Chinozdagi o‘smir qizlarni tarbiyalashga oid muassasada shart-sharoitlar yaxshilanadi

O‘zbekiston 10:02 / 23.09.2019 3864

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari - xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i, polkovnik Umida Abdullayeva YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari, YUNISEF xalqaro psixolog-maslahatchilari Svetlana Rijikova va Gulchehra Nig‘matjonova bilan uchrashdi.

O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xabariga ko‘ra, uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, shuningdek “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi va “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlari hamda boshqa bir qator normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi doirasida IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi tomonidan amalga oshirish lozim bo‘lgan muhim masalalar muhokama qilindi.

Amaliy muloqot davomida Toshkent viloyatining Chinoz tumanidagi o‘smir qizlarni tarbiyalashga oid muassasada shart-sharoitlarni yanada yaxshilash masalasi ham ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston tomonidan respublikada xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatiga ko‘maklashish bo‘yicha YUNISEF loyihasini birgalikda ishlab chiqish taklifi berildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ushbu loyihani birgalikda ishlab chiqish, qizlarni tarbiyalash bo‘yicha muassasalar o‘qituvchilari, shuningdek voyaga yetmaganlar bilan ishlash bo‘yicha ichki ishlar organlari xodimlari uchun seminarlar va treninglar o‘tkazish, xususan bunda O‘zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti imkoniyatlaridan foydalangan holda ko‘rib chiqishga kelishib oldilar.

Ko‘proq yangiliklar: