Formula-1: Sebastyan Fettel mavsumdagi ilk g‘alabani qo‘lga kiritdi

Sport 20:03 / 22.09.2019 3107

“Formula-1” avtopoygasining 15-bosqichi – Singapur gran-prisida Ferrari a'zosi nemis Sebastyan Fettel g‘olib bo‘ldi.

4 karra jahon chempioni 22 bosqichdan iborat g‘alabasiz seriyadan keyin ilk g‘alabasiga erishdi. U oxirgi marta 2018 yilgi Belgiya bosqichida g‘alaba qozongandi. Ushbu g‘alaba Fettel faoliyatidagi 53-g‘alaba, Singapurdagi 5-g‘alaba bo‘ldi. Shuningdek, uning jamoasi 2008 yildan beri ilk bor qatorasiga 3 ta bosqichda g‘oliblikka erisha oldi. 

Marraga ikkinchi bo‘lib Fettelning jamoadoshi Sharl Lekler, uchinchi bo‘lib Red Bull poygachisi Maks Ferstappen keldi.

Poyga peshqadamlari Lyuis Xemilton va Valterri Bottas 4- va 5-o‘rinlarni egallashdi.

Umumiy hisobda Xemilton 296 ochko bilan peshqadam bo‘lib qolmoqda. 2-o‘rinni Valterri Bottas (231), 3-o‘rinni Sharl Lekler (200) egallamoqda. 

Mavsum yakunlanishiga yana 6 ta bosqich qoldi. Poyganing navbatdagi 16-bosqichi Sochida 29 sentyabrda bo‘lib o‘tadi.

Ko‘proq yangiliklar: