O‘zbekistonda ilk marotaba xalqaro xayriya marafoni o‘tkaziladi

O‘zbekiston 16:32 / 23.09.2019 4818

1-3 noyabr kunlari Samarqand shahrida xalqaro xayriya marafoni bo‘lib o‘tadi. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan «Samarkand half marathon» matbuot anjumanida marafonning maqsadi hamda o‘tkazilish tartibi xususida ma'lumot berildi.

Xalqaro xayriya marafoni O‘zbekistonda ilk marta o‘tkazilayotgan bo‘lib, u madaniyat va san'at obektlarining inklyuzivligi (jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun kerakli sharoitlarning mavjudligi) muammosiga jamoatchilik e'tiborini jalb qilish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, O‘zbekistonda sport turizmini ommalashtirishni maqsad qiladi.

«Samarkand half marathon»da tajribali yuguruvchilar bilan bir qatorda havaskor yuguruvchilar ham qatnashishlari mumkin. Ishtirokchilar 21, 10 va 2 km uzoqlikdagi masofani bosib o‘tishlari rejalashtirilgan. G‘oliblar uchun rag‘batlantiruvchi sovg‘alar mavjud.

Anjumanda ma'lum qilinishicha, yarim marafonning dastlabki ikki kunida madaniy va ta'limiy tadbirlar o‘tkaziladi. Tadbirning birinchi kunida xalqaro ekspertlar ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tadi. Madaniyat vazirligi qoshidagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan Toshkentdagi madaniyat muassasalarida nogironligi bo‘lgan, harakati cheklangan shaxslar uchun yetarli sharoitlar mavjudligi borasida monitoring o‘tkazilayotgan bo‘lib, natijalar hisoboti davra suhbati doirasida taqdim etiladi. Uzoq masofalarga yugurish musobaqasi 3 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.

«Marafon davomida poyga ishtirokchilari shaharning barcha asosiy diqqatga sazovor joylarini ko‘rishadi, yarim marafonning o‘zi «Registon» ansambli yonidan boshlanadi. Yarim marafon yo‘nalishi IAAF (Xalqaro yengil atletika federatsiyalari assotsiatsiyasi) va AIMS (Xalqaro marafon va kilometrlar assotsiatsiyasi) tomonidan tasdiqlanib, sertifikatlanadi. RussiaRunning xalqaro kompaniyasi tadbirni yuqori darajada o‘tkazish uchun tegishli konsultatsiyalarni berib boradi», ─ deydi «Samarkand half marathon» loyihasi kuratori Mirxon Sagitov.

Mirxon Sagitov

Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi vakili Madina Badalovaning ta'kidlashicha, uch kunlik tadbirlar davomida tasviriy san'at asarlarining taktil (qo‘l bilan ushlab his qilish mumkin bo‘lgan) ko‘rgazmasi  tashkillashtiriladi.

«Shuningdek, yarim marafon doirasida Beat Films kinofestivali bilan hamkorlikda hujjatli kinofilmlar namoyishi o‘tkaziladi», ─ deydi Madina Badalova.

Madina Badalova

Yarim marafondan tushgan mablag‘lar Toshkentdagi teatrlardan birida tiflosharhlash (ko‘zi ojizlar uchun ma'lumotni qabul qilish imkonini beruvchi usul) amaliyotini yo‘lga qo‘yish uchun sarflanadi.

Yarim marafonda ishtirok etmoqchi bo‘lganlar 20 oktabr sanasiga qadar ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Ro‘yxatdan o‘tish va marafon haqida SAMARKANDHALFMARATHON.UZ  manzili orqali to‘liq ma'lumot olish mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: