Chustda sud qarori hamon ijro etilmayapti. Bosh prokuror o‘rinbosarining topshirig‘i havoga uchdimi?

Jamiyat 14:36 / 27.09.2019 14028

Kun.uz saytida bir necha oy muqaddam yerini oldirib qo‘ygan chustlik fermer Usubjon Xamdamov sarson bo‘layotgani haqida tanqidiy maqola e'lon qilingan edi. Maqolada sud qarori bir yildan buyon Chust tuman hokimligi tomonidan ijro etilmayotgani aytiladi.

Maqoladan so‘ng, Chust tumani hokimi sud qarori ustidan kassatsiya shikoyati bergan. Lekin kassatsiya shikoyatini berish muddati o‘tkazib yuborilgani sababli sud tomonidan shikoyat rad etilgan edi.

Kun.uz ushbu masalada o‘z surishtiruvini davom ettirdi. Murojaatchi Usubjon Hamdamovning so‘zlariga ko‘ra, sud qarori hanuz ijroga qaratilmagan, adolatsiz tarzda tortib olingan yer hamon unga qaytarilmagan.

Usubjon Xamdamov

«21 avgust kuni Bosh prokuror o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev sayyor qabul bilan viloyatimizda bo‘ldi. Unga bor masalani tushuntirdim. Murojaatimni tinglagan prokuror o‘rinbosari viloyat prokuraturasi va viloyat hokimligi vakillariga sud qarorini ijroga qaratish kerakligi haqida topshiriq berdi. Bundan tashqari, shuncha vaqtdan buyon sud qarori  ijro qilinmagani uchun ularga qattiq tanbeh berdi. O‘sha kuni Chust tumani hokimi davlat mukofoti bilan taqdirlangandi. Shu sababli, kayfiyati yaxshi edi. Bu ishni hal qilishini aytdi. Shundan so‘ng, tuman hokimi ham, viloyat prokuraturasidagilar ham bir necha marta masalani hal qilib beramiz deyishdi. Lekin, bu voqealardan 1 oydan oshiq vaqt o‘tdi hamki, sud qarori, Bosh prokuror o‘rinbosarining ko‘rsatmalari bajarilmayapti. Chustda vaziyat shunday», deydi fermer.

Shundan so‘ng, holat bo‘yicha izoh olish maqsadida Namangan viloyat prokuraturasining 69-227-07-71 telefon raqamlari orqali bog‘lanishga harakat qildik. Biroq bu urinishlarimiz zoye ketdi.

Chust tuman hokimligi sud qarorini pisand qilmayapti, yeridan ajralib qolgan fermer esa hamon sarson-sargardon.

Bahodir Ahmedov

Ko‘proq yangiliklar: