AQShdagi eng yirik atom elektr stansiyasi yopiladi

Jahon 20:30 / 23.09.2019 13092

AQShning Exelon kompaniyasi AQShdagi eng yirik atom elektr stansiyasini yopishga qaror qildi.

Bunday qarorga kelinishiga davlat tomonidan moliyaviy ko‘mak ko‘rsatilishi borasidagi mavhumlik, yuqori sarf-xarajatlar va qayta tiklanuvchi energiya manbalari ko‘payishi sabab bo‘lgan.

Exelon Tri-Mayl-Aylend AESning 1-energobloki reaktorini 45 yillik ekspluatatsiyadan keyin to‘xtatdi. Bu qaror AESning, jumladan 40 yil avval ishdan chiqqan 2-blokning yopilishini anglatadi.  

Korxonani radioaktiv moddalardan tozalash o‘nlab yillar vaqt oladi. Xodimlar yaqin haftalarda yonilg‘ining reaktorga uzatilishini to‘xtatib, uni ishlatilgan yonilg‘i saqlanadigan suv havzasida saqlaydi. Biroq reaktorning ekspluatatsiyadan chiqarilishi ko‘proq vaqt talab etadi. Kompaniyaning baholashicha, AES radioaktiv moddalardan 2078 yilgagina kelib to‘liq tozalanadi. 

AESning 1-energobloki nisbatan xavfsiz hisoblangan va u bilan yuz bergan yagona ko‘ngilsiz voqea atmosfera bosimining o‘zgarishi bo‘lgan. Uning oqibatida 20 xodim kichik miqdordagi radiatsiya bilan nurlanishga uchragan. Biroq 1979 yilda 2-blokning eritilishi 2 mlnga yaqin odamning nurlanishiga olib kelgan.

“Yadro energetikasi nisbatan toza hisoblansa-da, tabiiy gaz kabi qayta tiklanuvchi energiya manbalari o‘sishi unga talabning kamayishiga olib kelgan”, deb ta'kidlab o‘tilgan kompaniyada. 

Ko‘proq yangiliklar: