadagi asosiy futbolchilar jarohatlanishgan. Lekin o‘tgan turda Fernandino bu ampluada ham ancha ishonchli harakat qildi, Otamendi esa, hatto gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Bu yangi, vaqtinchalik tandem endi safar o‘yinida, haqiqiy bosim qarshisida qanday o‘yin ko‘rsatishlari qiziq bo‘lsa kerak. Balki, Kayl Uolker markaziy himoyaga qaytar? Uning uch himoyachi sxemasida va Angliya terma jamoasida markaziy himoyachi sifatida ham tajribasi bor.

ATLeTIKO – ReAL MADRID (28 sentabr, 23:55)

Madrid derbisiga jamoalar turlicha kayfiyatda kelishmoqda. Yozda tarkibda o‘ziga yarasha avlodlar almashinuvini amalga oshirgan «Atletiko» mavsumni juda yaxshi boshlab, qatorasiga uch o‘yinda g‘alaba qozongandi. Ammo oxirgi o‘yinlarda o‘yinda ishonchsizlik paydo bo‘ldi – dastlab Sosedadda 0:2 mag‘lubiyat qayd etilgan bo‘lsa, o‘z maydonida «Selta»ga qarshi o‘yinda hisob ochilmadi. «Malorka»da g‘alaba qozonilgan bo‘lsa-da, yo‘qotilgan ochkolar «Real»ning turnir jadvali boshiga chiqib olishiga imkoniyat yaratdi.

Parijdagi og‘riqli mag‘lubiyat Zidan jamoasiga ijobiy ta'sir etgani ko‘rinib turibdi. «Real» oxirgi ikki o‘yinni g‘alaba bilan yakunladi, buning ustiga bu o‘yinlarda raqiblar Kurtua darvozasiga birorta ham aniq zarba bera olishmadi. Raqiblardan biri doimo o‘z maydonida «Real»ni yengib kelgan «Sevilya» ekanini e'tiborga olsak, nihoyat, «Real» ishonchli o‘yinini topayotganini aytish mumkin. «Atletiko»ga qarshi o‘yin mana shu farazning to‘g‘ri yoki tasodif ekanini isbotlashi mumkin.

O‘yin kelasi hafta bo‘ladigan Chempionlar Ligasi oldidan o‘tayotganini ham aytib o‘tish lozim. «Real» o‘z maydonida ancha yengilroq raqib – «Bryugge»ga qarshi o‘ynaydi. «Atletiko» esa, safarda «Lokomotiv» bilan to‘p suradi. Ilk o‘yinda yo‘qotilgan ochko, ruslarning esa, safarda g‘alaba bilan qaytganliklari bu o‘yinning ahamiyatini oshirishi shubhasiz. Xullas, «Atletiko» uchun juda og‘ir hafta boshlanmoqda.

Tarkiblar borasida mezbonlardan faqat Alvaro Morata diskvalifikatsiya qilingan. Lekin Diyego Kosta nihoyat o‘z o‘yiniga qaytayotgani Morataning tarkibdagi o‘rniga ham xavf solishi turgan gap. Mehmonlar tarkibida esa, Isko va Luka Modrich nihoyat mashg‘ulotlarga qaytishdi. Ularning bu o‘yinga qanchalik tayyor bo‘lishlari qorong‘u, lekin hech bo‘lmasa, zaxira o‘rindig‘ida bu futbolchilarning bo‘lishi murabbiy variantlarini ko‘paytiradi.

Agar faqat La Liga o‘yinlarini e'tiborga olsak, «Atletiko» raqibi ustidan 2015 yilda g‘alaba qozongan. Shundan so‘ng ikki marta durang, ikki marta «Real»ning g‘alabasi qayd etilgan. Ammo shu bilan birga, mana shu yozdagi o‘rtoqlik o‘yinini ham eslab o‘tish mumkin. «Atletiko»ning 7:3 hisobidagi g‘alabasi ko‘pgina «Real» muxlislarini shok holatga tushirib qo‘ygandi.  

SeVILYa – ReAL SOSeDAD

Sosedadliklarning keyingi har o‘yini muxlislarni qiziqtirishi tabiiy. Zero, oxirgi o‘yinlarda ko‘rsatilgan natijalar jamoaga yaxshiroq e'tibor qaratishni taqozo qiladi, kim biladi, balki, olti yil oldingidek, yana Chempionlar Ligasida to‘p surish nasib qilar? Alguasil shogirdlari kimsan «Atletiko» darvozasiga javobsiz ikki gol urdilar, keyin esa, qiyin «Malorka» safari ishonchli g‘alaba bilan yakunlandi. O‘tgan turda «Alaves» ustidan qozonilgan yirik g‘alaba basklarning bugungi sport formasi juda yuqori ekanini ko‘rsatdi. Umuman Baskoniyaning ikki jamoasi ham mavsumni kuchli boshlashdi. «Sosedad» qatorasiga qo‘lga kiritilgan shu uch g‘alabadan so‘ng, turnir jadvalida 2-o‘ringa ko‘tarilib olgan bo‘lsalar, «Atletik» to‘rtinchi o‘rinda va Ligada hali mag‘lubiyatga uchramagan ikki jamoadan biri bo‘lib turibdi.

«Sevilya» esa, aksincha, ajoyib startdan (uch o‘yinda uch g‘alaba) so‘ng, uch o‘yindan beri g‘alaba qozona olmayapti va peshqadamlikdan turnir jadvali o‘rtalariga tushib ketdi. Xullas bu o‘yinda mezbonlar so‘nggi natijalar tasodif ekanini, mehmonlar esa, aksincha, so‘nggi natijalar tasodif emasligini isbotlash uchun saf tortadilar. Umuman Andalusiya va Baskoniya qarama qarshiligining o‘zi ham bizga juda shiddatli o‘yin va'da qiladi. Yana bir o‘xshash jihat – «Sevilya» so‘nggi yillarda «Real»ning kushandasi sifatida nom qozongan bo‘lsa, «Sosedad» «Barselona» uchun eng noqulay raqib hisoblanib keladi.

O‘zaro o‘yinlarga qaraganda, tenglik hukmron. So‘nggi 18 o‘yinni oladigan bo‘lsak, «Sevilya» 8 bor, «Sosedad» esa, 7 marta g‘alaba nashidasini surgan. Uch o‘yindan beri andalusliklarning qo‘li baland kelmoqda. «Pisxuan»da o‘tgan oxirgi o‘yinda esa, mezbonlar 5:2 hisobida g‘alaba qozongandi.

Tarkiblar bo‘yicha yo‘qotishlar sezilarli emas. Mezbonlardan himoyachi Serxio Regilon oshqozon kasali tufayli so‘nggi mashg‘ulotlarni o‘tkazib yubordi. Qizig‘i, «Sosedad» tarkibida ham kasal bor. Ander Barrenecheaning tomog‘i og‘riyotgan ekan. Bulardan tashqari, Aser Ilyarramendi yil oxirigacha safdan chiqqani ko‘pchilikka ma'lum bo‘lsa, mehmonlarning yana bir futbolchisi Modibo Sagnan mashg‘ulotlarni boshladi. Lekin bu o‘yinda qanchalik tayyor ekani aniqmas.

MILAN – FIOReNTINA

A Seriyadan qiziqarli uchrashuv axtarib, shu o‘yinda alohida to‘xtalishni lozim topdik. Aslida har ikki jamoa turnir jadvalining ikkinchi yarmida yurishibdi, balki aynan shu jihat bu uchrashuvning muxlislarbop bo‘lishini ta'minlashi mumkin. Chunki har ikki jamoa ham yozda juda faol transfer siyosatini olib borgan, ushbu mavsumdan juda ko‘p narsa kutishayotgandi. Frank Riberining Florensiyaga tashrif buyurishi ham ko‘p narsadan darak beradi. Demak, dastlabki turlardagi natijalar har ikki jamoa murabbiyini qiyin ahvolga solib qo‘ygan va faqat chiroyli o‘yingina ularni qutqarib qolishi mumkin. Har ikki murabbiy ham hujumkor, ishonchli o‘yin ko‘rsatib, rahbarlar oldida, ishlar to‘g‘ri yo‘lda ketayotganini isbotlashlari kerak. Shunchaki kiritilgan uch ochko iste'foni biroz kechiktirishi mumkin, xolos.

«Milan»ning derbidagi mag‘lubiyatini sal tushunish mumkin, ammo «Torino» ustidan uchralgan mag‘lubiyat 5 turda uchinchisi bo‘ldi. «Fiorentina» esa, o‘tgan turga kelibgina, mavsumdagi ilk g‘alabasiga erishdi. Ammo «Yuventus» bilan durang qayd etilganini ham florensiyaliklar aktiviga yozib qo‘ya olamiz. Natija va raqiblarning tarkibi nuqtai nazaridan qarasak, shuningdek, o‘yin Milanda bo‘layotganini hisobga olsak, uchrashuvda ayniqsa, «Milan»ga bosim katta bo‘ladi.

Qizig‘i, raqiblarning o‘tgan mavsumdagi har ikki o‘yini bir xil – 1:0 hisobida yakunlangan va har ikki o‘yinda ham mehmonlarning qo‘li baland kelgan. Undan oldin «San Siro»dagi qatorasiga uch o‘yinda «Milan» uch ochkoni qo‘lga kiritishning uddasidan chiqqan edi.

Tarkiblar haqida fikr yuritsak, mezbonlar safida Lukas Paketa mashg‘ulotlarni boshladi va balki jamoasiga yordam berish imkoniga ega bo‘lishi mumkin. Mattia Kaldara esa, keyingi oyning oxirida safga qaytadi. Xose Reyna diskvalifikatsiya tufayli uchrashuvda qatnasha olmaydi. Mehmonlar tarkibida o‘yinda maydonga tusha olmaydigan futbolchi bir nafar – daniyalik himoyachi Yakob Rasmussen.

MANCheSTeR YuNAYTeD – ARSeNAL (30 sentabr, 23:55)

Yangi asr boshlarigacha, to Abramovichning «Chelsi»si, keyinchalik, «Manchester Siti» grandlar safida paydo bo‘lguncha, bu qarama qarshilik Angliya futbolining o‘ziga xos klassikasiga aylangan, bu o‘yin natijasi chempionlik poygasida katta ahamiyat kasb etardi. Afsuski, hozir unday emas, endi bu o‘yin nari borsa, kuchli to‘rtlik uchun kurashda markaziy deb atalishi mumkin xolos. «Arsenal» Vengerdan keyin o‘z yo‘lini topib olishga harakat qilmoqda, «Manchester Yunayted» esa, ancha yillardan beri, o‘zini axtarish bilan band. Har ikki jamoa tarkibida bir qator yoshlar bor, har ikki jamoa so‘nggi yillarda yetakchi, tajribali futbolchilardan ayrilishdi. Xullas, o‘xshash maqomda bo‘lgan ikki jamoa o‘rtasidagi o‘yin salobatdan ko‘ra, yaxshigina tomoshani taqdim etsa ajab emas.

«Arsenal»ning hujum chizig‘i Ligada eng yaxshilardan biri, hatto Aleksandr Lyakazett kabi futbolchilar ham zaxirada qolmoqda. «Manchester Yunayted» esa, aksincha, Lukaku va Sanches ketgach, ishonilgan yosh hujumchilar ham jarohat olishdi va bu borada muammolar bor. Boshqa tarafdan esa, agar himoya chizig‘ini oladigan bo‘lsak, «MYu» himoyachilari Ligada yetakchi, «Arsenal»ga havas qilib bo‘lmaydi. Qiziq bo‘ladi – bir darvoza oldida liganing eng yaxshi hujumchilari va himoyachilari kurash olib borsa, narigi tomonda himoyachilarning ketma-ket xatolarini golga aylantira olmayotgan yosh hujumchilarni ko‘rsak ajab emas.

Tarkiblar borasida, yuqorida tilga olingan Lyakazet hatto zaxiradan ham tusha olmaydi, uning jarohati bor. Shuningdek, o‘tgan turda qizil kartochka olgan Meytlend Naylz ham diskvalifikatsiya tufayli o‘ynamaydi. Mezbonlar tarkibida esa, Reshford va Marsiyal hali tiklanishga ulgurmasa kerak. Katta ehtimol bilan Meyson Grinvudni asosiy tarkibda ko‘ramiz. O‘n yetti yoshli hujumchi Yevropa Ligasi va Liga kubogi o‘yinlarida asosiy tarkibda o‘ynadi va har ikki o‘yinda yagona gol muallifi bo‘ldi. Qizig‘i, to‘rt yil oldin ham Marsiyalning jarohati o‘sha paytda 17 yoshli Reshfordga yo‘l ochgan va APL dagi debyut o‘yinda aynan «Arsenal»ga qarshi u dubl qayd etgandi. Yanayam qizig‘i, o‘sha o‘yindan oldin Reshford ham Yevropa Ligasida debyut qilib, gol urishga muvaffaq bo‘lgandi. 

O‘tgan mavsumda «Old Trafford»dagi uchrashuv durang bilan tugagan, Londonda esa, mezbonlar 2:0 hisobida g‘alaba qozonib, Sulsherning APL dagi mag‘lubiyatsiz seriyasiga barham berishgandi. Umuman «to‘pchilar»ning Manchesterdagi so‘nggi g‘alabasi 2015 yilda sodir bo‘lgan. O‘shanda «Arsenal» Angliya kubogi doirasidagi o‘yinda 2:1 hisobida g‘alaba qozongan.

 BOShQA O‘YINLAR

28 sentabr. Sheffild – LIVeRPUL (16:30), YuVeNTUS – SPAL (18:00), Pederborn – BAVARIYa (18:30), Xetafe – BARSeLONA (19:00), Bordo – PSJ (20:30), Sampdoriya – INTeR (21:00), BORUSSIYa D – Verder (21:30)

Ko‘proq yangiliklar: