Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Qimmatli qog‘ozlar bozori professional ishtirokchisining ichki nazorati to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi hujjat loyihasi e'lon qilindi.
Nizom quyidagi mazmundagi 13-1-band bilan to‘ldiriladi:
“13-1. I yoki II toifali malaka guvohnomasiga ega professional ishtirokchi, fond birjasi, boshqa birja fond bo‘limining nazoratchisi:
quyidagi mutaxassisliklardan biri bo‘yicha oliy ma'lumotga:
moliyaviy-iqtisodiy, yuridik, matematik axborot texnologiyalari;
yoxud qimmatli qog‘ozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshiruvchi tashkilotlarda, fond birjalarida, boshqa birjalar fond bo‘limlarida yoxud iqtisodiy, moliyaviy va yuridik faoliyat sohalarida,
axborot texnologiyalari sohasida yoki ko‘rsatib o‘tilgan yo‘nalishlar bo‘yicha davlat boshqaruv organlaridagi ishda oxirgi o‘n yilda kamida besh yillik ish stajiga ega bo‘lishi lozim.”.
19-bandda (Nazoratchi tomonidan qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilganligi aniqlangan holda, nazoratchi ish kunidan kechiktirmasdan aniqlangan qonunbuzilishi to‘g‘risida professional ishtirokchisining rahbariga axborot beradi):
birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etiladi:
“19. Nazoratchi tomonidan qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilganligi aniqlangan holda, nazoratchi ish kunidan kechiktirmasdan aniqlangan qonunbuzilishi to‘g‘risida professional ishtirokchisining rahbariga va qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organiga yozma ravishda axborot beradi.”;
ikkinchi xatboshisi (Professional ishtirokchining rahbari nazoratchi tomonidan aniqlangan qonunbuzilishlari to‘g‘risida yozma ravishda ish kunidan kechiktirmasdan qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organiga axborot beradi) chiqarib tashlanadi.