Surg‘il koni va Ustyurt gaz-kimyo majmuasi: +50 va -30 daraja havo haroratidagi ish jarayoni

Iqtisodiyot 23:27 / 26.09.2019 47053

 Joriy yilning 22-25 sentabr kunlarida Energetika vazirligi tashabbusi va qator hamkor tashkilotlar ishtirokida xorijiy yetakchi muxbirlar va milliy OAV vakillari uchun press-tur uyushtirildi. Respublikamizning eng chekka nuqtalaridan biri bo‘lgan Ustyurt platolaridan boshlanib, eng sanoatlashgan shahar – Navoiyda yakuniga yetgan bu loyiha natijasida O‘zbekiston energetika salohiyati va kimyo sanoati bilan yana bir bor tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldik.

Qoraqalpog‘istonga tashrif buyurganlarning aksariyati albatta Mo‘ynoqqa kirib o‘tadi. Bu maskanga yetib borishimiz ham o‘ziga xos bo‘ldi. Toshkentdan uchgan samolyot Nukusga yaqinlashganda turbulent oqimlarga duch keldi va ko‘pchilikning yuragiga g‘ulg‘ula soldi. Amallab qo‘nib olgandan keyin Qo‘ng‘irot tumaniga qadar avtobusda 2 soatdan ortiq yo‘l bosdik. O‘sha yerda yo‘ltanlamas mashinalarga o‘tirdik va Mo‘ynoq sari ravona bo‘ldik. Bu manzilga ham taxminan bir soatda yetib borildi.

Yaqin-yaqingacha ham tushkunlik qamrab olgan bu tuman bugun chindan ham yangitdan qad rostlamoqda. Ravon yo‘llar, zamonaviy binolar, maktab va bog‘chalar katta e'tibor va mablag‘ ajratilganining namunasi bo‘lsa, yangitdan qurilayotgan aeroport bu hududning kelajakdagi salohiyatidan darak beradi. Burchak-burchaklarda uchrab qoladigan eski uylar yaqin o‘tmishdagi ahvoldan so‘zlaydi. Lekin Orol fojiasiga ko‘nikish bilan birga, aynan mana shu vaziyatda ham hayotni davom ettirish, kamiga sayyohlarni jalb qila olishga qoyil qolmay iloj yo‘q. Chindan ham, Mo‘ynoqning biqinida joylashgan, bir vaqtlar Orolning to‘lqinlar sapchib urilgan qirg‘og‘i bo‘lgan, hozir «Kemalar qabristoni» deb ataladigan muzey-qo‘riqxona doim turistlar bilan gavjum.

Bizning maqsadimiz gaz konlariga yetib borish bo‘lgani sababli Mo‘ynoqda qisqa muddat bo‘lib, yana yo‘lga tushdik va yo‘ltanlamas mashinalar nima uchun kerakligini butun tanamiz bilan his qildik. Bir soatdan ortiqroq masofadan so‘ng O‘zbekistonning gaz qazib olish sanoatida muhim o‘rin tutgan, ish hajmini tobora oshirib borayotgan maskan – Surg‘il koniga yetib bordik.

Yevropaning yetakchi axborot agentliklari va nashrlari –«Reuters», «Le Figaro», «Chatham House», «Argus Media», «Nuclear Intelligence», «Energy Intelligence», «Upstream», «World Nuclear News», «IntelliNews»,  azerbaydjanskaya «Trend-Aziya» kabi OAV vakillari ham bu masofalarni hamma kabi sabot bilan yengib o‘tishdi.

Bu hududda bir necha yuz metr oraliqda quduqlar yonma-yon joylashgan, yana yangilari burg‘ilanishda davom etmoqda. Burg‘ilash jarayonida turli millat vakillari ishtirok etishadi. Ammo asosiy ishchilar o‘z vatandoshlarimizdir. Ularning aksariyati 15 kun ish, 15 kun dam olish uslubida ishlashadi. Yotoq joylar, maxsus kiyimlar, uch mahal ovqat bilan to‘la ta'minlanishgan.

Ammo ularning ishi bir qarashda oson va barcha sharoit mukammalday tuyiladi. Qishdagi -30 darajagacha ayozli izg‘irinda, yoz chillasidagi haroratning 50 darajadan oshishida chidab ishlashning o‘zi bo‘lmaydi. Shu savolni ishchilarga berganimizda oddiy va tushunarli javob oldik: «Odamlar bola-chaqasidan uzoqda, Rossiyalarda ham ishlab yurishibdiku. Bizning ishimiz, yeguligimiz, yotog‘imiz va eng muhimi oladigan maoshimiz tayin. O‘z yurtimizdamiz, oyning kamida 10 kuni oilamiz yonidamiz, qiyinchilikka chidaymizda».

«Uz-Kor Gas Chemical» qo‘shma korxonasi tomonidan e'lon qilingan tender natijalariga ko‘ra burg‘ilash ishlarini olib borish huquqi «ERIELL» guruhiga berilgan. Tender yakuniga binoan bitta 35ta, bitta 50ta quduqlarni burg‘ilash va to‘liq ishga tushirish, 100ta amaldagi quduqlarni mukammal ta'mirlash bo‘yicha shartnomalar imzolangan.

Kondagi burg‘ilash ishlari va amaldagi quduqlarni tozalash jarayonlari jadal ketmoqda va ko‘p jihatdan shartnomalardagi muddatlardan oldinda borilmoqda. Bir qarashda 2950 metr chuqurlikka yetib borish qiyindek tuyiladi. Ammo burg‘ilovchi mutaxassislarning ma'lum qilishlaricha, bir ish kuni, uzog‘i 12 soat ichida 2000 metrli masofa zabt etiladi. Har biri 9,4 metrli quvurlar bir-birlariga ulanib, navbati bilan yer qa'riga kiritilaveradi.

Quduqlar 2950 metr chuqurlikdan, Yura qatlamidan gaz, gaz kondensati va suvdan iborat aralashmani tortib chiqaradilar hamda jamlash va taqsimlash stansiyalariga yetkazadilar. Stansiyalarda bu aralashmadan suv ajratiladi va ko‘llarga chiqarib tashlanadi. Kondensat va gaz esa yuzlab kilometr naridagi «Ustyurt gaz-kimyo majmuasi»ga yetkazib beriladi.

Alohida bob – «Ustyurt gaz-kimyo majmuasi»

Bu ulkan majmuani O‘zbekiston bunyodkorligining ramzi deb atash mumkin. Bizga hamrohlik qilgan Narbay Annayevning so‘zlari bu majmuaning bugungi kundagi mavqeyidan darak beradi:

– Bir vaqtlar ishchi topish muammo bo‘lardi. Ishchilarni jalb qilish bo‘yicha oxirgi e'lonimizdan keyin sinovlardan o‘tish uchun bir o‘ringa 120 nafar talabgor bo‘ldi. Aksariyati bir yoki bir necha xorijiy tilni biladigan g‘ayratli yoshlar. Korxona ichida ham, ishchilar posyolkasida ham barcha sharoitlar yaratilgan, maoshlar yaxshi. Ishchilarimizning aksariyati yoshlar, ular hozir bemalol shu turdagi har qanday xorijiy zavodlarda ham ishlab keta oladigan tajribaga ega bo‘lib ulgurishdi.

Majmuani sayr qilarkanmiz uning haybatidan hayajonga tushamiz. Lekin shunday ulkan korxonaning biror joyida chiqindi ko‘rinmaydi, noxush hid sezilmaydi. Eng muhimi ishchilar soni korxona ko‘lamiga nisbatan juda oz – 1500 kishi.

«Uz-Kor gaz chemical» QK va «O‘zbekneftegaz» OAJ hamkorligida bunyod etilgan, 130 gektardan ortiq maydonda joylashgan «Ustyurt gaz-kimyo majmuasi» beshta yirik stansiya va zavodlardan iborat: gaz ajratish stansiyasi, etilen ishlab chiqarish zavodi, polietilen zavodi (yillik quvvat 387 ming tonna polietilen), polipropilen zavodi (yillik quvvat 83 ming tonna polipropilen) va energiya ta'minoti stansiyasi. Bundan tashqari, 4ta qo‘shimcha sex ham faoliyat yuritadi.

Korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan granulalar hajmi kuniga 1,5-2 ming tonnani tashkil qilishini bilganimizda buncha mahsulot qayerga sotilayotganiga bilan qiziqdik. Ma'lum bo‘lishicha, bu mahsulotga buyurtma asosida oldindan to‘lov qilinib, mashinalar tayyor mahsulotni olib ketish uchun kutib turisharkan. Shu joyning o‘zida bojxona terminali tashkil qilingan va xorijga, asosan Turkiyaga jo‘novchi bir necha mashinalar yig‘ilib, mahsulot olib ketishadi. Ichki bozor va uzoq davlatlarga vagonlarda tashish yo‘lga qo‘yilgan.

Korxonaga tashrifimiz yakuni tun vaqtiga to‘g‘ri kelganida ham hikmat bor ekan. Zero tunda majmua o‘zgacha qiyofa kasb etishi ma'lum bo‘ldi. Cho‘l qo‘ynidagi ulkan va yarqiroq chiroqdek nur taratib turgan «Ustyurt gaz-kimyo majmuasi» xorijiy mehmonlarda ham yaxshi taassurot qoldirdi. Chunki ularning ko‘pchiligi bir savol bilan kelishgandi – O‘zbekiston energiya tizimi salohiyati qay darajada? O‘ylaymizki, ular bu savollariga yetarlicha javob olishdi.

Cho‘l bo‘ylab uyushtirilgan sayohatimiz yakuniga yetdi va Nukusga qaytdik. Press tur yangi manzil – Taxiatosh issiqlik elektrostansiyasida davom etdi.

Abror Zohidov, tasvirchi Sherzod Egamberdiyev.

Ko‘proq yangiliklar: