O‘zbekistonda qo‘shilgan qiymat solig‘i miqdori 20 foizdan 15 foizga pasaytirildi.
Kun.uz manbasi xabar qilishicha, prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston soliq siyosatini takomillashtirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Hujjatda tadbirkorlik sub'yektlarini yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida QQS stavkasini amaldagi 20 foizdan 15 foizgacha tushirish to‘g‘risidagi farmonini imzolagan.
Yangi soliq stavkasi 1 oktabr kunidan amal qilishi kutilmoqda.
Hukumatga 2020 yilgi davlat budjeti loyihasini tayyorlashda qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisob-kitob qilish va to‘lashning soddalashtirilgan tartibini bekor qilish, shuningdek, dividend shaklida to‘lanadigan daromad solig‘i stavkalarinini saqlab qolgan holda yuridik shaxslarga solinadigan foyda solig‘ining bazaviy stavkasini 15 foiz miqdorida belgilashni (bungacha 12 foiz edi) nazarda tutish topshirilgan.
Bundan tashqari, 2020 yildan budjet tashkilotlari va davlat korxonalari, ustav jamg‘armasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ko‘proq miqdorda bo‘lgan yuridik shaxslar, ustav jamg‘armasi (kapitali)ning 50 foizi va undan ko‘proq miqdori davlat ulushi 50 foiz va undan ko‘proq bo‘lgan yuridik shaxsga tegishli yuridik shaxslar hamda ularning tarkibiy tuzilmalari uchun yagona ijtimoiy to‘lov stavkasini 25 foizdan 12 foizga tushirish ko‘zda tutilmoqda.
1 oktyabrdan boshlab Moliya vazirligining budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga o‘tkazib kelingan yagona soliq to‘lovi Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga o‘tkazila boshlanadi.
Eslatib o‘tamiz, prezident 11 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Moliya vazirligiga qo‘shilgan qiymat solig‘ini stavkasini pasaytirish bo‘yicha topshiriq bergandi.
Ma'lumot uchun, 20 foizlik soliq stavkasi 2000 yilda o‘rnatilgan va so‘nggi 19 yil ichida qayta ko‘rib chiqilmagandi.