Raqamlar tilga kirganda – Ektor Kuperning milliy jamoadagi ko‘rsatkichlari 

Sport 19:19 / 23.09.2019 23816

O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi argentinalik mutaxassis Ektor Kuper bilan imzolangan shartnomaning bekor etilganini e'lon qildi.

63 yoshli mutaxassis milliy jamoani 368 kun davomida boshqardi. Quyida uning faoliyatiga taalluqli ba'zi raqamlarga e'tibor qaratamiz. 

Ektor Kuper milliy jamoani 17ta o‘yinda boshqardi. Bu tarixdagi sakkizinchi ko‘rsatkichdir. Milliy jamoada eng ko‘p ishlagan murabbiylar – Mirjalol Qosimov (54ta o‘yin), Rauf Inileyev (29ta o‘yin) va Vadim Abramov (28ta o‘yin).

Kuper qo‘l ostida milliy jamoa 7ta o‘yinda g‘alaba qozonib, 4ta durangga erishdi va 6 marta yutqazdi. Bu bilan 49 foiz ochko jamg‘ardi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha peshqadam murabbiylar - Rustam Akramov (77 foiz), Samvel Babayan (69 foiz) va Ravshan Haydarov (60 foiz). 

Kuper boshqargan o‘yinlarda zaxiradan tushirgan futbolchilari atigi 3 marta gol urgan. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha peshqadamlar – Mirjalol Qosimov (15), Rauf Inileyev (12) va Ravshan Haydarov (10). Qayd qilish joizki, bu mutaxassislar Kuperga nisbatan ko‘proq o‘yinda ishlaganlar.

Kuper qo‘l ostidagi o‘yinlarda milliy jamoa 19ta gol urdi – bu har bir o‘yinga o‘rtacha 1,11 goldan to‘g‘ri keladi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha eng yaxshi murabbiylar – Rustam Akramov (2,55), Vladimir Salkov (2,1) va Rauf Inileyev (1,96). 

Kuper boshqargan o‘yinlarda milliy jamoa 16ta gol o‘tkazdi – bu har bir o‘yinga o‘rtacha 0,94 goldan to‘g‘ri keladi. Undan ham yaxshiroq natijaga Samvel Babayan (0,62) va Rustam Akramov (0,88) erishgan. Kuper bu ko‘rsatkich bo‘yicha milliy jamoa tarixidagi uchinchi murabbiy bo‘lib turibdi va himoyaviy taktikaga ko‘proq e'tibor qaratishini isbotlamoqda.

Qayd qilish joizki, barcha ko‘rsatkichlarni hisoblashda milliy jamoada kamida 15ta o‘yinda ishlagan murabbiylar olindi. Albatta bu raqamlar o‘ta sub'yektiv ko‘rsatkich bo‘lib, rasmiy va o‘rtoqlik o‘yinlaridagi raqiblar kuchi va boshqa ko‘plab omillarga bog‘liq.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi Kuperning o‘rniga milliy jamoaning yangi bosh murabbiyi deb Vadim Abramovni e'lon qildi. 

Nurmuhammad Said

Ko‘proq yangiliklar: