O‘zbekistonda biznes soddalashtirilgan QQSdan voz kechishni boshladi

Iqtisodiyot 11:31 / 26.09.2019 24119

O‘zbekistonda yangi Soliq kodeksi loyihasiga QQSni hisoblash va to‘lashning soddalashtirilgan tartibi kiritilmaydi. Bu haqda moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov xabar berdi.

Joriy yilning 25 sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. Unda qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblash va to‘lashning soddalashtirilgan tartibi bekor qilinishi nazarda tutilgan.

Sultonovning so‘zlariga ko‘ra, QQS stavkasi 15 foizgacha tushirilsa, unda uni hisoblashning soddalashtirilgan tartibi dolzarblikni yo‘qotadi.

«Ikkinchidan, ma'muriyatchilik va kuzatuv nuqtai nazaridan soddalashtirilgan QQS ancha murakkab jarayon. Uchinchi muhim omil - u ommaboplikni yo‘qotdi. Soliq to‘lovchilarning to‘rtdan bir qismi soddalashtirilgan QQSdan faol foydalandi, ammo 1 sentyabrga kelib ularning soni 12 foizgacha qisqardi. U mos tushmadi», - dedi Sultonov.

«Yangi Soliq kodeksi loyihasida soddalashtirilgan QQS nazarda tutilmaydi», - deya ta'kidlab o‘tdi Moliya vazirligi vakili.

O‘zbekistonda ikki yil muddatga (2021 yil 1 yanvarga qadar) qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lashning soddalashtirilgan tartibi joriy etilgandi.

2018 yil 24 dekabrda imzolangan qonunda o‘z aksini topgan Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiq, soliq davri davomida yalpi tushumi 3 mlrd so‘mdan oshmaydigan yuridik shaxslar, shu jumladan yagona soliq to‘lovi to‘lovchilari hisoblangan yuridik shaxslar qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lashning ushbu bobda belgilangan soddalashtirilgan tartibini tanlash huquqiga ega edi.

Bundan oldin, prezident QQS stavkasini 20 foizdan 15 foizga tushirish haqidagi farmonni imzolagani xabar qilingandi

Ko‘proq yangiliklar: