Rossiyalik Abdulrashid Sadulayev to‘rt karra jahon chempioni bo‘ldi

Sport 20:08 / 22.09.2019 14305

Rossiyalik erkin kurashchi Abdulrashid Sadulayev Nur-Sulton shahrida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida 97 kg vazn toifasida chempion bo‘ldi.

U finalda ozarboyjonlik erkin kurashchi Sharif Sharifovni 4:0 hisobida mag‘lub etdi va to‘rt karra jahon chempioniga aylandi.

Sadullayev 2016 yilgi Rio Olimpiadasida -86 kg vazn toifasida ishtirok etib, oltin medalga sazovor bo‘lgan. Sadullayev 2014 yil Toshkentda, 2015 yil Las-Vegasda o‘tkazilgan jahon chempionatida 86 kg vazn toifasida, 2018 yil Budapeshtda o‘tkazilgan jahon chempionatida -97 kg vazn toifasida chempion bo‘lgan, 2017 yil Parijda o‘tgan turnirda esa kumush medal olgan.

Sharif Sharifov esa 2012 yilgi London Olimpiadasida -84 kg vazn toifasida ishtirok etib, oltin medal olgan, 2016 yil Rio Olimpiadasida esa -86 kg vazn toifasida qatnashib, bronza medalga sazovor bo‘lgan. U shuningdek, 2009 yil Herningda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida bronza, 2011 yili Istanbulda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritgan.

Bu vazn toifasida Shimoliy Makedoniya vakili Magomedgadji Nurov va amerikalik Kayl Snayder bronza medallarga ega chiqishdi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu turnirda -97 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini Magomed Ibragimov himoya qildi. Lekin u chorak finalda amerikalik Kayl Snayderga yutqazib medallar uchun kurashdan chiqdi.

Ko‘proq yangiliklar: