O‘zbekistonda 1 oktyabrdan boshlab bankomatlar naqd xorijiy valuta berishni to‘xtatadi. Bu haqda «Ipak yo‘li» bankining press-relizida ma'lum qilingan.
Ma'lum qilinishicha, hozirgi vaqtda Visa, MasterCard, UnionPay kabi xalqaro to‘lov tizimlariga xizmat ko‘rsatuvchi bankomatlarning dasturiy ta'minotlarini qayta sozlash ishlari boshlangan. Bankomatlar 1 oktyabrdan boshlab faqat milliy valutada naqd pul chiqarib beradi.
Naqd xorijiy valuta kerak bo‘lganida mijozlar banklar qoshidagi ayirboshlash shoxobchalariga murojaat qilishlari yoki xalqaro to‘lov kartalari bilan bank kassalariga kelib, kartadagi xorijiy valutani naqd chiqarib olishlari mumkin. Bunda mijozning yonida pasporti ham bo‘lishi lozim.
Markaziy bankdan Kun.uzga ma'lum qilinicha, bu choralar birinchi galda jinoiy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash doirasida ko‘rilmoqda; bankomatlarning dasturiy ta'minotlarini qayta sozlash bo‘yicha ko‘rsatma barcha banklarga yo‘llangan.
«Istalgan normal mamlakatda, hatto qo‘shni mamlakatlarda ham bankomatlar orqali faqat milliy valuta olish mumkin. O‘zbekistonliklar bankomatlardan naqd xorijiy yechib ololmaydi, lekin pasport bilan bank kassasiga borib, naqd xorijiy valuta yechib olish mumkin bo‘ladi», deb aytgan Markaziy bank vakili.