Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida joylashgan «Sharg‘unko‘mir» AJda joriy yilning 14-15 avgust kunlari qariyb 200 nafar konchi ish tashlagani haqida ma'lumot tarqaldi.
Tabiiy savol tug‘iladi - xodim ish tashlash huquqiga egami?
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33-moddasiga ko‘ra, fuqarolar o‘z ijtimoiy faolliklarini O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq mitinglar, yig‘ilishlar va namoyishlar shaklida amalga oshirish huquqiga egadirlar. Hokimiyat organlari faqat xavfsizlik nuqtai nazaridangina bunday tadbirlar o‘tkazilishini to‘xtatish yoki taqiqlash huquqiga ega.
Lekin O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida mitinglar, yig‘ilishlar va namoyishlar o‘tkazish tartibi belgilanmagan. Vazirlar Mahkamasining «Ommaviy tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2014 yil 29 iyuldagi 205-son qarori mavjud bo‘lib, ushbu hujjatda faqatgina ommaviy tadbirlarni o‘tkazish qoidalari belgilab berilgan. Ammo ushbu qarorda berilgan ommaviy tadbir tushunchasi miting, yig‘ilish, namoyish kabi tushunchalarni qamrab olmagan. Ushbu hujjatga ko‘ra:
ommaviy tadbir — 100 va undan ko‘p kishilar ishtirokida ijtimoiy-siyosiy (anjumanlar, konferensiyalar, s'yezdlar va boshqalar), madaniy-ommaviy va ko‘ngilochar-tomosha dasturlari (musiqiy, adabiy va boshqa festivallar, konsert, teatr, sport, reklama tadbirlari, xalq sayillari, sirk, milliy namoyishlar va o‘yinlar, ko‘riktanlovlar va boshqalar), shuningdek umumxalq, diniy, kasb bayramlarini o‘tkazish maqsadida ommaviy tadbirni o‘tkazish obektida tashkil qilinadigan fuqarolarning birgalikda qatnashishlari;
birinchi toifadagi ommaviy tadbir — 200 va undan ko‘p kishilar ishtirokida Toshkent, Nukus shaharlari va viloyat markazlari hududida o‘tkaziladigan ommaviy tadbir;
ikkinchi toifadagi ommaviy tadbir — birinchi toifaga kirmaydigan ommaviy tadbir.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 16-moddasida esa xodimning asosiy mehnat huquqlari mustahkamlangan.
Unga ko‘ra har bir xodim:
o‘z mehnati uchun qonun hujjatlarida Mehnatga haq to‘lash yagona tarif setkasining birinchi razryadi bo‘yicha belgilanganidan oz bo‘lmagan miqdorda haq olish;
muddatlari chegarasi belgilangan ish vaqtini o‘rnatish, bir qator kasblar va ishlar uchun ish kunini qisqartirish, har haftalik dam olish kunlari, bayram kunlari, shuningdek haq to‘lanadigan yillik ta'tillar berish orqali ta'minlanadigan dam olish;
xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan sharoitlarda mehnat qilish;
kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
ish bilan bog‘liq holda sog‘lig‘iga yoki mol-mulkiga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash;
kasaba uyushmalariga hamda xodimlar va mehnat jamoalarining manfaatlarini ifoda etuvchi boshqa tashkilotlarga birlashish;
qariganda, mehnat qobiliyatini yo‘qotganda, boquvchisidan mahrum bo‘lganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy ta'minot olish;
o‘zining mehnat huquqlarini himoya qilish, shu jumladan sud orqali himoya qilish va malakali yuridik yordam olish;
jamoalarga doir mehnat nizolarida o‘z manfaatlarini quvvatlash huquqiga egadir.
Bulardan ko‘rinib turibdiki, xodimning ish tashlash huquqi, shuningdek, ish tashlash davrida xodim va ish beruvchining huquq va majburiyatlari amaldagi qonunchiligimizda mustahkamlanmagan. Lekin qonunchiligimizda paradoks mavjud. Ya'ni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 218-moddasida taqiqlangan ish tashlashga rahbarlik qilish yoki favqulodda holat sharoitida korxona, muassasa yoxud tashkilotlar ishiga to‘sqinlik qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. Unga ko‘ra, taqiqlangan ish tashlashga rahbarlik qilish, shuningdek, favqulodda holat sharoitida korxona, muassasa yoxud tashkilotlar ishiga to‘sqinlik qilish — eng kam oylik ish haqining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Demak, mantiqan o‘ylab qarasak, Jinoyat kodeksida taqiqlangan ish tashlash tushunchasi berilgan ekan, qonuniy ish tashlash ham mavjud bo‘lishi kerakmi?
Amaldagi qonunchiligimizda esa qonuniy ish tashlash tushunchasi mavjud emas. Taqiqlangan ish tashlash tushunchasiga esa hech qanday sharh berilmagan. Mana shu paradoks emasmi!?
Tasavvur qilaylik, xodim ish tashladi ham deylik. Buning huquqiy oqibati nima bo‘ladi? Yuqorida ta'kidlab o‘tganimizdek, amaldagi mehnat qonunchiligida xodimning ish tashlash huquqi mavjud emas. Demak, bunday hollarda xodimga mehnat intizomini buzgani (xodimning ish joyida bo‘lmagani yoki mehnat vazifalarini bajarmagani) uchun ish beruvchi intizomiy jazo choralarini (hayfsan, jarima, mehnat shartnomasini bekor qilish) qo‘llashga haqli.
Shuning uchun xodimlarga tavakkilchilikka yo‘l qo‘ymasdan, mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga va mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishini tekshiruvchi va nazorat qiluvchi organlar (prokuratura, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasi, kasaba uyushmalari)ga murojaat qilishni tavsiya qilamiz. Ish tashlayman deb, ishdan ajrab qolmang!
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi PF-5635-son Farmoniga 1-ilova 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturida 2019 yil 20 dekabrga qadar mehnat munosabatlarini takomillashtirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining yangi tahririni ishlab chiqish vazifasi qo‘yilgan. Mehnat kodeksining yangi tahririda ish tashlash huquqi mustahkamlansa maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Bu O‘zbekiston qo‘shilgan xalqaro hujjatlar talablariga ham mos keladi. «Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risida»gi xalqaro pakt (O‘zbekiston Respublikasi mazkur Konvensiyaga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1995 yil 31 avgustdagi 126-I-sonli qaroriga asosan qo‘shilgan)ning 8-moddasi d-bandiga ko‘ra Paktda ishtirok etuvchi davlatlar har bir mamlakatning qonunlariga muvofiq amalga oshiriladigan ish tashlash huquqini ta'minlash majburiyatini oladi.
Bir qator MDH davlatlarining mehnat kodekslarida (Qozog‘iston Respublikasi Mehnat kodeksi 171-178-moddalari, Rossiya Federatsiyasi Mehnat kodeksi 409-418-moddalari) ish tashlash huquqi, ish tashlashni e'lon qilish tartibi, ish tashlash davrida xodimlarga berilgan kafolatlar mustahkamlab qo‘yilgan.
Chunki ish tashlash murakkab jarayon bo‘lib, uning o‘ziga xos tartib-qoidalari mavjud. Buni Qozog‘iston Respublikasi Mehnat kodeksi misolida tushuntirishga harakat qilamiz. Unga ko‘ra, ish tashlashgacha bir qator protseduralar amalga oshirilishi lozim. Ya'ni birdaniga ish tashlash amalga oshirilmaydi. Xodimlar, agar yarashtirish tartibida jamoaviy mehnat nizosini hal qilishning imkoni bo‘lmagan taqdirda, shuningdek, ish beruvchi yarashtirish tartib-qoidalarini bajarishdan bosh tortgan yoki jamoaviy mehnat nizosini hal qilish jarayonida erishilgan kelishuvga rioya qilmagan taqdirdagina ish tashlash o‘tkazishga qaror qilishlari mumkin.
Ish tashlashni o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror xodimlarning (ularning vakillarining) yig‘ilishida (konferensiyasida) qabul qilinadi.
Agar xodimlarning yig‘ilishi tashkilot xodimlari umumiy sonining yarmidan ko‘pi ishtirok etgan bo‘lsa, vakolatli hisoblanadi.
Xodimlarning konferensiyasi xodimlar tomonidan saylangan delegatlarning kamida uchdan ikki qismi ishtirok etgan bo‘lsa, vakolatli hisoblanadi.
Xodimlarning yig‘ilishi qarorlari qatnashchilarning ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Agar xodimlar yig‘ilishini o‘tkazishning iloji bo‘lmasa, xodimlarning vakillik organi o‘z qarorini xodimlarning yarmidan ko‘pidan ish tashlashni qo‘llab-quvvatlash uchun imzo to‘plash orqali tasdiqlash huquqiga ega.
Ish tashlashga xodimlar vakolat bergan organ (ish tashlash qo‘mitasi) rahbarlik qiladi. Bir xil talablarga ega bo‘lgan bir nechta ish beruvchilarning xodimlari ish tashlashganda, unga ushbu xodimlarning teng sonli vakillaridan tashkil topgan qo‘shma organ rahbarlik qilishi mumkin.
Ish beruvchi (ularning vakillari) xodimlar vakillik organi tomonidan ish tashlashning boshlanishi va uning davomiyligi to‘g‘risida ish tashlash e'lon qilinadigan kundan besh ish kunidan kechiktirmay yozma ravishda xabardor qilinishi kerak (Qozog‘iston Respublikasi Mehnat kodeksi
171-172-moddalari).
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, agar ish tashlash huquqi mehnat qonunchiligimizda mustahkamlansa ham xodim, ham ish beruvchi uchun manfaatli bo‘lar edi. Mehnat kodeksida ish tashlash, taqiqlangan ish tashlash tushunchasi, ish tashlash davrida taraflarning huquq va majburiyatlari, ish tashlashni e'lon qilish tartibining belgilab qo‘yilishi turli g‘ayriqonuniy holatlarning oldini olgan bo‘lar edi.
Karimjonov Muhammadamin
Toshkent davlat yuridik universiteti
Mehnat huquqi kafedrasi o‘qituvchisi
PS: tahririyat fikri muallifnikidan farq qilishi mumkin