O‘zbekistonda 1 oktyabrdan boshlab QQS stavkasi 20 foizdan 15 foizga tushiriladi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, joriy yil oxirigacha budjetning yo‘qotishi 1,5 trln so‘mdan ortiqroqni tashkil etadi.
Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov Kun.uz’ga davlat yo‘qotishlarni qanday tarzda qoplashni mo‘ljallayotgani haqida gapirib berdi.
«Birinchidan, aksiz solig‘i stavkalari ko‘rib chiqiladi. Yangi stavkalar budjetning 12-13 foiz yo‘qotishini qoplashi kerak. Aksiz solig‘i oshirilishi hisobiga 200 million so‘m jamlashni rejalashtirmoqdamiz. Ikkinchidan, tashqi iqtisodiy faoliyatning erkinlashtirilishi. Agar stavkalar past bo‘lib, imtiyozlar bekor qilinsa, tovarlar yuqori narxlarda, ya'ni haqiqiy narxlarda deklaratsiyalanadi. Umuman olganda, bu yashirin importga qarshi kurash. Uchinchidan, elektron hisob-fakturalar. Shuningdek, biz soliq solinadigan bazani va QQS to‘lovchilar doirasini kengaytirish niyatidamiz», - dedi u.
Davlat bu yil shu tarzda qo‘shimcha daromad olishni rejalashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 25 sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorni imzoladi.