«Siti» 18 daqiqada 5ta gol urib rekord o‘rnatdi. Keyin yana 3ta gol urdi

Sport 09:30 / 22.09.2019 14933

Angliya premer-ligasining 6-turida «Manchester Siti» «Uotford»ni qabul qilib, raqib darvozasiga 8ta javobsiz gol yo‘lladi.

Yaqinda bosh murabbiyni almashtirgan mehmonlar 50 soniyadayoq birinchi golni o‘tkazib yuborishdi, Kevin de Bryuynening uzatmasini David Silvad Ben Foster qo‘riqlayotgan darvozaga yo‘lladi.

Pep Gvardiola shogirdlari tezkor goldan keyin ham to‘xtovsiz hujum qilishda davom etishdi va keyingi 17 daqiqa ichida yana to‘rtta gol urdi. O‘yindan ham, penaltidan ham, jarima zarbasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarba orqali ham va jarima zarbasidan keyingi uzatma orqali ham - istalgancha va turli ijrochilar bilan. Serxio Agueroning goli yubiley gol bo‘ldi - argentinalik futbolchi Premer-ligadagi yuzinchi golini urdi, u endi APLda bir klub safida gol urish borasida faqat Terri Anri (114) va Ueyn Runidan (101) keyingi o‘rinda.

18-daqiqagacha hisobni 5:0 ko‘rinishiga keltirish - APLda rekord natija hisoblanadi. Bundan avvalgi rekord 22 yilu bir oy saqlanib turdi - 1997 yilning 25 avgustida «Blekbern» «Sheffild Uensdey»ga qarshi o‘yinning 24-daqiqasigacha 5ta gol urgandi. Gvardiola esa bunday qisqa vaqt ichida shuncha gol urish bo‘yicha natijani avval ham qayd etgan - 2015 yil sentyabrida uning boshqaruvidagi «Bavariya» «Volfsburg»ga qarshi o‘ynaganida murabbiy ikkinchi bo‘limda Robert Levandovskini maydonga tushirgan va polshalik hujumchi maydonga tushganidan keyingi 15 daqiqa ichida 5ta gol urgandi - uning birinchi va beshinchi goli orasidagi muddat - 9 daqiqa bo‘lgan.

Tanaffusdan keyin «Siti» hujumkor futbol namoyish etishda davom etdi va yana uchta gol urib, hisobni 8:0 ko‘rinishiga keltirdi. Bernardu Silva het-trik rasmiylashtirdi, bu uning futbolchilik faoliyatidagi ilk het-trik bo‘ldi, de Bryuyne ham «gol+pas» tizimida 3 ochko oldi, u ikki golga uzatma berib, o‘yinga nuqta qo‘ygan golga mualliflik qildi. «Uotford» bu oqshom 10tadan ortiq gol o‘tkazishi mumkin edi — mezbonlar bergan zarbalarning uchtasi Ben Foster qo‘riqlayotgan darvoza to‘sini va ustunlaridan qaytdi.

Bu «Siti» uchun o‘z tarixidagi eng yirik g‘alaba bo‘ldi. Lekin bu APL o‘yinlaridagi eng yirik hisob emas - 1995 yilda «Manchester Yunayted» «Ipsvich»ni 9:0 hisobida tor-mor etgan.

«Shaharliklar» o‘z tarixidagi eng yirik mag‘lubiyatni 2008 yilda «Midlsbro»dan qabul qilib olishgan - 1:8.

O‘yinni boshqarib borgan Mayk Din uchun bu joriy yilda «Siti»ning uchinchi o‘yinida ishlash bo‘ldi, o‘tgan mavsumning ikkinchi davrasida u «Chelsi»ga qarshi (6:0) va Angliya Kubogi doirasida «Berton Albion»ga qarshi (9:0) yirik hisobdagi g‘alabalar qayd etilgan o‘yinlarda ham ishlagan, bu o‘yinlarda ham Gvardiola shogirdlari ilk besh daqiqalikda hisobni ochishgan. U «Uotford»ga qarshi o‘yinda ikkinchi bo‘limga yana uch daqiqa qo‘shib berdi va final hushtagini kutib yashayotgan mehmon futbolchilarini yana 3 daqiqa davomida azoblanishga majbur qildi.

«Manchester Siti» ochkolari sonini 13taga yetkazgan holda Angliya Premer-ligasi turnir jadvalida ikkinchi o‘ringa joylashgan, jamoa faqat «Liverpul»dan ortda qolmoqda (15 ochko), mersisaydliklar bu turda «Chelsi» bilan hisob-kitob qilishadi. «Uotford» 2 ochkosi bilan eng so‘nggi - 20-o‘rinda qolmoqda.

Angliya chempionati
Premer-liga
6-tur
«Manchester Siti» — «Uotford» — 8:0
(5:0)
Gollar: Silva, 1 (1:0). Aguero, 7 — penalti (2:0). Mahrez, 12 (3:0). Bernardu Silva, 15 (4:0). Otamendi, 18 (5:0). Bernardu Silva, 48 (6:0). Bernardu Silva, 60 (7:0). De Bryuyne, 85 (8:0).
«Manchester Siti»: Ederson, Otamendi (Garsiya, 63), Uoker (Joau Kanselu, 54), Mendi (Anxelino, 46), Silva, Fernandinyu, De Bryuyne, Ernandes, Aguero, Mahrez, Bernardu Silva.
«Uotford»: Foster, Mariappa, Kiko Femeniya, Douson, Holebas, Fulke (Pereyra, 33), Kapue, Kleverli, Dukure, Xyuz (Sarr, 59), Deulofeu (Grey, 77).
Ogohlantirishlar: Bernardu Silva, 19. Deulofeu, 59. Kiko Femeniya, 60. Anxelino, 81.
Hakam: Din.
21 sentabr. Manchester. «Etihad» stadioni.

Ko‘proq yangiliklar: