To‘ylar o‘tkazilishini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi targ‘ibot ishlarini boshlaydi

O‘zbekiston 18:52 / 20.09.2019 17005

Bugun, 20 sentabr kuni, Oliy Majlis Senatida To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar o‘tkazilishini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasining birinchi majlisi o‘tkazildi. 

Unda Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi Kengashlarining «To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarorining ijrosini ta'minlash yuzasidan hududlarda olib boriladigan targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish masalasi yuzasidan muhokama tashkil etildi. 

Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ro‘zi Saidovning ta'kidlashicha, har bir hududga turli sohada faoliyat yuritayotgan komissiyalar biriktirilib, a'zolar kelasi haftadan birinchi targ‘ibot ishlarini boshlab yuboradilar.  

Ro‘zi Saidov

«Birinchi navbatda ushbu qarorning va u bilan tasdiqlangan nizomning mazmun-mohiyatini odamlarga tushuntirish ishlari olib borilishi zarur. 

Bu borada komissiya a'zolari bilan birgalikda Adliya vazirligi xodimlari ham targ‘ibotlarda ishtirok etishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Shunda aholi tomonidan beriladigan turli savollarga, aytaylik, belgilangan me'yordan oshish holatlari aks etgan holatlardagi javobgarlik haqidagi so‘roqlarga to‘g‘ri javob berish imkoni bo‘ladi», - deya ma'lumot berdi Ro‘zi Saidov. 

Shuningdek, yig‘ilishda komissiya faoliyati davomida hududiy o‘ziga xosliklarni hisobga olishi zarurligi ham alohida ta'kidlab o‘tildi. 

Ma'lumot uchun: «To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qaror 2020 yilning 1 yanvaridan kuchga kiradi.

Ko‘proq yangiliklar: