«2+3» nazariyasi. O‘zbekiston OTMlari qachon top-1000talikka kiradi?

O‘zbekiston 16:43 / 23.09.2019 23297

10-12 sentabr kunlari Shveytsariyaning Tsyurix shahrida bo‘lib o‘tgan Butunjahon ta'lim sammitida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Tashkenbayev O‘zbekiston vakili sifatida ishtirok etdi.

Sammit doirasida jahonning yetakchi universitetlaridan xalqaro ekspertlar ishtirok etgan va unda «Dunyo universitetlari reytingi - 2020» e'lon qilingan.

Kun.uz muxbiri mamlakatimiz OTMlarida ta'lim sifatini oshirish, xalqaro miqyosda talabgir bo‘lgan mutaxassislar tayyorlash hamda mamlakatimizdagi oliy ta'lim muassasalarini dunyoning kuchli universitetlari reytingiga kiritish bo‘yicha olib borilayotgan hamkorlik aloqalari haqida Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Tashkenbayev bilan suhbatlashdi.

Ulug‘bek Tashkenbayev

Butunjahon ta'lim sammiti O‘zbekiston uchun qaysi jihatlari bilan ahamiyatli bo‘ldi, deb hisoblaysiz?

— Ayni paytda davlat rahbari tomonidan O‘zbekiston oliy ta'lim muassasalarining xalqaro darajadagi nufuzini oshirishda yetakchi xalqaro reyting agentliklari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish vazifasi topshirilgan bo‘lib, delegatsiyamiz tomonidan tashrif davomida mazkur sammitni tashkil qilgan Xalqaro oliy ta'lim muassalari reytingi agentligi – THE (Times Higher Education) bilan hamkorlik shartnomalarini imzolash bo‘yicha muzokaralar olib borildi.

Shuningdek, Shveytsariya federativ respublikasining ta'lim tizimidagi ilg‘or tajribalarini o‘rganish, ta'lim muassasalari va ta'lim sifatini ta'minlash sohasida faoliyat yuritadigan tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli aloqalar o‘rnatishga erishildi.

Sammit doirasida «Dunyo universitetlari reytingi - 2020»ning rasman e'lon qilingani haqida ta'kidladingiz. Reytingdan o‘rin olish uchun qanaqa talablar qo‘yiladi? O‘zbekiston OTMlari bugungi kunda mazkur talablarning qaysilariga javob bera oladi?

— Mazkur reytingda 92 mamlakatning 1400ga yaqin universitetlari qatnashdi.

Natijalariga ko‘ra, ikkinchi yil hisobida ham birinchi o‘rinni Oksford universiteti egallab turibdi.

TOP-1000 reytingiga, shuningdek, MDH mamlakatlarining universitetlari ham kiritilgan bo‘lib, Rossiyaning 39ta universiteti, Ukrainaning 6ta, Qozog‘istonning 2ta, Gruziyaning va Belarusning bittadan universitetlari kirgan.

Dunyo universitetlari Top–1000talikka kirishlari uchun Scopus bazasidagi maqolalari salmog‘i, xorijlik professor-o‘qituvchilar bilan hammualliflikdagi maqolalar soni, xorijiy talabalar va xorijiy professor-o‘qituvchilar salmog‘i, ilmiy-tadqiqot ishlarining obro‘lilik darajasi xalqaro darajada yuqori bo‘lishi, ilmiy salohiyat, OTMning topadigan daromadi yuqori bo‘lishi, talabalarni professor-o‘qituvchilar bilan qamrab olinishi va boshqa jihatlar inobatga olinadi.

Hozirgi paytda mahalliy oliy ta'lim muassasalarimizdan birortasi ushbu talablarning barchasiga to‘liq javob bermaydi. Masalan, chegaradosh hududlardagi OTMlarda xorijlik talabalar salmog‘i yuqori bo‘lsa-da, biroq boshqa ular boshqa mezonlar bo‘yicha ortda.  

Yoki, aksincha, markazda joylashgan universitetlarimizda ilmiy salohiyat yuqori bo‘lsa-da, xorijiy talabalar soni kamchilikni tashkil etadi.

Bu vaziyatda O‘zbekiston OTMlarining top–1000talikka kirishi uchun nimalarni amalga oshirish lozim bo‘ladi?

— Albatta, oliy ta'lim muassasalarimizni ushbu reyting tizimidan o‘rin olishlarini qisqa muddatda ta'minlab bo‘lmaydi. Davlat rahbari tomonidan ushbu yo‘nalishda aniq ko‘rsatmalar berilgan bo‘lib, hozir milliy OTMlarimizni dunyoning kuchli universitetlari reytingidan o‘rin olishlari bo‘yicha rejali ishlar boshlab yuborilgan.

Xususan, ushbu reytingni shakllantirib boradigan THE xalqaro agentligi bilan hamkorlik qilinmoqda. Sammitga qadar yurtimizda agentlik vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilgan bo‘lsa, tashrif doirasida THE ma'lumotlar bazasini yaratish bo‘yicha rahbar janob Dunkan Ross bilan rasmiy uchrashuv o‘tkazdik. Unda O‘zbekistonda OTMlarning global reyting ro‘yxatidan o‘rin egallashiga ko‘maklashish borasida 10/1000 loyihasining amalga oshirilishi, bunda «Dunyo universitetlari reytingi-2020» ro‘yxatining eng yuqori 100talik - «TOP 100» universitetlari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish masalasini muhokama qildik.

Shuningdek, Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Oliy ta'lim vazirligi tomonidan milliy reytingimizda yuqori o‘rin olgan oliy ta'lim muassasalarimizni QS va THE kabi xalqaro reyting agentliklarining ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha yo‘l xaritasi ishlab chiqilmoqda.

Milliy oliy ta'lim muassasalarimizning xorijiy reytingdan o‘rin olishlari uchun birinchi navbatda xorijiy talabalar va xorijiy professor-o‘qituvchilar salmog‘ini oshirib borish lozim.

OTMlarning Elsevier Scopus bazasida o‘z profillarini ochib, Scopus bazasida xorijlik professor-o‘qituvchilar bilan hammualliflikda maqolalar chiqarish bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgan. Ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan va Scopus bazasidagi maqola chiqargan har bir professor-o‘qituvchilar OTM ichki mablag‘lari hisobidan maqsadli rag‘batlantirib boriladi. Shu orqali THE xalqaro tashkilotining reyting ro‘yxatiga tushish uchun har bir OTM bir yilda kamida 200ta ilmiy maqolani Scopus bazasida chop etishiga erishish rejalashtirilgan.

Shuningdek, oliy ta'lim muassasalarimizdagi ilmiy izlanishlarning obro‘lilik darajasi bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazib boriladi. Bunda  QS va THE xalqaro reyting agentliklariga, sohalar bo‘yicha yetakchi ilmiy tadqiqot markazlariga va ishlab chiqaruvchilarga anketa so‘rovi yuboriladi va uning natijalari xalqaro ekspertlar ishtirokida tahlil qilinadi.

Bundan tashqari, universitetning jami daromadlarini hamda iqtisodiyotning real sektoridan olingan mablag‘larni oshirish ham muhim masala. Professor-o‘qituvchilar ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularni doimiy rag‘batlantirib borish uchun xalqaro grantlar va davlat budjeti mablag‘lari maqsadli ravishda ajratilishi kerak. Natijada, oliy ta'lim muassasasining ilmiy faoliyatdan oladigan daromadini yiliga o‘rtacha 5-10 foizgacha oshirish lozim bo‘ladi.

Yana bir muhim jihat: talabalarning professor-o‘qituvchilar bilan qamrab olinishini ham amaldagi 1/11 dan 1/6 nisbatga ko‘tarishga harakat qilish zarur. Buning uchun ilmiy salohiyat yiliga o‘rtacha 3-5 foizdan oshirib borilgan holda darajani 80-85 foizga yetkazish, yil yakunida nomzodlik olganlar miqdorini (himoyalar) ko‘paytirish choralari ko‘rilmoqda. Bu o‘z navbatida, ta'lim sifatiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi, OTMlarning ilmiy salohiyati ko‘tariladi va ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchilar salmog‘ini oshiradi.

OTMlarning internet saytlarini takomillashtirish ham oldimizda turgan muhim vazifalardan biri. Ulardagi ma'lumotlar o‘zbek va rus tilidan tashqari ingliz tilida ham to‘liq berib borilishi orqali muassasa haqidagi ma'lumotlar bilan xorijiy hamkor tashkilotlar, shu jumladan, xalqaro reyting agentliklarining ham tanishib chiqish imkonini yaratish zarur.

Ayni paytda samaradorlikni oshirish uchun xalqaro hamkorlik darajasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

— Ta'kidlaganimdek, xalqaro reytingdan o‘rin olishda OTM pedagoglarining xalqaro nashrlarda e'lon qilgan maqolalari muhim o‘rin tutadi. Shu sababli sammit doirasida ushbu yo‘nalishda dunyoning ilg‘or xalqaro tashkilotlaridan biri bo‘lgan Elsevier kompaniyasi Tahlil xizmatlari bo‘yicha katta vitse-prezidenti Mariya de Kleyn xonim va kompaniyaning Global strategik tarmoqlar bo‘yicha vitse-prezidenti janob Maks Vogler bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Mazkur kompaniya bilan kelgusida O‘zbekiston ilmiy jurnallarining xalqaro nufuzini oshirish, mahalliy nashrlarning Scopus ma'lumotlar bazasidan o‘rin egallashi uchun yo‘l xaritasi ishlab chiqilishi va boshqa belgilangan vazifalarning ijrosini bosqichma-bosqich amalga oshirishda hamkorlik qilish borasida kelishib oldik.

Ushbu kelishuvning dastlabki bosqichi sifatida O‘zbekistonda Elsevier kompaniyasi vakillari ishtirokida 2019 yilning 8 oktabr kuni ilmiy-amaliy seminar o‘tkazishni rejalashtirilganmiz.

Bundan tashqari, O‘zbekiston delegatsiyasini Oliy ta'limda sifatni ta'minlash bo‘yicha Yevropa sifat kafolati assotsiatsiyasi (ENQA) prezidenti Kristof Grolimund qabul qildi. Muzokaralar yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining ENQA tashkilotiga kuzatuvchi a'zo sifatida qo‘shilish masalasi, O‘zbekistonda ENIC/NARIC tizimini yo‘lga qo‘yish, shuningdek bosqichma-bosqich Yevropa ta'lim tarmog‘iga kirib borish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib olindi.

Ta'kidlash joizki, ENQA 2000 yilda oliy ta'limda sifatni ta'minlash bo‘yicha Yevropa tarmog‘i sifatida tashkil etilgan bo‘lib, oliy ta'limda sifatni ta'minlash sohasida (QA) Yevropa hamkorligini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan. ENQAga hozirgi kunda 30ta mamlakat a'zo hisoblanadi.

Butunjahon ta'lim sammiti davomida Shveytsariya Federativ Respublikasining ta'lim tizimidagi ilg‘or tajribalarini o‘rganish ishlari olib borilgani haqida ham gapirdingiz. Ushbu davlatning qaysi tajribasi biz uchun foydali bo‘lishi mumkin?

— Tashrif davomida delegatsiyamizni Shveytsariyaning ta'lim, tadqiqot va innovatsiyalar bo‘yicha davlat sekretariati (SERI) rahbarlari qabul qilishdi.

Ushbu tashkilot vakillari bilan uchrashuv biz uchun ahamiyatli ekanligini bir nechta misollar orqali ifodalash mumkin. 

Masalan, Shveytsariyada faoliyat yurituvchilarning 20 foizini xorijlik fuqarolar tashkil etadi. Shu sabab mamlakat xorijiy ta'lim muassasalari diplomini tan olish tartibiga katta e'tibor qaratadi. Bundan tashqari, Shveytsariya Konfederatsiyasi PISA - o‘quvchilar bilimini baholash xalqaro dasturida 2000 yildan buyon muvaffaqiyatli ishtirok etib keladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib,  Shveytsariya ta'lim tizimi xususiyatlari, ta'lim dasturlarini akkreditatsiya qilish tartibi (har bir oliy ta'lim muassasasi 7 yilda bir marta attestatsiya-akkreditatsiya qilinadi), xorijiy ta'lim muassasalari diplomini tan olish qonun-qoidalari hamda PISA kabi xalqaro baholash dasturlarida ishtirok etish kabilarni o‘rganish O‘zbekiston uchun foydadan xoli bo‘lmaydi.

Bundan tashqari, delegatsiyamiz tashrif davomida Shveytsariyaning bir qator ta'lim muassasalari faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. Jumladan, Tsyurix pedagogika institutida bo‘lib, bu yerdagi pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi bilan tanishdik. Unga ko‘ra, Shveytsariya oliy ta'lim muassasalari professor-o‘qituvchilari kamida 2 yillik, rahbariyati 10 yil maktab o‘qituvchisi sifatida faoliyat yuritgan bo‘lishi shart etib belgilangan.

Pedagogika OTMlari talabalari o‘qishning birinchi yilidanoq haftaning ikki kuni davomida umumta'lim fanlari bo‘yicha nazariy bilim olishsa, qolgan 3 kuni maktablarda biriktirilgan o‘qituvchilar bilan birgalikda amaliy ko‘nikma hosil qilishadi.

Bunda OTM hamda umumta'lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan bo‘lib, eng tajribali o‘qituvchilar bilan shartnoma tuziladi.

Ushbu tajribani, ya'ni nazariya+amaliyot uslubini O‘zbekiston OTMlarida ham joriy qilish mumkinmi?

— Mamlakat kelajagini belgilab beradigan yoshlarni tarbiyalashga juda jiddiy masala sifatida qaraladi.  Bu sohada islohot qilishda shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Sammit davomida jahonning yetakchi ekspertlari ham o‘z ma'ruzalarida ta'limda islohotlar qilishda o‘ta ehtiyotkorlik bilan yondashish, ya'ni yangilik qilaman deb mavjud tizimning yaxshi tajribalarini yo‘qqa chiqarib qo‘ymaslik lozimligini qayta-qayta takrorlashdi.

Lekin bizning OTMlarimiz ham bevosita ish beruvchilar bilan hamkorlikda ishlab, amaliyot jarayonining samarali ishlash mexanizmini yo‘lga qo‘yishini davr talab qilmoqda. Jahonning yetakchi universitetlarida bu jarayon kundan kunga takomillashib bormoqda. Shuning uchun biz ham mavjud sharoitdan kelib chiqib hozircha  «5+1» ko‘rinishda yurtimizdagi umumta'lim maktablarida pedagogika ta'lim muassasalari talabalari tizimini yo‘lga qo‘yishni taklif etmoqdamiz. Bunda 5 kun OTMda darslar olib boriladi va haftaning bir kuni talabalar maktab o‘qituvchisiga biriktirilib, bolalarga ta'lim berish bo‘yicha amaliyot jarayonida bo‘lishadi.

Chunki, hozirgi paytda maktablarda mavjud sharoit, ya'ni qo‘shimcha auditoriyalar, laboratoriya jihozlari va OTMlardagi o‘quv dasturlari bu jarayonni birdaniga «2+3» ko‘rinishda tashkil qilish imkonini bermaydi.

Lekin bu narsa vaqtincha. Ushbu tajriba bosqichma-bosqich joriy etilib, kelgusida maktablarni qurish yoki ta'mirlashda bu jihat ham inobatga olinadi va talabalarning ko‘proq amaliy ta'lim olishlariga imkoniyat yaratiladi. Bu tizimni yo‘lga qo‘yishda Tsyurix Pedagogika instituti bilan hamkorlik qilishni rejalashtirganmiz.

Shuning uchun Tsyurix Federal texnologiya institutida ta'lim-fan-ishlab chiqarish integratsiyasini tashkillashtirish tajribasi bilan tanishdik. U yerda kasb-hunar ta'limini rivojlantirish maqsadida kasblar bo‘yicha ta'lim dasturlarini «2+3» tamoyili bo‘yicha tashkil etish orqali o‘quvchilarga haftaning ikki kuni davomida nazariy bilim (kollejlarda) hamda 3 kuni davomida joylarda amaliyot o‘tash imkoni beriladi.

Kasb-hunar ta'lim tizimida ish beruvchilarning fikrini inobatga olish ularning ta'lim jarayonida bevosita ishtirokini ta'minlash bo‘yicha alohida ish beruvchilar kengashini tashkil etishni taklifini kirityapmiz.

Bundan tashqari, Shveytsariya tajribasini o‘rganish asosida uzluksiz ta'lim tizimida o‘quv dasturlari ishlab chiqish, ta'limga oid muammoli masalalarni o‘rganish hamda ularning yechimi yuzasidan maqsadli rejalarni va yo‘l xaritalarni tuzish bilan shug‘ullanadigan «Ta'lim tadqiqotlari instituti»ni tashkil etish taklif etilmoqda. Institutning maqsadi mavjud muammolarni o‘rganish va ilmiy yechimini topish, oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlari materiallarini jahon standartlariga mos holda ishlab chiqish kabilarni qamrab oladi. Ushbu institutda kelgusida yangi o‘quv dasturlar va interfaol o‘qitish metodikasi hamda zamonaviy axborot-kommunikatsion texnologiyalar asosida bilim berish usullarini ishlab chiqish taklifi kiritilishi ham rejalashtirilgan.

Yana bir narsani unutmaslik kerakki, OTMlarimizning top-100talikka kirishi jarayoni tezlik bilan amalga oshadigan ish emas. Xorij tajribasini o‘rganish va amaliyotga tatbiq qilish orqali bu borada yaxshi natijaga erishishga umid qilish mumkin.  

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi. 

Ko‘proq yangiliklar: